www.ziyouz.com kutubxonasi
134
Yaxshi bir me’mor — hunarsiz asilzodaning yuztasidan afzal emasmi?
— Begim, siz Tanbalning yog‘iyligi uchun xijolat chekmang. Ilon baribir ilonligini qilur
edi.
— Minnatdormen, amirzodam.
— Hazrati Alisherbek ham bizdan ulug‘ ishlar kutib kitobat yubormishlar. Nasib qilsa, biz
ham umrboqiy obidalar qururmiz, hunarpeshalar yana yig‘ilib kelurlar. Men bu muborak
kitobatning javobini maxsus elchidan berib yuborurmen. Agar Hirotga borgan o‘sha
andijonlik me’mor — mavlono Fazliddin bo‘lsalar, elchi topib, Samarqandga taklif qilur.
Xonzoda begimning hali yoshi qurimagan ko‘zlarida endi shodlik uchqunladi. U inisiga
zavq bilan tikilib shivirladi:
— Siz Movarounnahr osmonida bizning yagona umid yulduzimizsiz!
— Endi parvardigor Shayboniyxonni tezroq daf qilsinu yurt tinchisin, deng. O‘shanda
nafasni rostlab, O‘shda qilgan orzularimizning ijrosiga kirishurmiz.
Mavlono Fazliddin Andijonda qurmoqchi bo‘lgan me’morlik obidalarining tarhlarini,
loyihalarini Xonzoda begim onasidan olib, hamon asrab yurar edi. Hozir buni Boburga
aytishdan iymandi-yu:
— Amirzodam, men endi kechayu kunduz xudoga iltijo qilurmen — dedi, — ilohim shu
orzularimiz ro‘yobga chiqsin!
Xonzoda begim ruhi ko‘tarilib chiqib ketganidan keyin Bobur sandiqchadan she’r daftarini
oldi-yu, kechagi mashqini davom ettirmoqchi bo‘ldi. Daftardagi bir matla’ uning hozirgi
ruhiga mosroq edi:
«Har kimki vafo qilsa vafo topqusidir,
Har kimki jafo qilsa, jafo topqusidir...»
Alisher Navoiyga shu she’rni bitirib yuborsa yaxshiroq bo‘larmidi? U yana bir satr yozdi,
o‘ziga yoqmagandan keyin o‘chirib, yana yozdi, yana o‘chirdi, nihoyat uchinchi
urinishda:
«Yaxshi kishi ko‘rmagay yomonliq hargiz»
degan satrni topdi-yu, uni ich-ichidan yoqtirib, ilhom hayajonidan nafasida titroq paydo
bo‘ldi. Nazarida, Navoiy uning yelkasi osha bu yangi satrni o‘qiyotgandek edi. U
odamlarga Navoiydek ko‘p yaxshilik qilgan siymoning hech qachon yomonlik
ko‘rmasligini istar, endi shu istagini she’riga ham singdirmoqchi bo‘lardi.
Bobur to‘rtinchi satrni boshlaganda savdarboshi eshikdan bosh egib, qo‘rqa-pisa:
— Mirzo hazratlari, — dedi.
— Meni tinch qo‘ying demabmidim?
— Qulingizni afv eting...
— Yana ne tashvish?
— Amirzodam buyurgan edilar. Agar mulla Binoiyni keltirsalar, darhol xabar bering,
degan edingiz.
— Shoir Binoiy Shahrisabzdan kelibdirmi?
— Qosimbek janoblari keltirmishlar.
Bobur bu xabarni eshitdi-yu, yozishdan to‘xtab, qalamni miz chetiga qo‘ydi. Pastdagi
qabulxonaga tushib borayotganda Binoiyning taqdiriga oid murakkab voqealar xayolidan
takror o‘ta boshladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |