16-§. Hozirgi yozuv va uni ifoda etuvchi vositalar
1996-yildan boshlab lotin alifbosi asosidagi o‘zbek yozuvi joriy etildi. Bu
alifboda 29 ta shakl bo‘lib, ular 30 ta tovushni ifodalash uchun xizmat qiladi.
Hozirgi o‘zbek yozuvidagi undosh harflar bir tovushni ifoda etadi. (Jj harfi bundan
mustasno). Ikkita tovushni ifodalash uchun Jj ishlatiladi: 1) qorishiq, portlovchi j
(d+j) tovushini (jo‘ja, jayron, avj kabi) va 2) sirg‘aluvchi j tovushini (jurnal,
jirafa) bildiradi.
Mazkur yozuvda uchta harf birikmasi mavjud: ng, sh, ch. Ular so‘z tarkibida
ajratilmaydi va bo‘linmas bir tovushni ifoda etadi: ng sayoz til orqa, portlovchi-
sirg‘aluvchi, sonor undosh tovushini (tong, ohang, chang. manglay), ch til oldi,
qorishiq portlovchi, jarangsiz undosh tovushni (charos, tinch, sinch, choynak), sh
til oldi, sirg‘aluvchi, jarangsiz undoshni (shabada, shar, shahar,toshqin, bosh)
ifodalaydi.
Tovushlar ikki turga bo‘linadi: 1) unli tovushlar, 2) undosh tovushlar. Ular
unli va undosh harflar bilan belgilanadi. Hozirgi o‘zbek alifbosida 6 unli tovush va
6 ta unli harf bor (a, o, u, i, o’, e). 24 ta undosh tovush 23 ta undosh harf bilan
belgilab ko‘rsatiladi (b, d, f, g, h, j, k, l, m, n, p, r, s, t, v, x, y, z, sh, ch, ng). Har bir
harfning bosh va kichik, bosma va yozma shakllari bor.
Harflarning alfavit taritibini bilish muhim amaliy ahamiyatga ega. Chunki
turli lug‘atlar, davlat idora organlarida, arxivlarda saqlanadigan hujjatlar, ro‘yxatlar
alfavit tartibida tuziladi.
Yozuvda harflar bilan birga tinish belgilar: (.) (,) (?) (!) (:) (;) (…) («») (-) (’)
ham qo‘llanadi. Urg‘u (’) belgisi so‘z bo‘g‘inlaridan birining boshqalariga nisbatan
kuchliroq talaffuz qilish uchun unli harf ustiga qo‘yiladi. Yozuvda harflar bilan
birga tinish belgilarning ham roli katta. Tinish belgilari yordamida fikr yozuvda
aniq, ravshan va tushunarli qilib beriladi. Og‘zaki nutqning fikrini to‘liq ifodalash
uchun xizmat qiladigan ohang va pauzalari yozuvda tinish belgilari orqali ifoda
etiladi.
Tutuq belgisi (’) ham grafik vositalardan biri sifatida quyidagi vazifalarni
bajaradi: 1) so‘zda unli tovushdan keyin kelib, uning cho‘ziq aytilishini (a’lo,
e’tibor, iste’mol); 2) so‘zda undoshdan keyin kelib, oldingi bo‘g‘in bilan keyingi
bo‘g‘inning ajratib aytilishini bildiradi; 3) so‘z ma’nolarini farqlab beradi (ta’na –
malomat, tana – organism); 4) s va h tovushlarini sh tovushidan farqlaydi: Is’hoq.
Do'stlaringiz bilan baham: |