ABDURAHMON JOMIY VA ALISHER NAVOIYNING DINIY VA
FALSAFIY QARASHLARI
Mubora OMANOVA
Nizomiy nomidagi TDPU o`qituvchisi
Annotatsiya:
Maqolada Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiyning diniy, falsafiy
qarashlari, Navoiy va Jomiyning ustoz-shogird va doʻstligi, adabiy hamkorligi,
tahlil qilingan.
Kalit so`zlar:
tasavvuf, falsafa, diniy, naqshbandiylik, tariqat, shayx, adabiy
hamkorlik.
Fors-tojik shoiri, naqshbandiylik tariqatining
yirik
vakili
Nuriddin
Abdurahmon ibn Ahmad Jomiyning asarlari falsafa, tasavvuf,
tilshunoslik,
adabiyotshunoslik, san'at sohalariga hamda nazm va nasrning har xil janrlariga
oiddir. Jomiy asarlarining bir qismi diniy va falsafiy mazmunga ega bo„lib, ularda
shoir islom dini va sharq falsafasining bir qator masalalarini oʻz qarashicha talqin
etadi, tasavvufning XV asrdagi yirik arbobi sifatida o„z fikr-mulohazalarini bayon
etadi. Uning “Maʼnolar naqshi”, “Paygʻambarlikka dalillar”, “Naqshbandiya
ta`limoti haqida risola”, “Haj qilish yo`llari haqida risola” kabi bir qancha
asarlarini shu guruhga kiritish mumkin. Jomiy falsafasining asosini tasavvufiy
gʻoyalar tashkil etadi.
Oʻz davrining taniqli til, adabiyot olimlari va mudarrislari qoʻlida tahsil
olgan, u arab tilini mukammal oʻrgangan. Jomiy oʻz
bilimini oshirish uchun
Samarqanddagi Ulugʻbek madrasasida buyuk falakiyotshunos Qozizoda Rumiy,
Ali Qushchi, fiqhshunos Fazlulloh Abullaysdan taʼlim olgan.
Jomiy til va adabiyotnigina emas, riyoziyot, falsafa, huquqshunoslik,
falakiyot fanlari, din asoslari, hadis va tafsir ilmlarini ham chuqur oʻrgangan,
olimlarning turli mavzulardagi munozara
va mubohasalarida qatnashib, yetuk
olimligi bilan tanila boshlagan. Jomiy Hirotga qaytgach, tasavvuf yoʻliga kirishni,
oʻz bilim va faoliyatini shu yoʻlga, qolaversa, ijodga, ilm-fanga bagʻishlashni afzal
koʻrgan. U oʻziga pir qilib Shayx Sa`diddin Koshg„ariyni tanlaydi, Hirotning jome
masjidida uning suhbatlarini tinglaydi. Saʼdiddin Koshgʻariy tasavvufda
Muhammad Naqshband sulukiga mansub edi.
Adabiyotshunos
Sultonmurod
Olim
“Jahon adabiyoti” jurnalidagi
maqolasida quyidagi fikrlarni keltirib o`tgan: “Hazrati Naqshbandning oʻzlari-ku
uvaysiy edilar. Ammo olamdan oʻtganlaridan keyin u azizning ruhlari kelib kimsan
– hazrati maxdum Abdurahmon Jomiyga tarbiya bergan. Navoiy piri va ustozi
haqida shunday deb yozadi: “Zohir yuzidin oʻzlarin qutb ul-muhaqqiqin (Xudoni –
Haqni izlovchilar qutbi) va gʻavs us-solikin (soliklar madodkori) Mavlono Saʼd ul-
millati va-d-din (millatu dinning baxti) il-Koshgʻariy muridi koʻrguzurlar erdi,
ammo, hamonki, uvaysiy (!) erdilar va Xoja Bahouddin Naqshband ruhoniyatidin
tarbiyat topib erdilar” [1, 185]. Jomiy mashhur so„fiylar bilan yaqindan muloqotda
boʻladi. Muhyiddin ibn al-Arabiyning asarlarini chuqur mutolaa qilgan.
Oʻzining mutasavviflik faoliyatida Bahouddin Naqshband gʻoyalarini shu
sulukning ikkinchi bir yirik namoyandasi – Xo„ja Ahror bilan yaqin boʻlgan holda
yanada rivojlantirgan. Asarlarida Naqshbandga ixlosi baland boʻlgan. Xurosonda
Hirot taxtiga temuriy
Sulton Husayn Boyqaro
oʻtirgandan soʻng Jomiyning
mamlakatdagi mavqeyi juda ortadi, chunki Sulton Husayn va uning koʻp avlodlari
oʻzlarini unga murid, deb eʼlon qilganlar.
Jomiy Alisher Navoiy bilan birinchi marta Abu Said hukmronligi
davrida Xiyobon mavzesida hamma qatori koʻrishgan. Shunda Jomiy unga
oʻzining bir risolasini taqdim qilgan. 1476-77-yillarda Navoiy ham Jomiyni oʻziga
pir, deb taniydi. Garchi Jomiyning Navoiydan yoshi ancha ulugʻ, rasman pir
hisoblansa ham, mohiyatan ular chin doʻst va hamkor boʻlganlar. Jomiy oʻzining
(“Nafohat ul-uns”, “Bahoriston” va boshqa) bir qancha asarlarida
Navoiyni,
Navoiy ham oʻz asarlari ( “Xamsat ul-mutahhayirin”, “Majolis un-nafois” va b.)da
Jomiyni hurmat bilan tilga oladi. Jomiy “Nafohat ul-uns” (“Azizlar nafasi”),
“Risolai musiqiy” (“Musiqa risolasi”) , “Risolai muammo” (“Muammo risolasi”)
kabi oʻndan ortiq asarini Navoiy maslahati bilan yozgan.
Jomiy vafotidan oldin
lirik sheʼrlarini 3 devonga boʻlib, ularga “Fotihat ush-shabob” (“Yoshlikning
boshlanishi”), “Vositat ul-ikd” (“Oʻrtadagi dur”) va “Xotimat ul-hayot” (“Hayot
xotimasi”, 1479-1491) deb nom berar ekan, bunda Navoiy maslahatini eʼtiborga
olgan edi. Navoiy va Jomiyning doʻstligi adabiy hamkorlik bilan chegaralanmagan.
Navoiy Husayn Boyqaro saroyida bosh vazir boʻlib turar ekan, oʻz siyosiy va
ijtimoiy faoliyatida Jomiydan maslahatlar olib turgan. Sulton Husayn Qunduz
viloyatiga qarshi yurishga otlanmoqchi boʻlganda, Jomiy Navoiydan podshohni bu
safardan qaytarishni iltimos qilgan ekan. Saroydagi fitna va fujurlar Navoiyning
joniga tegib, u oʻz vazifasidan ketmoqchi boʻlganda
Jomiy uni bunday qarordan
voz kechishiga sababchi bo`lgan. Chunki Navoiydek xalqparvar arbob saroydan
ketsa, xalq va mamlakat ahvoli yanada ogʻirlashishini u yaxshi tushunar edi.
Jomiy oʻz asarlarini fors-tojik tilida yozgan, arab tilini ham yaxshi bilgan.
Jomiy "Nafohot ul-uns" asarini yozish bilan tasavvuf tarixini o`rganishga katta
hissa qo`shdi. Unda 616 ta mutasavvif hayoti va faoliyati haqida ma'lumot berilgan
bo`lib, ulardan 34 nafari ayollardir. Ushbu asarni Navoiy ma'lum bir to`ldirishlar
bilan o`zbek tiliga tarjima qilgan. Jomiy faqat mashhur so`fiylar haqida ma'lumot
berish bilan cheklanmay, qator shoir va adiblarning hayoti va ijodiga ham
to`xtaladi.
Alisher Navoiyning “Xamsa” yozish niyatini birinchi bo`lib Jomiy qo`llab-
quvvatlagan, unga yuksak baho bergan. Shuning uchun ham “Xamsa” ning har bir
dostoni muqaddimasida Navoiy boshqa xamsanavislar
qatorida Jomiyga ham
alohida bob ajratib, uni daho shoir, masnaviy ustasi, mehribon ustod sifatida
ta`riflaydi. Bir davrda, bir xil siyosiy-ijtimoiy va madaniy adabiy muhitda yashab
ijod etgan, ustozlik va shogirdlik, murshidlik va muridlik odobini Shams Tabriziy
va Mavlono Rumiydan keyin eng yuksak darajada ado etgan bu ikki siymoni bir-
biridan ayri tasavvur qilish, Jomiyni o`rganmasdan Navoiyni, Navoiyni
o`rganmasdan Jomiyni anglash mumkin emasligini mantiq va tafakkur kuchi bilan
idrok etgan o`zbek navoiyshunos olimlarini ayni paytda, jomiyshunos deb atash
ham mumkin.
Navoiy va Jomiy faoliyatida tariqat va futuvvatning o‟zaro birlashuvi
tezlashadi. Sharqda keng rivojlangan bu ikki sohaning qo‟shilishi katta ijtimoiy
hodisa bo‟lib, odamiylik sifatlarining ko‟proq qaror
topishi va axloqiy kamolot
uchun qudratli kuchga aylangan.
Tasavvuf futuvvatda yuksak g‟oyalarning amaliy-ijtimoiy tatbiqini ko‟rgan
bo‟lsa, futuvvat tasavvufda nazariy-e‟tiqodiy tagzaminni topgan edi. O‟z nafsini
yengolgan kishi o‟zgalar g‟amini yeyishi mumkin. Abdurahmon Jomiy “Subhat ul-
abror” dostonida futuvvatga ta‟rif berib, bu avvalo past xislatlarni tark etib,
oliyjanoblikni kasb etish, deya ta‟kidlaydi. Futuvvatning birinchi sharti – miskinlar
dardiga davo bo‟lish: