I bob.
BASTAKORLIK IJODI TARIXI
1.1.
ILK O‘RTA ASRLAR BASTAKORLIGI
O‘zbek xalq musiqa merosi boy va uzoq o‘tmishga ega. Uning
ildizlari ming yillik tarixga egaligi manbalarda zikr etib kelinadi.
O‘zbek bastakorlik ijodiyotini ilmiy tadqiq etgan musiqashunos olim
T.B. G‘ofurbekovning yozishicha: «Milliy bastakorlik san’ati – yillar
va asrlargina emas, balki ming yilliklar davomida barcha sinovlarga
bardosh berib, usluban sanog‘i yo‘q musiqiy bitiklar tevaragida
o‘z an’analarini yo‘qotmay kelmoqda»
1
. Albatta, bastakorlik
ijodiyotining ilk qadamlari uzoq o‘tmishga borib taqaladi. Bu
aslida muqarrar jarayon. Chunki har qanday ijod mahsuli insoniyat
tafakkurining mevasi hisoblanadi. Oddiy xalq musiqa namunalari
ham sodda bo‘lsa-da, insoniyatning yaratuvchanlik harakatlarining
mevasidir. Lekin, ijodning mumtozlik, ya’ni kasbiylikka xos
bo‘lgan namunalari aynan bastakorlik an’analariga xos deb e’tirof
etib kelinadi.
Ma’lumki, bastakorlik sohasi ijrochilik an’analarining pirovardi
sifatida yuzaga kelgan. Ijrochilik an’analarini mukammal
o‘zlashtirgan, musiqa merosini idroklagan va merosga nisbatan
ijodiy munosabatda bo‘lish iste’dodi bo‘lgan yetuk xonanda va
sozandalarning amaliyotida qaror topgan. Bastakorlik amaliyotining
o‘zi bir qator tabiiy, hayotiy va ijodiy qoidalarga asoslanib
shakllangandir. Ushbu qoidalar, avvalo, milliy qadriyatga, makon
va zamonga, shakl-ushamoyilga, xarakterga va qolaversa, bir qator
musiqiy unsurlarni o‘zida mujassam etishi bilan xarakterlanadi.
Chunki musiqa nazariyasi bilan bog‘liq jihatlar, yaratilgan har qanday
bastakorlik asarlarini shakliy, lad-tonallik, o‘lchov-ritmik, mavzuiy,
ohang rivoji, funksionallik kabi xususiyatlari asar tarkibini tashkil
1
T. G‘ofurbekov. Bastakorlik ijodiyoti tarixidan. //Saylanma. – T.,
2009. 9-b.
9
etuvchi unsurlar bilan bog‘liqdir. Bu unsurlar musiqa asarining
asosiy negizini ta’minlab beradi.
Musiqa san’atining kasbiylik an’analarida yuzaga kelgan mumtoz
namunalar, xalq marosimlari jarayonida yaratilib kelingan kuy va
qo‘shiqlar o‘ziga xos an’analar asosida zamonlar osha yashab,
rivojlanib kelmoqda. Odatda, bastakorlik ijodiyoti bir-biridan kelib
chiqqan ikki qatlamga bo‘linadi. Birinchi qatlam – xalq musiqa
ijodiyoti, ya’ni xalq tomonidan yaratilib kelingan folklor musiqasi.
Ikkinchisi – musiqa ijrochiligi amaliyoti; meros bo‘yicha muayyan
bilimga ega bo‘lgan shaxs, ya’ni bastakorlar ijodiyoti natijasida
yaratilgan mumtoz musiqiy asarlaridir. Bastakorlik ijodiyotining eng
yirik va mukammal shakli maqomot tizimiga kiruvchi asarlardir.
Bastakorlik amaliyotida shakllanib maqomot shakligacha rivojlangan
janrlar, manbalarda amal, qavl, parda, nag‘ma, ovoz, naqsh, peshrav,
savt, chorzarb, kor, tarona kabi iboralarda tasvirlanib kelingan. Ushbu
iboralarning amaliyoti va ijodiyoti xususida, tarixda bitilgan musiqiy
risolalar, turli ilmiy va badiiy adabiyotlarda aks ettirilganligini qayd
etish lozimdir.
Bastakorlik ijodi va umuman, musiqa san’atining turli yo‘nalishlari
bilan bog‘liq masalalar, IX–XVII asrlarda yashab ijod etgan Al-
Kindiy, Abu Abdulloh Al-Xorazmiy, Abu Nasr Forobiy, Abu Ali ibn
Sino, Safiuddin Urmaviy, Abdulqodir Marog‘iy, Abdurahmon Jomiy,
Zaynulobiddin Husayniy, Najmiddin Kavkabiy, Darvish ali Changiy
kabi allomalarning musiqa ilmiga bag‘ishlangan risolalarida musiqa
zamonasi kesimida bayon etilgan. Risolalarda qayd etilishicha,
musiqaning nazariyasi va amaliyoti azaldan o‘zaro bog‘liq holda
shakllanib kelgan.
Markaziy Osiyo hududida VI asrning ikkinchi yarmi va VII
asrning boshlarida yashagan afsonaviy sozanda, xonanda va
bastakor Borbad Marvaziyning ijodiy ijrochilik merosi kasbiy
musiqa ijodiyotining ilk qadamlari deb e’tirof etiladi. Manbalarda
bastakorlik ijodiyoti, ajam xalqlarining keyingi tarixiy rivoji yo‘lida
10
o‘ziga tasnif etilganligining guvohi bo‘lamiz. Bu jarayonni Abul
Faraj al-Isfahoniy o‘zining «Qo‘shiqlar kitobi» asarida muxtasar
qiladi va VII–IX asrlarda yaratilgan 1000 ga yaqin qo‘shiqlar haqida
ma’lumotlar bayon etadi.
Bastakorlik ijodiyotining tadrijiy jarayonida «Ilk o‘rta asrlar
bastakorligi», «Borbad ijodi», «Abul Faraj al-Isfahoniy ijodi va
xususan, uning «Qo‘shiqlar kitobi» alohida ahamiyatga egaligi
fanda e’tirof etiladi. Shu bois bu mavzularni alohida o‘rganish va
o‘zlashtirish maqsadga muvofiqdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |