Ijod va o’yin umumiy psixologik mexanizmga ega bo’lsa-da, lekin
ularning ijtimoiy tabiati har xildir.
Ijodning o’yindan muhim farqi shundaki, u
ijtimoiy ahamiyatga molik mahsulot yaratishni nazarda tutadi, bu esa insondan
fidokorona mehnat qilishni taqozo etadi. Sirtdan biron-bir tazyiq insonni ijodiy
mehnat qilishga majburlay olmaydi. Faqat o’yin jihati, amaliy natijadan qat’iy
nazar faoliyatning o’zidan lazzat olish omili sifatida, shaxs o’z qobiliyatlarini to’la
ro’yobga chiqarishiga zamin yaratadi. Maqsadga muvofiq va o’ziga to’q, amalda
foydali va noamaliy mehnat va o’yinning inson faoliyatida namoyon bo’lish
darajasi individualdir. Ijodiy faoliyatning har bir natijasi umuminsoniy
madaniyatga qo’shiladigan hissa sifatida betakrordir.
Ijodiy faoliyat obyektiv va shaxsiy ahamiyatining mos kelishigina mazkur
faoliyat natijalarining umuminsoniy va davomli ahamiyatini belgilaydi. Haqiqiy
ijod shaxs ijtimoiyligining, u ijtimoiy rivojlanish ehtiyojlariga qaratilganining oliy
tajassumi hisoblanadi. Ijodkor o’z ijodida o’z shaxsidan, o’zidan uzoqlashadi. Ijod
shaxsiy xususiyat kasb etadi. Ijod hamisha o’zini qurbon keltirishni nazarda tutadi.
Ijod doimo o’z imkoniyatlari doirasidan, o’zining tor shaxsiy borlig’i chegarasidan
chetga chiqishdir. Ijodkor panoh topish haqida o’ylamaydi, uni faqat oliy insoniy
qadriyatlar o’ziga tortadi.
Shunday qilib, ijod – bu nafaqat madaniyat predmetlarini yaratish, balki har
qanday inson hayotini tashkillashtirish hamdir. Hamonki ijodni oqilona
tushuntirishda qiyinchiliklar yuzaga kelar, uni oqilona qayd etilgan qoidalarning
muayyan to’plami sifatida tavsiflash mumkin emas ekan, inson ijodda yangilikni
yaratish omili sanalgan o’z individualligiga tayanishi lozim. Shu bois o’zlikni
saqlash, o’z imkoniyatlarini ro’yobga chiqarish har bir insonning vazifasi va
burchidir. Ijod insonni o’z-o’zini bilishga da’vat etadi. Bu jarayon muqarrar tarzda
o’zini o’zi kamolotga yetkazish, o’zini ijodkor sifatida namoyon etish bilan
yakunlanadi. Lekin ayni vaqtda inson o’zligini saqlab, so’zning eng yuksak
ma’nosidagi umuminsoniy qadriyatlarga o’zining daxldorligini namoyish etishi
lozim. Ijod insonni o’ziga to’la jalb qiladi, uning bor kuchini sug’urib oladi va
ularni inson hayotining mazmuniga aylangan ishga bag’ishlashga da’vat etadi.
Inson o’z imkoniyatlari darajasidan ortiq bo’lgan dunyo qarshisida doimo ochiqdir.
Bu esa dunyo bilan o’zaro aloqa qilishning yangi usullarini kashf etish uchun
cheksiz imkoniyatlar yaratadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |