www.ziyouz.com
kutubxonasi
33
O’sha kontsertda shunday o‘xshash qiyofalarni kashf qildim. Keyin men adashimdan ko‘zimni
uzganim yo‘q. Qo‘shiq aytayotganda, yuzining qanday cho‘zilishi, avjini olayotganda og‘zining
qanchalar ochilishini kuzatib o‘tirdim. O’zimni uning o‘rniga qo‘yib ko‘rdim. Go‘yo, u mening aksim
edi. Shu yo‘sin men ham qo‘shiq aytishda ishtirok etardim. Vujudim qo‘shiqqa aylanib ketganday edi.
Xor bilan bir jonu bir tan bo‘ldim. Ko‘ksimda ajib birodarlik tuyg‘ulari jo‘sh urar, yig‘lagim kelar,
uzoq ayriliqdan so‘ng o‘z og‘alarim bilan uchrashganday, shu mardona, tanti kishilarni bag‘rimga
bosganday, qandaydir ulug‘vorlik, yakdillik his qilar, bizning ovozlarimiz esa ko‘k toqlariga o‘rlar,
oyog‘imiz esa zaminda mustahkam turardi. Biz shunday qo‘shiq aytaveramiz, xohlagancha
aytaveramiz va uzoq zamonlar aytamiz...
Ular shunday kuylashar va men ham ular bilan birga edim. Men ko‘pincha eski gruzin ko‘shiqlarini
eshitganda, o‘zimni shunday yo‘qotib qo‘yaman. Buni tushuntirib berishim qiyin. Lekin har qalay
uchta oddiy gruzin yig‘ilib qo‘shiq ayta boshlasa, diling yayrab ketadi. O’z uyg‘unligi bilan g‘oyatda
sodda va noyob san’atning baland parvozini ko‘rasan, ruhing ham qanotlanib uchadi. Bu ularga
tabiatning e’zoz tuhfasi, madaniyat darajasi, balki Xudoning to‘ppa-to‘g‘ri lutfi karamidir. Ularning
nima haqda kuylayotganlarini tushunmayman. Lekin menga ular bilan birga qo‘shilib aytayotganim
muhimroq.
Shuni o‘ylarkanman, qo‘shiq eshitib o‘tirib, birdan hayolim charaqlab ochilib ketganday tuyuldi.
«Oltovlon va yettinchi» degan gruzin hikoyasini o‘qiganimni esladim. Birdan shu hikoyaning ma’nosi
menga yarq etib ayon bo‘ldi. Bunday hikoyalar vaqtli matbuotda oz emas. Hikoyaning unchalar ajralib
turgan xususiyati ham yo‘qday edi. Unda psixologizmdan ko‘ra ko‘proq fabula ko‘zga tashlanar,
yo‘nalishi romantikroq edi. Ammo, hikoyaning nima bilan tugaganligini kattiq eslab qolgan, u xuddi
zirapchadek menga tinchlik bermasdi.
Hikoya, to‘g‘rirog‘i, «Oltovlon va yettinchi» deb atalgan balladaning (hali uncha tanilmagan
muallifning qiyin nomini eslay olmayman) mazmuni ham o‘ziga yarasharoq edi. Revolyutsiya alanga
olgan, qonli grajdanlar urushi ketyapti, inqilob dushman to‘dalari bilan oxirgi janglarga kirgan,
Gruziyaning tarixiy yo‘li muqarrar — sovet hokimiyati g‘alaba qozonib, eng ovloq tog‘ qishloqlaridan
ham qurollangan aksilinqilobchilarning qolgan-qutgan to‘dalari siqib chiqarilayotgan paytlar. Bunday
sharoitda asosiy qonun bitta — agar dushman taslim bo‘lmasa, uni yanchib tashlaydilar. Ammo
shafqatsizlikka javoban shafqatsizlik yuzaga chiqadi — bu ham qadimdan qolgan qonun. Ayniqsa,
jo‘mard Guram Jo‘xadze deganning to‘dasi tish-tirnog‘igacha qarshilik ko‘rsatadi. Guram Jo‘xadze
o‘zi asli yilqiboqar, tevarak-atrofdagi tog‘larni besh qo‘lday biladi. Uni ushlash qiyin, kutilmagan
yerlardan kelib bosqin yasaydi, qiron soladi. Sinfiy kurash ichida oyog‘i chalkashib qolgan. Lekin
uning xam kuni bitgan. Keyingi vaqtlarda ust-ustiga tepki yeyapti. Guramning to‘dasiga bir chekist
kirib olgan. V jonini ming xatarga qo‘yib Guram Jo‘xadzening ishonchini qozongan, to‘dadagi eng
abjir yigitlardan biriga aylangan. Omonsiz janglardan birida Jo‘xadze to‘dasi ko‘p talafot ko‘radi,
chekinishga majbur bo‘ladi. Shunda Jo‘xadze chekistning ustalik bilan qo‘ygan tuzog‘iga tushadi.
Guram Jo‘xadze daryodan kechib o‘tayotgan mahalda pistirmaga duch keladi. Yigitlar shitob bilan
qochib daryo qirg‘og‘iga yetib kelganlar. Ular bir dam ham paysallanmay otlarni daryoga soladilar.
Chekist mingan otning esa ayili bo‘shab ketadi. U butalar panasida otdan tushadi. Jo‘xadzening
yigitlari ko‘pirgan otlarda pishqirib oqayotgan tog‘ daryosining beliga yetadilar. Daryo o‘rtasi to‘rt
tomondan kaftday ochiq. Shunda har ikkala qirg‘oqqa yashirincha o‘rnatilgan ikki katta pulemyot
yigitlarni barobar o‘qqa tutadi. Omonlik yo‘q. Yigitlar tog‘ daryosining o‘rtasida tutday to‘kiladilar.
Lekin Guram Jo‘xadzening vaqti soati bitmagan ekan! — u do‘lday yog‘ilgan o‘q ostidan omon-eson
qutulib chiqadi. Otini shitob bilan orqaga qayiradi. O’zini daryo yoqalab o‘sgan qalin butazorlarga
uradi va zum o‘tmay ko‘zdan g‘oyib bo‘ladi. Bir nechta tirik qolgan sodiq yigitlari unga ergashadilar.
Mo‘ljaldagi ish to‘la amalga oshmay ko‘r boshlig‘i qochib borayotganligini ko‘rgan chekist darhol
yana ularga qo‘shiladi.
Daryodagi qirg‘inda Jo‘xadze qo‘ri tamomila tor-mor keltirilgan, qirib tashlangan edi.
Chingiz Aytmatov. Qiyomat (roman)
Do'stlaringiz bilan baham: |