Epilog
“Otang kim?” — deb so‘rashsa,
“Shamoldan bo‘ldim”, der emish. “Onang
kim?” — deb so‘rashsa,
“Tumandan bo‘ldim”, der emish.
Qirg‘iz xalq qo‘shig‘idan.
Oхirzamon nishonalari (roman). Chingiz Aytmatov
Kutubxonachi.uz
102
“Vaqtimning kuyib kulga aylanishiga sanoqli onlar qoldi. Shu bois vidolashuv maktubimni
kompyuterda terishga oshiqyapman. Nihoyat, yana g‘aroyib hodisaning guvohi bo‘ldim: Yerda tag‘in
yangi kun tug‘ilishi uchun yorug‘ kunni tun zulmati yamlab yutayotir. Mana sizga mangulikning zohiriy
oqimi, mana sizga vaqtning ayoniy poyonsizligi. Biroq orbitadan kuzatayotgan shaxsning qismati bitdi.
Koinot miqyosida inson umri pashshaning umriday gap. Biroq insonga tafakkur ato qilingan, shu
narsa uning umrini uzaytiradi. Lekin aksi ham bo‘ladi — keskin qisqartiradi ham. Kun bilan tunning
almashinishi sirini necha martalab beixtiyor kuzatganman, o‘shanda o‘zimga oxirgi nuqtani o‘zim
qo‘yaman deb sirayam o‘ylamagan edim. Endi mening kunim bitdi, gunohkor hayotimning oxirgi kuni,
mening uchun qiyomat kuni yetdi. Har qanday kishining hayoti bilan bog‘liq barcha narsalari kabi,
mening qiyomat kunim ham o‘zim bilan birga ketadi. Men qiyomat kunimni o‘zim belgiladim, ayanchli
imtiyozim ham, inqirozim ham shunda.
Mana shu satrlarni bitib bo‘lgach, nasib qilsa, kosmik matbuot konferentsiyasida so‘zga
chiqmoqchiman. Shundan so‘ng hayot bilan vidolashib o‘z jonimga qasd qilaman. Mening o‘zimga
chiqargan hukmim shundoq. Men turmushning qonun-qoidalarini buzdim. Men millionlar nafratiga
yo‘liqdim. Robert Borkning o‘limiga men aybdorman. Men boshi berk ko‘chaga kirib qolganman. Men
daf bo‘lishim, hayotdan ko‘z yumishim lozim. Boshqa yo‘l yo‘q.
O’lim oldidan nafas olib to‘ymaysan deyishadi. Lekin men pirovardida hamma gapni ochiq aytib
olmoqchiman. Yerdagi la’nati hayotning, joningga tegib bo‘lgan bu dunyoning sendan keyin qanday
bo‘lishining nima ahamiyati bor? Senga bari bir emasmi? To‘ng‘iz qo‘pmaydimi? Biroq o‘z qo‘lim bilan
hozirlagan ajalim oldidan meni vahima bosmoqda — odamlar nima bo‘ladi, Kassandra tamg‘asi
hodisasini ertangi kun kishilarining aql-idroki, qalbi qanday qabul qiladi? Nima bo‘lganda ham,
la’natlangan haqiqat haqiqat bo‘la olmaydi. Bugun inkor etilgan muammo ertaga yana paydo bo‘ladi,
bunday qutilish hecham mumkin emas.
Mening kun-soatim bitdi. Bundan tonib bo‘lmaydi. Orqaga yo‘l yo‘q. Odamlar, men sizlarga
tavbatazarrumni qoldirayotirman. Bundan siz keyinchalik o‘zini samoviy rohib deb e’lon qilgan
kaminaning kim ekanini, nasl-nasabimni, umrimni qanday o‘tkazganimni, nima ishlar qilganimni
mash’um kashfiyotim — Kassandra tamg‘asining sir-asrorini qanday bilib olganimni tushunib yetasiz...
Vidolashar ekanman, yana ikki og‘iz so‘zim bor. Kosmosdaligimda mening ongimda mislsiz
kechinmalar, xayol-fikrlar jo‘sh urdi. Nima uchun shunday bo‘ldi — bilmayman sababini. Har safar
kosmosdan bulutlar pardasi orqali yerga boqar ekanman, tahsinlar o‘qiyman: yo Rabbim, qanday buyuk
bir samoviy xilqat Yer o‘zi. Quyosh ham insoniyat maskani bo‘lmish Yer uchun yaratilgan bo‘lsa ajab
emas, yo‘qsa bularning hammasi na kerak? Dunyo inson uchun kerak — odam uning asl mohiyatini
tushunib olish uchun yaratilgan, shu bois ham dunyo turibdi. Bo‘lmasa butun boshli galaktikasi nimaga
kerak, aks holda na mazmuni bor, na mundarijasi bor dunyosining? Xudo haqida ham shunday deyish
mumkin! U odam uchun zarur, shuning uchun ham u Xudo, shuning uchun ham u barhaq! Lekin inson
shu koinotga, dunyoviy qonunlarga munosibmikin? Ana shu ulkan ochunga arzirmikin? Olamning
jumbog‘i ana shunda!
Bas, kunpayakun bo‘lish fursati yetdi. Sanoqli daqiqalar qoldi. Ko‘p o‘tmasdan o‘zimni uloqtirib
tashlayman, stantsiyadan ochiq fazoga sakrayman. Yerdan uzoqda. Benihoya uzoqda. Va butunlay gum
bo‘laman.
Meni afv etinglar.
Filofey”.
Filofeyning xati va uning Tavba-tazarrusining ruscha matni orbital stantsiyaga astronavtlar kelishi
bilanoq kosmik rohibning xonaqosidan Yerga jo‘natildi. Kosmik kema qo‘mondonining shoshilinch
xabarnomasida aytilishicha: shaxsiy kompyuterning xotirasida Filofeyning vasiyati saqlangan, bu
vasiyatda samoviy rohib kosmik stantsiyaning bo‘lajak xodimlariga murojaat etib, kompyuter xotirasida
Oхirzamon nishonalari (roman). Chingiz Aytmatov
Do'stlaringiz bilan baham: |