13-mavzu. Turkistonda mustabid tuzumiga qarshi qarshilik harakati
Reja:
1.
Turkiston o'lkasida milliy ozodlik va istiqlol uchun harakatlarning qo’liga qurol olishlari
va bolsheviklar hukumatiga qarshi istiqlolchilik harakatini keng tus olishi. Harakatning
kuchlari va bosqichlari.
2.
Farg'ona vodiysida istiqlolchilik harakati, ularning namoyondalari. Kichik va katta
Ergashlar. Muhammad Aminbek Ahmadbek o'g'li (Madaminbek), Shermuhammadbek va
boshqalarning faoliyati. Turkistondagi istiqlolchilik harakatining o'ziga xos milliy
xarakteri va xususiyatlari. Ayrim guruhlarning bu harakatdan o'z manfaatlari yo'lida
foydalanishga intilishi.
3.
Turkistonda mustamlakachilarga qarshi olib borilgan harakatlarning bostirilishi, uning
sabablari va saboqlari.
Adabiyotlar.
1. I.Karimov. Yuksak ma’naviyat - yengilmas kuch. Toshkent: Ma’naviyat, 2008.
2. Mustabid tuzumning O‘zbekiston boyliklarini talash siyosati: tarix shohidligi va saboqlari.
Mualliflar jamoasi. – Toshkent: Sharq, 2000.
3. Usmonov Q., Sodiqov M., Oblomurodov N. O‘zbekiston tarixi. I qism. – Toshkent:
Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 2002.
4. Tillaboyev S. Turkiston o‘lkasining boshqaruv tizimida mahalliy aholi vakillarining
ishtiroki (Farg‘ona viloyati misolida). – Toshkent: Fan, 2008.
5. Yunusova X. Toshkentda 1892 yilgi xalq qo‘zg‘oloni. Sariog‘och, 1998.
6.Eshov B. O‘zbekistonda davlat va mahalliy boshqaruv tarixi. – Toshkent: Yangi asr avlodi,
2012.
138
7. Shamsutdinov R., Karimov Sh., Ubaydullaev U. Vatan tarixi. (XVI-XX asr boshlari).
Ikkinchi kitob. – Toshkent: Sharq, 2010.
8. O‘zbekiston tarixi. Mualliflar jamoasi. – Toshkent: Yangi asr avlodi, 2003.
9. O‘zbekiston tarixi. Mualliflar jamoasi. – Toshkent: Akademiya, 2010.
10. O‘zbekistonning yangi tarixi. Turkiston Rossiya imperiyasi mustamlakachiligi davrida.
Birinchi kitob. – Toshkent: Sharq, 2000.
11. Musayev N. Turkistonda sanoat ishlab chiqarishining vujudga kelishi va rivojlanishi
tarixidan (XIX asrning ikkinchi yarmi XX asr boshlari). – Toshkent: Iqtisod-moliya, 2011.
12. Ismoilova J. XIX asrning ikkinchi yarmi - XX asr boshlarida Toshkentning “Yangi
shahar” qismi tarixi. – Toshkent: Fan va texnologiya. 2004.
Turkiston Muxtoriyatining qonga botirilib tugatilishi istiqlolchilik harakatining butun
Farg‘ona vodiysida boshlanishiga turtki bo‘ldi.
Turkistonda oktabr to‘ntarishidan keyin sodir bo‘lgan voqeyalar jarayoni shuni ko‘rsatadiki,
bolsheviklar o‘rnatgan sovet tuzumi o‘lka xalqlariga nafaqat mustaqillik, hatto milliy muxtoriyatni
ham ravo ko‘rmadi. Mustaqillik osonlikcha qo‘lga kiritilmasligini tushunib yetgan milliy
vatanparvarlar qo‘lga qurol olib, bolsheviklar va bosqinchi qizil armiyaga qarshi qurolli harakat
boshlab yubordilar. Biroq sovet tuzumi va kommunistik mafkura hukmronligi yillarida, ularga
“bosmachi” deb nohaq tamg‘a bosildi.
Bosmachi so‘zi aslida bosmoq fe’lidan olingan. Aslini olganda Farg‘ona vodiysida, umuman,
butun Turkiston hududida podsho va sovet Rossiyasi davrida – hukmron tuzumga qarshi qurolli
kurash olib borgan turkistonliklarni bosmachilar deb atashmagan. Xalq orasida “bosmachi” sifatida
jinoyatchi unsurlar, o‘g‘ri va bezorilar to‘dasi tushunilgan. Shu bilan birga birovlarning yurtini
bosib olgan bosqinchilarni ham bosmachilar deb atash mantiqan to‘g‘ri keladi.
Bu harakat haqida so‘z yuritilganda ta’kidlash lozimki, 1918-1919 yillarning o‘rtalarigacha
bo‘lgan davrga tegishli arxiv hujjatlarida ham “bosmachi” so‘zi uchramaydi. Bu hujjatlarda
“qaroqchi” (razboynik), “shayka”, juda bo‘lmasa “bosqinchi” (bandit) iboralari qo‘llanilgan. 1919
yilning o‘rtalaridan boshlab avval ayrim rasmiy hujjatlarda, keyinchalik esa sovet vaqtli matbuotida
“bosmachi” iborasini qo‘llash boshlangan. “Bosmachi” va “bosmachilik” iboralari ozodlik
harakatining mohiyatini pasaytirish, ajdodlarimizning bolsheviklar hukmronligiga qarshi olib
borgan qonli kurashlarini xaspo‘shlash uchun buyuk davlatchi shovinistlar tomonidan o‘ylab topildi
va “banditlik”, “qaroqchilik” so‘zlari bilan asossiz ravishda bir qatorga qo‘yildi.
Manbalardan ma’lum bo‘lishicha, Turkistonda sovet hokimiyati o‘rnatilgach, o‘lkada
qaxatchilik, ocharchilik boshlangan va bunday sharoitda jinoiy unsurlarning talonchilik harakatlari
sodir bo‘lib turgan. Biroq, Turkiston xalqlarining o‘z insoniy, milliy, siyosiy huquqlarini toptagan
mustabid tuzumga qarshi ongli ravishda olib borgan kurashlari bunday talonchilik harakatlaridan
maqsadi, mohiyati jihatidan keskin ajralib turardi. Bolsheviklar esa ularning har ikkalasini atayin
umumiy bir nom bilan ta’riflab, yagona harakat sifatida ko‘rsata boshlaganlar. Vaholanki ayrim
qaroqchi guruhlar tomonidan onda-sonda, goh u, goh bu yerda sodir etib turilgan oddiy jinoiy
talonchilik bilan erksevar vatanparvarlarning ongli ravishda, aniq maqsadlarda, mustabid hukumat
qo‘shinlariga qarshi olib borgan ommaviy qurolli kurashi bir-biridan tubdan farq qilardi. Turkiston
vatanparvarlarning olib borgan qurolli kurashlari siyosiy harakat tusini olgani aniq namoyon bo‘lsa-
da, mustabid hukumat uni bosmachilik sifatida ko‘rsatishga harakat qildi va bosmachilik so‘zi
iste’molda mutlaqo asossiz o‘rnashib bordi. Ammo bu nom bilan ta’riflangan xalq kurashining
sabablari, mohiyati va maqsadlariga o‘z zamondoshlari tomonidan berilgan baholar bosmachilik
so‘zining ma’nosiga mutlaqo zid bo‘lib, uni keskin inkor etadi.
O‘zbekiston Respublikasi mustaqillikka erishgach, “bosmachi” yorlig‘i yopishtirilgan ota-
bobolarimizning muborak nomlari qayta tiklandi va ularning haqiqiy qiyofalari istiqlolchilar sifatida
namoyon bo‘ldi. Bu boradagi ilk tadqiqotni Q.Rajabov amalga oshirgan bo‘lib, keyingi yillarda
ham o‘lkaning turli hududlaridagi sovet tuzumiga qarshi olib borilgan qurolli harakatlarning tarixi
tadqiq etilmoqda.
Sovetlarga qarshi harakat “Turkiston Muxtoriyati hukumatining tor-mor qilinishi bilan
boshlanganligi” deyarli barcha tarixchilarning asarlarida e’tirof qilinadi. Aslini olganda, muxtoriyat
hukumati ag‘darib tashlanmaganida ham yoki bu hukumat hatto mutlaqo bo‘lmaganida ham bu
harakatning vujudga kelishi tabiiy bir hol edi. Zotan, bu davrda Turkistonda vujudga kelgan
139
ijtimoiy-siyosiy vaziyat sovet hokimiyatiga qarshi istiqlol kurashining boshlanishini muqarrar qilib
qo‘ygan edi.
Birinchidan, 1917 yilda sodir bo‘lgan oktabr to‘ntarishi va buning natijasida hokimiyatni
qo‘lga kiritgan bolsheviklar tomonidan ilgari surilgan kommunistik mafkura Turkiston xalqlari
uchun mutlaqo yot tushuncha edi. Mahalliy aholi bu g‘oyani avval boshdanoq o‘ziga singdira
olmadi va unga qarshi turdi.
Ikkinchidan, sovet hukumati o‘rnatilgan dastlabki davrda hokimiyatni boshqarishga mahalliy
xalq vakillari jalb qilinmadi, ularning milliy g‘ururi, haq-huquqi inkor qilindi. Turkistonda
bolsheviklar tomonidan o‘rnatilgan sovet tuzumi Rossiya imperiyasi mustamlakachiligining yangi
shakli ekanligi o‘sha dastlabki kunlardanoq oshkor bo‘lgan edi.
Uchinchidan, yangi tuzum o‘rnatilgan ilk kunlardanoq mahalliy xalqning asrlar davomda
shakllangan urf-odatlari, milliy qadriyatlari toptaldi. Shariat asoslari va qozixonalar bekor qilindi,
vaqf yerlari tortib olindi, mulkchilikning barcha shakliga chek qo‘yildi.
Turkiston Muxtoriyati hukumatining tugatilishi bu harakatning butun Farg‘ona vodiysida
ommaviy ravishda boshlanishiga bir turtki vazifasini o‘tadi, xolos. Rossiya imperiyasining
mustamlakachilik zulmi ostida ezilib kelgan farg‘onaliklar Turkistonda birinchi bo‘lib bolsheviklar
rejimiga qarshi qurolli kurashga otlandilar. Shu tariqa, Turkistonda sovet hokimiyati va
bolshevikcha tuzumga qarshi istiqlolchilik harakati 1918 yil fevral oyining oxirlarida boshlangan
edi.
Bu harakatlar haqida o‘z davrida ham ko‘plab fikrlar bildirilgan bo‘lib, jumladan,
V.Kuvshinov Farg‘ona frontidagi ahvolni sharhlash davomida "bosmachilik"ning sabablariga
to‘xtalib, harakatni avj oldirgan omillar qatorida hokimiyat tepasidagilarning o‘z vazifasini
suiste’mol qilishganligini, bundan tashqari muxtoriyat g‘oyasi o‘z ahamiyatini yo‘qotmaganini
qayd etadi. N.Batmanov esa "bosmachilik"ni sovet hokimiyati keltirib chiqarganini oshkora
ta’kidlaydi. 20-yillar boshida chop etilgan boshqa maqolalarda ham Turkiston xalqlarining sovet
hokimiyatiga qarshi kurashining asosiy sabablari sifatida hukumatning mustamlakachilik siyosati
ko‘rsatiladi. Bu harakatning umummilliy, umumxalq harakati tusini olganligi qayd etiladi.
"Bosmachilik" tuhmat tamg‘asini olgan bu kurashning kelib chiqish sabablari, mohiyati va dastlabki
yillardagi umumxalq, umummilliy xarakteri haqidagi haqqoniy e’tiroflar 20-yillarning ikkinchi
yarmida ham qayd etilgan. Masalan, Katta Sovet ensiklopediyasining 1-nashrida F.Xo‘jayev "bu
harakat sovetlarga qarshi aniq siyosiy tus olib, O‘rta Osiyoning uchala respublikasi – Turkiston,
Buxoro va Xorazmda dehqonlarning deyarli ommaviy harakatiga aylangani", "...bu harakat
rahbarlari Shermuhammadbek, Ibrohimbeklargina emas, mahalliy milliy ziyolilar, boylar ham
bo‘lgan"ligini ta’kidlaydi.
Farg‘ona viloyati targ‘ibot bo‘limining tashviqotchilar uchun e’lon qilingan sharhlarda bu
harakat sabablari shunday izohlanadi: “Bosmachilik chuqur iqtisodiy silkinishlar zaminida yuzaga
kelib, minglab kishilarning sovet hokimiyatiga qarshi ommaviy harakatga aylandi, bosmachilik
harakatining eng muhim payti Qo‘qon muxtoriyatining tor-mor etilishi va dashnoqlar xunrezligi
tufayli yuz berdi
1919 yilda Turkistonda mahalliy mehnatkashlar orasida ish olib borish maqsadida tuzilgan
o‘lka musulmonlar byurosining Farg‘ona aholisiga o‘sha yili martda e’lon qilingan
“Murojaatnoma“sida esa, sovet hokimiyatiga qarshi kurashning sabablari haqida quyidagilar qayd
etib o‘tiladi: “Kurash milliy zulm va bir millatning boshqa millatni ezishi zaminida avj olib ketdi.
Farg‘onada yo‘l qo‘yilayotgan, pirovardida butun Turkiston aholisi uchun mash’um oqibatlar
keltiradigan beboshliklar musulmon ahlini sovet hokimiyatidan bezdirmoqda. Farg‘ona
voqealarning avj olishiga olib kelgan yana bir sabab, hamma yerda, ayniqsa, Farg‘onada hukumat
tarkibiga, sovetlar, komitetlarga kirib olgan jinoyatchi, eski amaldorlardan iborat shaxslar xalq
manfaatini emas, o‘z cho‘ntaklari manfaatini ko‘zlaydilar, pora oladilar, beboshliklar qiladilar,
hukumatdagi lavozimdan foydalanib o‘zgalarning pul va buyumlarini egallab oldilar. Qizil Armiya
ham huddi shunday bo‘ldi, uning saflarida ham tinch aholini azob-uqubatga solgan zararkunandalar
juda ko‘pdir”. Turkistonda sovet hokimiyatiga qarshi olib borilgan kurash sabablari haqida shu
hukumat tarkibida xizmat qilgan mahalliy kommunist Nazir To‘raqulov “Darvesh” taxallusi bilan
bosmachilik haqida yozgan o‘z maqolasida bu haqida shunday yozadi: “oydan-oy, kundan-kun
ko‘paymoqda, bo‘lgan faqirlik ustiga Farg‘onadagi mustamlakachilik va dashnoq vahshiyligi
yog‘ga o‘t quyganday bo‘lib tushdi, demakki, bosmachilikning tagida iqtisodiy va ijtimoiy illatlar
140
bordirki, bu o‘g‘ri va muttahamlar irodasiga borib taqaladi” degan xulosaga keladi. O‘g‘ri va
muttaham idorasi deganda esa N.To‘raqulov sovet hukumatini nazarda tutadi. RKP(b) Musulmonlar
byurosi raisi, Turkistonda taniqli davlat arbobi T.Risqulovning 1919 yil sentabrda qilgan
ma’ruzasida bildirilgan quyidagi fikrlari ham e’tiborga loyiqdir: “Qo‘qon muxtoriyatining tor-mor
etilishi va Buxoro voqealari tinch musulmon ommasida sovet hukumati haqida salbiy taassurot va
munosabat yuzaga keltirdi. Bu voqealarda siyosiy rahbarlar yo‘l qo‘ygan tuzatib bo‘lmaydigan
xatolar musulmon aholisi uchun nihoyatda og‘ir oqibatlar keltirdi, yangi front - Farg‘ona
frontining paydo bo‘lishiga olib keldi”
Rossiya va Turkistondagi sovet organlari tomonidan 1919 yil oxiri 1920 yil boshlarida tan
olingan va keyinchalik sovet tarixchilari tomonidan butunlay qabul qilingan fikrga muvofiq,
go‘yoki qurolli harakatning sabablari Turkistonda sovet hokimiyati tomonidan iqtisodiy, siyosiy,
diniy, ma’naviy sohada amalga oshirilgan dastlabki sotsialistik o‘zgartirishlar, Turkiston o‘lkasi va
Farg‘onadagi bolsheviklarning sovet hokimiyatining birinchi yillarida yuritgan xato siyosati,
shuningdek, qizil askarlar va sovet jazolovchi organlarining Farg‘onadagi tinch aholiga nisbatan
o‘tkazgan terror va qatag‘on siyosati bo‘lgan, degan qarashlar bu harakatning asl mohiyatini
unchalik ochib bermaydi. Yuqorida aytib o‘tilgan omillar kurashning ayrim bosqichlarida unga
alohida keskinlik va ko‘lam bag‘ishladi, harakatning tobora kengayishi va rivojlanishiga olib keldi.
Biroq qurolli harakat o‘zining ilk bosqichidan boshlab sovet rejimiga qarshi murosasiz kurashga
kirishgan edi.
Istiqlolchilik harakatini vujudga keltirgan sabablardan biri bu dashnoqlarning Farg‘ona
vodiysida amalga oshirgan qirg‘inlaridir. Turkistondagi sovet davlati rahbarlari, harbiy qo‘shinlari
ham ko‘p beboshliklarga yo‘l qo‘ydilar, xalqning diniy e’tiqodi, madaniyati, qadriyatlarini oyoqosti
qildilar. Bu beboshliklar ham shu kungacha butunlay xaspo‘shlab kelindi.
Turkiston respublikasi XKS raisi Q.Otaboyev (1887-1937) Toshkentda 1922 yil iyulda
bo‘lgan Turkiston ASSR MIK 4-plenumida qurolli harakat natijasida o‘lkada vujudga kelgan
vaziyatni to‘g‘ri baholashga harakat qilib, shunday degan edi: “Dastlabki davrlarda bosqinchilik
ruhida bo‘lgan bu harakat endilikda siyosiy mazmun kasb etdi. Shuni ta’kidlash lozimki, 1919-1920
yillarga kelib Farg‘onada qaroqchilik, bosmachilik emas, balki o‘ziga xos qo‘zg‘olon vujudga keldi.
Biz to‘rt yil davomida biz bu harakatga hatto to‘g‘ri baho berishni ham bilmadik, u xalq qo‘zg‘oloni
bo‘lgani holda bosmachilik deb atadik. Bosmachilik mohiyatan ta’lonchilik degan ma’noni
anglatadi, bizning ushbu harakatga bergan noto‘g‘ri ta’rifimiz masalani hal etishda noto‘g‘ri
yondashuvlarga olib keldi. Oqibatda to‘rt yil davomida biz bu harakatning biron-bir jihatini tugata
olmadik. Sovet hukumati tobora kuchayib borayotgan bu qo‘zg‘olonga yuzma-yuz kelib qolganida,
bu qo‘zg‘olon yirik shaharlarda yanada mustahkamlandi va sovet hukumatiga qarshi kurash olib
bordi…
…Biz bosmachilikni bir paytning o‘zida ham o‘t, ham qilich bilan tugatmoqchi bo‘ldik. Ana
shu maqsadda bosmachilik bilan zaharlangan katta-kichik qishloqlarni shafqatsiz vayron qildik,
ularni aholisi esa sovet hokimiyatidan tobora uzoqlashib bordi. Butun Farg‘onani ishg‘ol etishimiz
ham hech qanday yordam bermadi…
...Jazolash siyosati olib borildi. Garovga olish tajribasi ham hiyla uzoq davom etdi.
Shunchalik ko‘p kishilar garovga olindiki, butun Farg‘onada qamash uchun joy topilmay qoldi.
Garovga olinganlarni guruh-guruh otib tashlash ham bosmachilik harakatini to‘xtata olmadi.
Farg‘ona viloyati harbiy inqilobiy qo‘mitasi raisi Y.Kirsh bu kurash sabablarini quydagicha
izohlagan: Bosmachilik – Farg‘onadagi mustamlakachilik siyosatining natijasidir. Bosmachilik
hozir ham g‘oyaviy jihatdan qo‘llab-quvvatlanmoqda. Oziq-ovqat tashkilotlarining joylardagi
nomaqulchiliklari, harbiy qismlarning o‘z-o‘zini ta’minlashi, g‘alla monopoliyasining jinoiy yo‘l
bilan amalga oshirilishi, taqsimot esa sadaqa tusini olishi charchagan bosmachilarga kuch beryapti,
yangilarni paydo qilyapti, chunki barcha majburiyat, og‘irlik ular yelkasiga yuk bo‘lyapti.
O‘zbekiston MDA zahiralarida saqlanib qolgan rasmiy hujjatda, Farg‘ona viloyati qo‘shinlariga
Qizil Armiya qo‘mondonligi tomonidan yuborilgan buyruq matnida esa bosmachilik sabablari
haqida quyidagilar ta’kidlanadi: Mahalliy sovet hokimiyati o‘rnatilgan dastlabki yillardanoq amalga
oshirgan ishlari bilan o‘zidan mehnatkash xalqni uzoqlashtirdi, musulmon mehnatkashlarni
himoya qilish o‘rniga ularni tahqirlab xo‘rladi, bosmachilik deb atalayotgan harakat shu sababli
paydo bo‘ldi. Toshkentga Farg‘onadagi ahvol haqida xabar berish uchun yuborilgan sovet hukumati
idoralari vakillarining Turkiston MIK Raisi I.Kazakovga yozgan maktubining asl nusxasi bo‘lgan
141
boshqa bir hujjatda esa shunday ma’lumotlar keltirilgan: “O‘rtoq Kazakov front (Farg‘ona fronti)
asosan bizning, sovet arboblarining Qo‘qon voqealaridan boshlangan salbiy faoliyati natijasida
yuzaga keldi. Sovet hokimiyati vakillari ichkilikbozlik bilan band, qaroqchilarga qurol va patron
sotadilar, uyezdlarga chiqib tinch aholini talaydilar”. Yuqoridagi ma’lumotlardan ko‘rinadiki,
Turkistonda yashab, faoliyat ko‘rsatgan, millati, maslagi, maqsadi turlicha bo‘lgan rasmiy va
norasmiy shaxslar sovet hokimiyatiga qarshi olib borilgan kurash sabablari va mohiyati haqida bir
hil (bir-biriga yaqin) munosabat bildirganlar, ya’ni bu kurashning sababi sovet hokimiyatining
talonchiligi, o‘lkada olib borgan mustamlakachilik siyosati ekanligini e’tirof etiladi.
Bu kurash 1918 yil fevral oyining oxirlarida boshlangan edi. Shu yilning mart oyiga kelib
Farg‘ona vodiysida bir-biridan mustaqil ravishda 40 dan ziyod qo‘rboshi dastalari faoliyat
ko‘rsatgan. Mart oyining oxirlarida Farg‘onadagi Bachqir qishlog‘ida Farg‘onadagi butun
qo‘rboshlarining birinchi Qurultoyi chaqirilib, unda Katta Ergash qo‘rboshi butun istiqlolchilik
harakatining boshlig‘i qilib saylandi va unga “Amir al-muslimin” unvoni berildi. Uning
o‘rinbosarlari qilib Madaminbek va Shermuhammadbeklar tayinlandi.
Bu harakatning asosiy harakatlantiruvchi kuchi-dehqonlar, chorikorlar, mardikorlar,
hunarmandlar va kosiblar bo‘lgan. 1918 yilning o‘rtalariga kelib, Farg‘ona vodiysida taxminan
yuzga yaqin qo‘rboshilar o‘z dastalari bilan qizil armiyaga qarshi kurash olib bordilar. Bu
guruhlarda 15.000 yigit bor edi. 1919 yilning yozi va kuzida Farg‘ona vodiysidagi istiqlolchilik
harakati o‘zining eng yuqori cho‘qqisiga chiqdi.
Bu paytda istiqlolchilar safiga rus krestyanlari armiyasining K.Monstrov boshchiligidagi
Jalolobodda turgan qo‘shinlari qo‘shildilar (2 sentabr). Sentabrning boshlarida istiqlolchilar
Jalolobod va O‘sh shaharlarini egallab, Andijonni qamal qildilar. 1919 yil 22 oktabrda Pomir
etaklaridagi Ergashtom ovulida bo‘lgan istiqlolchilar anjumanida Madaminbek boshchiligidagi
Farg‘ona muvaqqat muxtoriyat hukumati tuzildi. Hukumat tarkibiga mahalliy aholidan 16 kishi,
yevropalik aholidan 8 kishi kiritildi. Madaminbek hukumat boshlig‘i va Farg‘ona vodiysidagi
istiqlolchilik harakatining Oliy bosh qo‘mondoni etib saylandi.
1919 yilning kech kuziga kelib Madamindek qo‘l ostidagi 30.000 ga yaqin,
Shermuhammadbek qo‘l ostidagi 20.000, Katta Ergash qo‘rboshining 8.000 ming yigitlari qizil
armiyaga qarshi janglar olib bordi. Bu uchta lashkarboshi vodiydagi jangovar harakatlarni
yo‘naltirib turdilar.
1920 yil 3 mayda Farg‘ona vodiysidagi butun qo‘rboshilar va tinch aholi vakillari Oltiariq
tumaanidagi G‘oyibota qishlog‘ida o‘zlarining navbatdagi qurultoyini o‘tkazdilar. Bu qurultoyda
Shermuhammadbek boshchiligida Turkiston-turk mustaqil islom jumhuriyati yoki Turkiston
muvaqqat hukumati tuzildi. Boymirza Hayitning yozishicha, hukumat tarkibiga 6 kishi kiritilgan
bo‘lib, ular quyidagilar edi: Shermuhammadbek-hukumat raisi va Oliy bosh qo‘mondon; Mullajon
Qori – xavfsizlik noziri; Akbarjon Eshon – Shayxulislom; Abdusalom Qori – hukumatning bosh
kotibi; Nazirjon – moliya vaziri; Mulla Hoji Niyoz- maxsus ishlar noziri. Undan tashqari, 14
kishidan iborat harbiy idora mahkamasi ham tuziladi.
1922
yilning 15-20 aprelida Samarqand shahrida,
yashirin
holatda Turkiston
musulmonlarining 2-qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Farg‘ona, Samarqand, Buxoro, Xorazm, Kaspiyortidan
nufuzli qo‘rboshilar ishtirok etgan ushbu qurultoyda Turkiston-turk mustaqil islom jumhuriyatining
Muvaqqat Konstitutsiyasi qabul qilindi.
Boymirza Hayitning bergan ma’lumotlariga ko‘ra, qurultoyda Farg‘ona vodiysi
istiqlolchilarining yo‘lboshchisi Shermuhammadbek katta ma’ruza qiladi. Qurultoy so‘nggida 7
bo‘lim va 36 moddadan iborat rezolyutsiya (Muvaqqat Konstitutsiya) qabul qilindi. Bu hujjat
Turkiston o‘lkasidagi Sirdaryo, Farg‘ona, Samarqand, Yettisuv, Kaspiyorti viloyatlari hamda
Amudaryo bo‘limi endilikda, Turkiston turk-mustaqil islom jumhuriyati tarkibiga kiritilganligini
qonun yo‘li bilan mustahkamladi. Unda hukumat tarkibi 15 kishidan iborat bo‘lishi belgilab
qo‘yildi. Ushbu 15 kishi orasidan mamlakat Prezidenti, Vitse-prezidenti va Bosh kotib saylanishi
hamda bu uch kishidan iborat Ijroya Qo‘mita tuzilib, ular poytaxtda doimiy ravishda ishlashi ko‘zda
tutilgan edi. Hukumatning 5 ta a’zosi Farg‘ona viloyatidagi Namangan, Andijon, Marg‘ilon,
Qo‘qon, O‘sh tumanlarining harbiy boshliqlari etib tayinlanadigan bo‘ldi. Qolgan 7 kishi esa –
harbiy, tashqi ishlar, ichki ishlar, pochta va telegraf, diniy ishlar, moliya, adliya, transport vazirlari
qilib tayinlanishlari lozim edi. Ammo, bu hukumat 1922 yilning oxiriga kelib tarqalib ketdi. Chunki
142
hukumat a’zolari o‘zlariga topshirilgan vazifalarni bajarish o‘rniga janglarda ishtirok etishga majbur
bo‘lgan edilar.
1919 yil 19 yanvarda harbiy komissar K.Osipov boshchiligida Toshkentda isyon ko‘tarildi.
K.Osipovning buyrug‘i bilan 14 nafar sovet komissarlari otib tashlandi. Isyonchilar tomonidan
sovet hokimiyati ag‘darildi, hokimiyat masalasi Ta’sis Majlisida hal qilinadi, deb e’lon qilindi.
Biroq isyon Toshkent temir yo‘l ustaxonalari ishchilari va boshqa harbiy qismlar tomonidan tezda
bostirildi. K.Osipov avval Farg‘ona vodiysiga, so‘ngra Buxoro amirligiga qochib ketdi. Bu isyon
bahonasida bolsheviklar 1919 yil mart oyi boshida so‘l eserlarni hukumatdan siqib chiqarib, yakka
o‘zlari hukmron bo‘lib oldilar.
1920-1924 yillarda qurolli harakatlar Buxoro va Xorazm respublikalarida ham avj oldi.
Buxoro va Xorazmdagi milliy muxolifatning ozodlik kurashlari alohida o‘ziga xos yo‘nalish va
xususiyatga ega bo‘lib, o‘ta murakkabligi va ziddiyatliligi bilan Turkiston respublikasidagi qurolli
harakatdan ajralib turadi. Bolsheviklar qizil armiya yordamida Buxoro amirligi va Xiva xonligini
kuch bilan ag‘darib, hokimiyatni Buxoroda asosan yosh buxoroliklardan, Xorazmda esa yosh
Xivaliklardan iborat demokratik kuchlar qo‘liga berdi.
Buxoro va Xorazm Xalq Sovet Respublikalarida yuzaga kelgan qurolli muxolifat shu boisdan
ham bir yo‘la ikki kuchga qarshi: birinchidan, bu davlatlar hududida joylashib olgan qizil armiya
qismlariga qarshi, ikkinchidan esa bolsheviklar yordamida hokimiyatni egallab olgan jadidlarga
qarshi muxoliflik urushini olib bordilar. Bu urushning Turkistondagi, xususan, Farg‘ona
vodiysidagi harakatdan farqi ham ana shunda namoyon bo‘ladi.
Biroq, Buxoro va Xorazm respublikalaridagi bu kurashga uning mohiyati va yo‘nalishi nuqtai
nazaridan yondashadigan bo‘lsak, u ham umumiy sovetlarga qarshi harakatning o‘ziga xos
ko‘rinishi edi. Buxorodagi qurolli harakatning o‘ziga xos xususiyati bir guruh qo‘rboshilarning
Buxoro respublikasi hukumati rahbarlariga yo‘llagan maktubida aniq ifodasini topgan edi.
Maktubda vatanparvarlar Buxoroning mustaqilligi, erkin va hur Vatan qurish uchun
kurashayotganliklari, bunday Vatanda kommunistlar bo‘lmasligi lozimligi, “Favqulodda komissiya
orqali kambag‘al aholining mol-mulki tortib olingan”ligi, “bolsheviklar jabr va zulmni avj oldirib
yuborgan”liklari va “Buxoroning mustaqilligi quruq so‘z bo‘lib qolgan”ligi, “haqiqatda undan
darak yo‘q”ligi ta’kidlanadi.
Shuning uchun ham Buxorodagi bu harakat qisqa muddat ichida ommaviy tus olib hatto,
Farg‘ona vodiysidagi harakatga nisbatan ham kuchayib bordi. Fayzulla Xo‘jayevning
ta’kidlashicha, “Sharqiy Buxorodagi bosmachilik o‘zining strategik mavqei jihatidan qaraganda
Farg‘ona bosmachilariga nisbatan kuchliroq edi”.
Buxorodagi qo‘rboshilar o‘rtasida Ibrohimbek (1889-1932) alohida salmoqqa ega. U amirlik
tuzumi ag‘darib tashlangach, Sharqiy Buxorodagi qo‘rboshilar guruhlariga umumiy rahbarlik qilib,
bolsheviklar va bosqinchi qizil armiyaga qarshi mustaqillik kurashini boshladi.
Buxoro mirligining so‘nggi hukmdori –Said Olimxon (1910-1920 )
U o‘z oldiga Buxoro tuprog‘ini qizil askarlardan tozalab, ag‘darib tashlangan amirlik
tuzumini qayta tiklash va saltanatni sobiq amir Sayid Olimxon (1881-1944) qo‘liga olib berishni
asosiy maqsad qilib qo‘ydi. Shuning uchun ham u kurashga kirgan dastlabki kunlardanoq sobiq
Buxoro amiri tomonidan moddiy va ma’naviy jihatdan har tomonlama qo‘llab-quvvatlandi va
rag‘batlantirildi. Ibrohimbek 1921 yil sentabrda bo‘lgan Buxoro qo‘rboshilarining qurultoyida
“Islom lashkarboshisi” unvoniga sazovor bo‘ldi va Buxorodagi barcha istiqlolchilarning oliy bosh
qo‘mondoni qilib saylandi. U qisqa muddat ichida o‘n ming nafardan ortiq askar to‘plab, Qorategin
va Darvoz viloyatlarini qizil askarlar qo‘lidan ozod qilishga muvaffaq bo‘ldi.
Ibrohimbek qo‘l ostidagi Sharqiy Buxoro hududida o‘zining boshqaruv usulini amalga
oshirdi. Joylardagi yangi tuzum tugatilib, uning o‘rniga amirlik davridagi boshqaruv usuli joriy
qilindi. Ibrohimbekni bu yerdagi mahalliy aholi, xususan, laqaylar qo‘llab-quvvatlashardi. Bundan
Turkistonda ish olib borayotgan markaziy hukumat vakillari qattiq tashvishga tushdilar.
“Ibrohimbek – butun Sharqiy Buxorodagi markaziy siymo”, deb tan olinadi ular tayyorlagan
hujjatlarning birida.
1921 yil oktabrda Turkiyaning sobiq harbiy vaziri Anvar Posho (1881-1922) Buxoro shahriga
kelib, biroz muddatdan so‘ng mamlakatning sharqiy qismiga jo‘naydi va sovetlarga qarshi
kuchlarga qo‘shiladi. U tez orada Buxorodagi istiqlolchilik harakatining tan olingan yo‘lboshchisiga
aylandi. Anvar Poshoning sa’yi-harakatlari bilan Sharqiy Buxoroda birlashgan lashkar bunyod etildi
143
va u turk zobitlari bilan mustahkamlandi, g‘arbcha qo‘mondonlik uslubi joriy qilindi. 1922 yil mart
oyida Farg‘ona va Samarqand viloyatlaridan tortib to Xorazm va Sharqiy Buxorogacha bo‘lgan
ulkan hududda Anvar Posho boshchiligida istiqlolchi kuchlarning umumiy fronti tuzildi. Butun
Turkiston hududida bolsheviklarga qarshi kurashayotgan kuchlarning harakatlari yagona markazga
muvofiqlashtirildi. Boymirza Hayitning ta’kidlashicha, Anvar Posho ko‘rsatmasi bilan Buxoro,
Farg‘ona, Xorazm qo‘rboshilarining uchrashuvlari muntazam o‘tkazib turildi va ularga kerakli yo‘l-
yo‘riqlar berildi. Anvar Posho bilan Shermuhammadbek va Junaidxon o‘rtasida doimiy ravishda
o‘zaro aloqalar bo‘lib turgan. 1922 yil 15 aprelda Boysun atrofidagi Kofirun qishlog‘ida bo‘lgan
Turkiston qo‘rboshilarining qurultoyida Anvar Posho istiqlolchilarning Oliy bosh qo‘mondoni va
siyosiy rahbari qilib saylandi. “Ular o‘sha paytda millatparvarlik harakatining eng qudratli, ehtimol
eng ommaviy qismini tashkil qila oldilar”, - deb yozgan edi xorijlik tadqiqotchi Glenda Frezer.
1922 yil 4 avgustda Anvar Posho Baljuvon yaqinida bo‘lgan janglarning birida halok bo‘ldi.
Anvar Poshoning o‘limi haqidagi xabar butun Turkistonga yashin tezligida tarqaldi. Unga atab
motam marsiyalari to‘qildi. Ana shunday motam marsiyalaridan eng mashhuri Cho‘lpon qalamiga
mansub “Baljuvon” marsiyasidir. Bu marsiya 1922 yil avgust oyida bitilgan.
Buxoroning markaziy va g‘arbiy viloyatlarida ham kurash shiddatli tus oldi. Qisqa muddat
davomida Mulla Abdulqahhor (1884-1924) boshchiligida poytaxt Buxoro tumanlarida lashkar
to‘plandi va jangovar harakatlar olib borildi. Shuningdek, Mulla Abdulqahhor rahbarligida Buxoro,
Karmana va Nurotada o‘nlab qo‘rboshi guruhlari faoliyat ko‘rsatdi. Bir hujjatda yozilishicha,
G‘arbiy Buxoroda uning qo‘l ostida 20 ta qo‘rboshi birlashgan. O‘rmon Polvon, Hayit Amin, Oston
Qorovulbegi, Hamro Polvon, Azimxo‘ja, Metan Polvon uning eng nufuzli qo‘rboshilari sanalgan.
Ular asosan G‘ijduvon, Shofirkon, Vobkent, Romitan tumanlari va Nurotada o‘z faoliyatlarini
kuchaytirdilar.
Ularning katta armiyasi 1922 yil mart oyining boshida poytaxt Buxoro shahriga yurish qildi.
Ular qizil askarlar bilan shahar atrofida bo‘lgan ikki kunlik shiddatli janglardan so‘ng Buxoro
shahrining katta bir qismini egalladilar va bir necha soat mobaynida o‘z qo‘llarida tutib turdilar.
So‘ngra shahar atrofidagi Bahouddin Naqshband ziyoratgohini bosqinchilardan tozaladilar.
Buxorodagi vatanparvarlarga qarshi kurash qizil armiya va uning qo‘mondonligidan katta
kuch-g‘ayrat talab qildi. Moskva, Toshkent, Buxoroda 1923 yil may-iyun oylarida o‘tkazilgan oliy
darajadagi bir qator rasmiy anjumanlarda bu masala eng dolzarb muammo sifatida kun tartibida
turdi.
Mulla Abdulqahhor yigitlari bilan qizil askarlar o‘rtasida 1924 yil yozi va kuzida G‘ijduvon
tumanining G‘ishti va Katta G‘amxo‘r qishloqlarida, Nurota tog‘larida, Shofirkon tumaniga tutash
Qizilqumning Jilvon qumliklarida, Bog‘iafzal va Vardonze qishloqlarida qattiq to‘qnashuvlar
bo‘ldi. Kuchlar teng bo‘lmagan ushbu janglarda G‘arbiy Buxoro vatanparvarlarining yetakchisi
mag‘lubiyatga uchradi. G‘arbiy Buxorodagi qo‘rboshilar guruhlariga sezilarli zarba berildi Mulla
Abdulqahhor qo‘rboshi Qizilqum cho‘llarida qizil askarlar bilan bo‘lgan to‘qnashuvlarning birida,
1924 yilning oxirida halok bo‘ldi.
Buxorodagi bu harakat qizil armiya va bolsheviklarning tajovuzkorligi, zo‘ravonligi va
talonchilikka qarshi qaratilganligi bilan alohida ahamiyatga ega. Mujohidlarning asosiy maqsadi
qizil qo‘shinni haydab yuborish, milliy qadriyatlar, asriy e’tiqod va urf-odatlarning poymol
qilinishi, xo‘rlanishiga barham berish edi. Yuqorida ham aytib o‘tilganidek, vatanparvar kuchlar
Buxoroda ikki jabhada turib kurash olib borishlariga to‘g‘ri keldi. Bir tomondan, amirlik tuzumi
tarafdorlari bo‘lgan istiqlolchilar (ular o‘zlarini mujohidlar deb atashgan) jadidlardan iborat yosh
Buxoro hukumatiga va shuningdek, qizil armiya qo‘shinlariga qarshi kurash olib bordilar
(Ibrohimbek, Mulla Abdulqahhor va b.). Ikkinchi tomondan, milliy istiqlol g‘oyalariga sodiq
bo‘lgan istiqlolchilar Fayzulla Xo‘jayev boshliq Buxoro Xalq Respublikasi hukumati bilan yashirin
aloqalar o‘rnatib, Buxoroning muqaddas tuprog‘idan bosqinchi qizil askarlarning olib ketilishi,
Buxoro respublikasining mustaqilligi amalda qaror topishi uchun kurashdilar (Anvar Posho,
Davlatmandbek, Jabborbek va b.). Aynan ular safiga keyinchalik Buxoro respublikasining juda
ko‘pchilik rahbarlari (Buxoro MIKning birinchi raisi Usmonxo‘ja Po‘latxo‘jayev, harbiy ishlar
noziri Abdulhamid Oripov, respublika militsiyasi va Cheka (Favqulodda komissiya) boshlig‘i Ali
Rizo Afandi va b.) qo‘shildilarki, bu arboblarning aksariyati kechagi jadidlar va yosh buxoroliklar
edi. Afsuski, Buxoro hukumati tarkibidagi milliy vatanparvar kuchlar bilan muxolifatdagi qurolli
istiqlol guruhlarining yo‘lboshchilari o‘rtasidagi ochiq kelishuv amalga oshmadi.
144
Xorazm respublikasida ham 1920 yil bahoridan boshlab qizil askarlarning talonchilik va
zo‘ravonliklariga qarshi harakat boshlandi. Qurolli kurashni turkmanlarning yovmut urug‘i
boshlig‘i Qurbon Mamed Sardor-Junaidxon (1857-1938) boshchiligidagi guruhlar ko‘p yillar
davomida olib bordi. Uning qo‘shini saflarida o‘zbek, qoraqalpoq va qozoqlar ham ko‘pchilik edi.
Qisqa muddatda Junaidxon o‘z qo‘shinini 20000 kishiga yetkazdi.
O‘zbek dehqonlari va hunarmandlaridan iborat guruhlarga Madrayimboy, Sa’dulla bola,
Shokir bola, Mavlonbek va boshqalar rahbarlik qildilar. Xususan Ko‘hna Urganch, Ilonli,
Toshhovuz, Mang‘it, Qo‘shko‘pir, Chimboy, Qo‘ng‘irot va To‘rtko‘lda harakat qilgan o‘nlab
sardorlarning guruhlari qizil askarlarga jiddiy zarbalar berdi. Junaidxon boshchiligidagi armiya
hujumga o‘tib, 1920 yil yozida Ko‘hna Urganch, Xo‘jayli, Ilonli va Taxtani qayta egalladi, ko‘plab
qizil askarlarni asir oldi. Junaidxon sovet qo‘mondonligiga maxsus maktub yuborib, agar qizil
armiya Xorazmdan chiqib ketmasa, asirlarni otib tashlashini bildirdi.
1921 yil yozida Qo‘ng‘irotda qo‘zg‘olon ko‘tarildi. Bunday ommaviy ko‘tarilishlar tez-tez
takrorlanib turdi. Qishloq va shaharlar aholisi istiqlolchilarga xayrixohlik bildirishdi. 1922-1923
yillarda Xorazmda olib borilgan jangovar harakatlar qizil armiya qo‘mondonligini tang ahvolga
solibgina qolmay, balki respublikadagi siyosiy muhitga ham jiddiy ta’sir qildi.
Sovet hokimiyati 1923 yil oxirida Junaidxon bilan sulh muzokaralarini boshlashga urinib
ko‘rdi. Biroq Junaidxon o‘zining oldingi talabini, ya’ni: 1) sovet qo‘shinlarini Xorazmdan darhol
olib chiqib ketish; 2) shariatga to‘la erkinlik berish; 3) barcha sobiq hokimlar va oqsoqollarni yana
o‘z lavozimlariga tiklash; 4) soliqlar va patentlarni bekor qilishni qat’iy talib qildi. Biroq bu
talablarni sovet hukumati rad qilgach, muzokaralar o‘z-o‘zidan to‘xtab qoldi.
Junaidxon qo‘lida bo‘ paytda katta miqdorda harbiy kuch to‘plangan edi. Shu bilan birga
1923 yilning dekabrida Pitnak, Hazorasp, Bog‘ot, Xonqa tumanlarida yangi sovet hukumatiga
qarshi dehqonlarning ommaviy qo‘zg‘olonlari boshlanib ketdi. Qo‘zg‘olonchilar joylardagi sovet
tashkilotlarini tugatib, mamlakat poytaxti Xiva shahri ustiga yurish qildilar. Qoraqumda turgan
Junaidxon qo‘shini ham g‘arb tomondan, bir vaqtning o‘zida shaharga qarab harakat boshladi.
Xorazm respublikasida sodir bo‘layotgan voqealarning bunday jiddiy tus olishidan tashvishga
tushgan RKP(b) MK O‘rta Osiyo byurosi 1924 yil 6 yanvarda bu masalani muhokama qildi.
Junaidxon boshchiligidagi istiqlolchilarga qarshi kurashish uchun E.Berzin (rais), Gorodetskiy,
Adinayev va Xidiraliyevdan iborat favqulodda komissiya tashkil qilindi va u Xorazm
respublikasiga jo‘natildi.
1924 yil 10 yanvardan boshlab Junaidxonning 15000 kishilik piyoda va otliqlardan iborat
qo‘shini Xiva shahrini qamal qilishga kirishdi. 16 yanvarda Xorazm respublikasida harbiy holat
joriy qilindi. Xorazmga zudlik bilan Rossiyadan qo‘shimcha harbiy qismlar keltirildi. Natijada
Junaidxon qo‘shini qariyb bir oy davom etgan qamalni to‘xtatib, orqaga chekinishga majbur bo‘ldi.
Katta harbiy kuchni to‘plagan qizil armiya qismlari Junaidxon va boshqa vatanparvar kuchlarga
qarshi hujumga o‘tdi. Mart-aprel oylarida bo‘lgan janglarda Junaidxonning piri bo‘lgan Og‘ajon
Eshon va boshqa qator sardorlar asir olindi.
Xorazm vohasida istiqlolchilik harakati ayrim guruhlar tomonidan 1935 yilgacha davom etdi.
Harakat Sharqiy Buxoro va Farg‘ona vodiysida ham ba’zi uzilishlar bilan yuqoridagi davrgacha
mavjud bo‘ldi. Turkiston mintaqasidagi qurolli harakat tarixiga yakun yasab, bu harakatni keng xalq
ommasi, birinchi navbatda dehqonlar va hunarmandlar qahr-g‘azabi hamda noroziligining yuksak
darajaga ko‘tarilganligi ifodasi deb e’tirof etishiga to‘g‘ri keladi.
O‘zbekiston XKS raisi Fayzulla Xo‘jayev 1927 yilda yuqoridagi harakatga baho berib,
quyidagilarni yozgan edi: “Bosmachilik harakati shiddatli siyosiy, aksilsovet xususiyat kasb etdi va
butun O‘rta Osiyoning mavjud uch respublikasi-Buxoro, Turkiston va Xorazmdagi dehqonlar
aholisining qariyb ommaviy harakatiga aylandi. Harakatning dohiylari faqatgina... Ko‘rshermat
(Shermuhammadbek), Ibrohimbek kabilar... bo‘lib qolmasdan, balki unga mahalliy milliy ziyolilar,
mulla va boylar ham rahbarlik qila boshladilar...”
Bu harakatga aloqador bo‘lgan umumiy xususiyat bosqinchi qizil armiyani, bolsheviklarni
Vatanimiz hududidan olib chiqib ketish talabi edi. Bu talab butun harakat davomida ilgari surildi.
Shunday qilib, qizil armiya bosqini va mustabid sovet hukumatiga qarshi ko‘tarilgan qurolli
harakat 1935 yilga kelib butun Turkiston mintaqasida mag‘lubiyatga uchradi.
Biroq vatanparvar bobolarimiz to‘kkan qutlug‘ qon behuda ketmadi. Turkiston mintaqasidagi
bu harakat O‘zbekistonni mustaqillikka erishishi uchun bo‘lgan kurashlari bosqichida muhim rol
145
o‘ynab, XX asrdagi Vatanimiz tarixining shonli sahifalarini tashkil qiladi. Zero, ona-Vatan
mustaqilligi uchun bo‘lgan janglarda shahid ketgan ota-bobolarimizning xotirasi hech qachon
unutilmaydi.
Farg‘ona vodiysida sovet hokimiyatiga qarshi olib borilgan kurashlar 1924 yilning oxirlariga
kelib, mag‘lubiyatga uchradi. Istiqlolchilik harakatlarining mag‘lubiyatga uchrashi birdaniga sodir
bo‘lmadi albatta. Buning o‘ziga xos sabablari mavjud edi. Bolshevikcha rejim rahbarlari Turkiston
mintaqasidagi qo‘rboshilar o‘rtasiga turli nizolar solib, ularning birligiga putur yetkazishga
urindilar. Qo‘rboshilar orasidagi mavjud ba’zi kelishmovchiliklar (harbiy guruhlarga rahbarlik
qilish va ta’sir doirasini o‘rnatish uchun o‘zaro raqobat, turli maishiy sabablar va boshqa
ixtiloflar)ni qurolli to‘qnashuv va mojarolar darajasiga olib chiqdilar. Shu yo‘l bilan ular
qo‘zg‘olonchilar safini zaiflashtirishni va Turkistonga yangi qizil armiya qismlarini olib kelish
orqali 1923 yilda ularni butunlay tugatishni rejalashtirgan edilar. Lekin bu maqsadga erisha olmadi.
Olti yillik urushdan charchagan va holdan toygan Farg‘ona xalqi esa bir tomondan, ochlik va
qashshoqlik natijasida sovet hukumatining muruvvat ko‘rsatishi (dehqonlarga yer va turli qarzlar
berish, ularga urug‘lik va asbob uskunalar bilan ta’minlash) evaziga bolshevikcha tuzumni e’tirof
qilishga majbur bo‘lsa, ikkinchi tomondan, milliy g‘ururi, or-nomusi va qadriyatlari tahqir
qilinayotganini ko‘rib, kurashchilarni imkoniyat darajasida qo‘llab-quvvatlashda davom etardi.
Qurolli harakatga qarshi bolsheviklar hukumati kurashning barcha vositalarini ishga solib, aholi
o‘rtasida ularga qarshi targ‘ibot-tashviqotlarni avj oldirdi, ulamolar va eshonlarning bir qismini
sovet tuzumini qo‘llab-quvvatlashga ko‘ndirdi, asir olingan yoki taslim bo‘lgan qo‘rboshilar va
ularning yigitlarini aholi ko‘z o‘ngida ayovsiz ravishda jazoladi, qo‘zg‘olonchilarga hayrihoh deb
topilgan va ularning ta’minotchilari sifatida shubxa qilingan tinch aholi vakillari ommaviy ravishda
hibsga olindi va otib tashlandi, ozodlik kurashchilarining oila a’zolari garovga olinib, qiynoqlarga
solindi va o‘ldirildi, ularning mol-mulklari musodara etildi, sun’iy ravishda ocharchilik vujudga
keltirildi, aviatsiya yordamida ulaarning qarorgohlari bombardimon qilindi, ariq, buloq va
quduqlardagi suvni zaharlash kabi usullar yordamida vatanparvarlarni yo‘q qilishga harakat qildilar.
Bolsheviklar maxsus xizmat hodimlari – chekistlar bilan birgalikda ayrim josuslar, sotqinlar va
ayg‘oqchilarni ham ishga solishdi. Xalqaro huquq va qonunlarga zid ravishda sovet Rossiyasining
qizil armiya qo‘mondonligi istiqlolchilarga qarshi janglarda va harbiy amaliyotlarda maxsus
kimyoviy qurollar (zaxarli gaz qo‘lash, kimyoviy snaryadlar portlatish)dan foydalandi, asirlarga
nisbatan vaxshiyona munosabatda bo‘ldi. O‘zini xalqchil deb atagan sovet hukumati va uning
baynalmilal qizil armiyasi ana shunday yovuz choralar bilan butun Turkistondagi qurolli harakatga
qarshi kurash olib bordi.
Farg‘ona vodiysidagi milliy muholifat pirovardida mag‘lubiyatga uchrashlarini aniq
bilishsalarda, bosqinchi qizil armiyaga qarshi kurashlarini aslo bo‘shashtirmadilar.
Sovet hokimiyatiga qarshi ko‘tarilgan qurolli harakat mag‘lubiyatining ko‘plab asosli
sabablari bor, albatta. Qurolli harakatning mag‘lubiyatga uchrashi sabablari sifatida quyidagilarni
ko‘rsatish mumkin:
- Vatan kurashchilarining ulug‘vor maqsadlar sari aholi barcha tabaqalarini jipslashtirishga
qodir bo‘lgan yagona milliy g‘oyaga tayanmaganligida edi;
- Harakat yagona dastur asosida tashkil etilmadi;
- Qo‘rboshilar siyosiy kurashda toblangan ilg‘or jadid namoyandalarini harakatga faol jalb
qila olmadilar;
- Harakatning bir markazdan turib boshqarilmaganligi, joylarda harakat qilgan kuchlar
o‘zlarining tor hududiy chegaralari bilan o‘ralashib qolganligi, mahalliy qo‘rboshilarning o‘z
manfaatlariga berilishi, dunyoqarashi torligi, cheklanganligi, bir-birlari bilan kelishaolmasligi,
o‘zboshimcha xatti-harakatlarga intilishi kabi hollar oxir-oqibatda bu kurashning borishiga jiddiy
salbiy ta’sir qildi;
- Qurolli harakatda kuchlarning yetarli moddiy – ta’minot bazasiga, qurol – aslaha zahirasiga
ega bo‘lmaganligi ham o‘z ta’sirini ko‘rsatdi;
- O‘lkada mustahkam o‘rnashgan sovetlar esa o‘z qo‘shinini yetarli darajada zamonaviy
qurol – yarog‘lar va harbiy kuchlar bilan ta’minlay olgan edi. 1919 yilda uning tasarrufida 115376
nafar jangchi, shuningdek, 11112 ta pulemyot, yuzlab to‘plar, bronepoyezdlar, o‘nlab samolyotlar
va boshqa zamonaviy qurollar mavjud edi; Harbiy kuchlar nisbatidagi bunday ustunlik kurash
taqdirini qizillar foydasiga hal etilishiga olib keldi;
146
- Ayyorlikda pixini yorgan sovet mutasaddilari har bir vaziyatdan ustamonlik bilan
foydalandilar. Ular kerak bo‘lsa o‘zlari yo‘l qo‘ygan qo‘pol xatolarini tuzatish, dehqonlarga yer
berish, ularni afv etish, soliqlar miqdorini bir qadar kamaytirish, Madaminbek singari taniqli
qo‘rboshilar bilan muzokaralar olib borish, o‘zaro yon berish orqali mahalliy aholi noroziligini
yumshatish, ularni o‘z tomoniga ag‘darib olish tadbirlarini ham qo‘lladilar. Bu tadbirlar qurolli
harakat istiqboliga salbiy ta’sir o‘tkazmasdan qolmadi, albatta.
Bu xalq harakati millionlab yurtdoshlarimiz hayoti va qismatida o‘chmas fojiali iz qoldirdi.
Minglab oilalarning o‘z ona zaminini tark etib, begona yurtlarga bosh olib ketishlariga sabab
bo‘ldi. Qolaversa, qanchalab son – sanoqsiz odamlar mana shu milliy fojia bois mamlakatning
boshqa, uzoq hududlariga surgun va badarg‘a qilindi. Biroq bu xalq harakati bejiz ketmadi. U
yurtdoshlarimizga katta, ibratli saboqlar berdi, ularning kurash tajribasining boyishiga muhim ta’sir
ko‘rsatdi. Zero, ona O‘zbekistonimizning istiqlolga yuz tutib, dorilamon zamonlarga musharraf
bo‘lishida, bugungi baxtiyor avlod kishilarining mustaqillik oliy ne’matidan to‘la bahra topishida
o‘sha 20–30-yillarda bobokalonlarimiz qilgan ulkan sa’y – harakatlar, bergan bemisl qurbonlarning
ibrati oz muncha emas. Ularning yorqin, porloq xotirasi hozirgi minnatdor avlod kishilarining
yodida, shuurida hamisha saqlanadi, faxr – iftixor tuyg‘usi bilan eslanadi.
Xulosa qilib aytish mumkinki, Turkiston Muxtoriyatining tugatilishi istiqlolchilik
harakatlarining boshlanishiga turtki bo‘lib xizmat qildi. Dastlab Farg‘ona vodiysida boshlangan bu
kurashlar keyinchalik butun Turkiston mintaqasiga yoyildi. Istiqlolchilik harakatlari o‘zining
ko‘lami, ishtirokchilari, yo‘lboshchilari, maqsad va vazifalari bilan boshqa kurashlardan farqlanib
turgan. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, istiqlolchilik harakatini yagona markazga uyushtirishda
qo‘rboshilar katta rol o‘ynashdi. Ular yurt ozodligi uchun sovet va qizil armiyaga qarshi
kurashdilar. Istiqlolchilik harakatlari tarkibida aholining barcha qatlamlarini uchratish mumkin edi.
Asosiy qatnashchilar sifatida dehqonlar va hunarmandlar ishtirok etdi. Harakatning milliy tarkibida
esa o‘zbek, qirg‘iz, tojik, qozoq, turkman shuningdek, turk, afg‘on va rus millatiga mansub kishilar
kurash olib borganligini ko‘rish mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |