Alkimyogar
(
R O M A N
)
Paulo Koelo
library.ziyonet.uz/
Fotima esa iztirob chekadi, chunki oʻzi tufayli sening izlanishlaring barbod boʻlganini
tushunib yetadi. Biroq sen Fotimani hanuz sevasan, u ham seni yaxshi koʻradi. Biror
marta ham u seni qolishga undamaganini bot-bot eslaysan, chunki sahro ayollari erlari
qaytib kelguncha kuta olishadi. Va sen Fotimadan biror-bir ayb topa olmaysan, biroq
koʻp oqshomlarni birvarakayiga sahro va xurmozorlarni kezib oʻtkazasan, Fotimaga
boʻlgan muhabbatimga chin dildan ishonmaganimda bu yerdan joʻnab ketardim, deb
oʻylaysan. Aslida seni vohada qoʻrquv ushlab turibdi — bu makonga boshqa qaytib
kelolmayman, deb qoʻrqasan. Ana shunda belgilar xazinadan umrbod mahrum
boʻlganingni senga aytadi.
Toʻrtinchi yilga kelib belgilar yoʻqoladi, chunki sen ularni ilgʻashni xohlamaysan. Buni
payqagan oqsoqol sening xizmatingdan voz kechadi, biroq bungacha sen boy-badavlat
savdogarga aylanasan, koʻp doʻkonlaring va suruv-suruv toylaring boʻladi. Va
umringning oxirigacha, Oʻz Yoʻlingdan yurmaganingni bila turib, xurmozorlaru sahroni
kezasan, oxir-oqibat endi kech boʻlganini tushunib yetasan.
Shunday qilib, sevgi insonning Oʻz Taqdiri yoʻlidan borishga hech qachon xalal
bermasligini sen hech qachon anglab yetmaysan. Agar shunday boʻlsa, demak, bunday
sevgi chin emas, haqiqiy emas, deyiladi Umum Tilida, — deya soʻzini yakunladi
Alkimyogar.
U qumga chizgan doirani buzdi va kobra sudralib, toshlar orasida koʻzdan gʻoyib boʻldi.
Santyago bir umr Makkaga ziyoratni orzu qilgan billur sotuvchi savdogarni,
Alkimyogarni qidirgan angliyalikni esladi. Bir kun kelib sahro oʻzi suyishni istagan
yigitni yetkazishiga ishongan ayolni ham esladi.
Ular otlarga minishdi. Bu safar Alkimyogar oldga tushdi. Shamol vohadagi odamlarning
ovozini olib keldi va boʻzbola bu tovushlar orasida Fotimaning ovozini tanishga urindi.
Jang bois u keyingi kunlar quduq oldida qizni uchratmagan edi.
Biroq bugun oqshom u qumga chizilgan doiradan chiqib ketolmagan kobrani kuzatdi,
kiftida qirgʻiy bilan yurgan sirli suvorining gaplarini tingladi, suvori unga sevgi va
xazinalar haqida, sahro ayollari va Oʻz Taqdiri haqida gapirdi.
— Men sen bilan birga ketaman, — dedi Santyago va shu lahzada ruhi xotirjam
boʻlganini his etdi.
— Biz ertaga yoʻlga chiqamiz, bundan-da qorongʻuroq pallada, — qisqa javob qildi
Alkimyogar.
Tun boʻyi u koʻzlarini yummadi. Quyosh chiqishiga ikki soatlar qolganda oʻzi bilan bir
chodirda yotgan bolalardan bittasini uygʻotdi va Fotima qaerda yashayotganini soʻradi.
Ular tashqariga birga chiqishdi va Santyago unga minnatdor boʻlganidan qoʻy sotib olishi
uchun pul berdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |