www.ziyouz.com kutubxonasi
23
o‘xshardi.
U yozuvga berilib ketib, ko‘shk oldigacha chopib kelgan otning dupurini eshitmadi.
Birdan jimjit ko‘shkning allaqaysi xonasida ayol kishining o‘rtanib yig‘lagani eshitildi.
Bobur cho‘chib boshini ko‘tardi. Yig‘i tovushi Eson Davlat begimning xonalari tomondan
kelmoqda edi. Bobur o‘rnidan sakrab turdi, takror eshitilgan alamli yig‘idan eti junjikib,
buvisining xonasiga qarab yugurdi.
Eshik lang ochiq. Eson Davlat begimning ro‘moli boshidan tushib ketgan. U qizi Qutlug‘
Nigor xonim yuborgan xatni ochib o‘qimoqchi bo‘ladi, ammo yoshli ko‘zlari hech narsani
ko‘rmaydi.
Axsidan o‘lim xabarini olib kelgan Qosimbek devorga yelkasi bilan majolsiz suyanib,
oyoqlarida zo‘rg‘a turibdi. U sakson chaqirimlik yo‘lni otda dam olmay bosib o‘tgan va
kipriklarigacha changga botgan edi.
Hozirgina gulday nafis tuyg‘ular ichida yurgan Boburga o‘lim xabari shu gul orasidan
chiqqan ilon bo‘lib tuyuldi. U Qosimbekdan seskanganday rangi o‘chib, birdan orqaga
tisarildi. Qosimbek esa unga intildi. Bobur qarshisida tiz cho‘kib, bo‘g‘iq va iltimoskorona
ovoz bilan gapira boshladi:
— Mirzom!.. Tangri sizga quvvat bersin! Endi bizning pushti-panohimiz o‘zingizsiz! Ikki
tarafimizni yog‘iy bosgan. Volidangiz tayinlab yubordilar. Darhol Andijon qo‘rg‘oniga
borib, beklarni to‘plamoq kerak!
Eson Davlat begim qayg‘uga berilib, yig‘lab o‘tiradigan payt emasligini endi sezdi.
Qosimbekni oyoqqa turg‘izdi-da:
— Sadoqatingizdan minnatdormiz, — dedi. — Siz Bobur mirzo bilan birga otlaning! Biz
ham endi chorbog‘dan qo‘rg‘onga ko‘chamiz.
Mudhish xabar Boburni jimjit qilib qo‘ydi. U karaxt bir ahvolda kiyindi, otiga mindi. Shu
payt uning ko‘ziga yashnab turgan daraxtlar, suvi to‘la marmar hovuz allanechuk
mung‘ayib turganday ko‘rindi. Bularning hammasini otasi bino qilgan edi. Endi u odam
bu joylarga hech qachon kelmaydi. Ana u nashvatilarning ko‘chatini Umarshayx
mirzoning o‘zi o‘tqazdirgan edi. Hozir shular meva solgan, hademay pishadi. Ammo
ularni ektirgan odam endi hech vaqt bu mevalardan tatib ko‘rolmaydi.
Chorbog‘dan chiqib, tosh yo‘ldan borayotganlarida Bobur yana otasini esladi. Bu yo‘lga
otasi to‘shatgan toshlar ham turibdi. Uzoqda ko‘ringan baland qo‘rg‘onni ham otasi
qurdirgan edi. Hammasi butun, hammasi bor. Faqat uning o‘zi yo‘q. Bobur endi otasini
umrbod ko‘rolmasligini butun vujudi bilan his qildi-yu, achchiq judolik tuyg‘usi birdan
uning borlig‘ini to‘ldirib, ko‘zlaridan yoqasiga yosh bo‘lib tomdi.
Oldinda suv to‘ldirilgan choh va o‘n bir paxsalik baland devor bilan o‘ralgan Andijon
qo‘rg‘oni ko‘rindi. Ular Mirzo darvozasiga yaqinlashganlarida ichkaridan besh-olti kishi ot
choptirib chiqdi. Oldinda saman ot minib kelayotgan qisiq ko‘zli mo‘g‘ultaxlit bek — Bo-
burning onasiga qarindoshchiligi bo‘lgan Sherim tog‘oyi edi. U Boburning yuzida og‘ir
musibat alomatini ko‘rdi-yu, otdan sakrab tushdi, ko‘ziga yosh kelmasa ham ho‘ngrab:
— Men ishonmagan edim, amirzodam! — dedi. — Pushti-panohimizdan ayrilganimiz
rostmi? Oh, bevafo dunyo!
— Kimdan eshitdingiz? — so‘radi Qosimbek. — Bu xabar hozircha sir tutilmog‘i kerak
edi!
Sherimbek yoqasini ushlab:
— Tangrining qudratini qarangki, — dedi, — bir aloqachi kabutarim osmonda uchib yurib
birdan yo‘q bo‘lib qoldi. «Kim uni tushirib oldi?» — deb tom ustiga chiqdim. Anchadan
keyin kabutar oldimga kelib qo‘ndi. Qanotining tagida bir qog‘oz ko‘rindi. Olib qarasam
— mana shu qayg‘uli xabar! Kim yozgan? Osmonda farishtalar yozib yubordimi,
bilmadim!
Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |