O`zbekiston tarixi kafedrasi o’zbekiston tarixi


-mavzu. 1917 yil fevral inqilobining va Oktabr to’ntarishi



Download 3,02 Mb.
Pdf ko'rish
bet22/105
Sana28.04.2022
Hajmi3,02 Mb.
#588632
1   ...   18   19   20   21   22   23   24   25   ...   105
Bog'liq
O`zbekiston tarixi kafedrasi o’zbekiston tarixi

11-mavzu. 1917 yil fevral inqilobining va Oktabr to’ntarishi
Reja: 
1.
1917 yil boshlarida Rossiyadagi siyosiy vaziyat, Petrograddagi inqilobiy voqealarning 
nihoyasiga yetishi. Monarxiyaning ag'darilishi. Qo'shhokimiyatchilik.
2.
Rossiyadagi fevral burjua-demokratik inqilobining Turkiston o’lkasi musulmon axolisining 
siyosiy jixatdan uyg’onishiga ta’siri. O’lkada qo’shxokimiyatning tarkib topa boshlanishi. 
Sovetlarlarning tuzilishi, Turkiston komiteti va uning faoliyati. Toshkent soveti, Milliy 
demokratiya, jadidlar xarakati, maxalliy axolining jamoat tashkilotlari.
3
. Xalq vakillarining birinchi majlisi. «Sho’roi islom» tashkilotining tuzilishi va uning 
faoliyati. Toshkentda musulmonlarning butun Turkiston syezdi (1917 y. 17-21 aprel) va unda 
ko’rilgan masalalar, syezdning so’ngi majlisida - Turkiston o’lka musulmonlari Sho’rosi. 


116 
(«O’lkamusshuro»)ning tuzish to’g’risida qabul qilgan qarori, Nizomi va ushbu tashkilot 
a’zolarining faoliyati xamda Turkiston jamoatchiligi tomonidan Milliy Markaz deb e’tirof etilishi. 
Adabiyotlar. 
1. I.Karimov. Yuksak ma’naviyat - yengilmas kuch. Toshkent: Ma’naviyat, 2008.
2. Mustabid tuzumning O‘zbekiston boyliklarini talash siyosati: tarix shohidligi va saboqlari. 
Mualliflar jamoasi. – Toshkent: Sharq, 2000. 
3. Usmonov Q., Sodiqov M., Oblomurodov N. O‘zbekiston tarixi. I qism. – Toshkent: 
Abdulla Qodiriy nomidagi xalq merosi nashriyoti, 2002. 
4. Tillaboyev S. Turkiston o‘lkasining boshqaruv tizimida mahalliy aholi vakillarining 
ishtiroki (Farg‘ona viloyati misolida). – Toshkent: Fan, 2008. 
5. Yunusova X. Toshkentda 1892 yilgi xalq qo‘zg‘oloni. Sariog‘och, 1998. 
6.Eshov B. O‘zbekistonda davlat va mahalliy boshqaruv tarixi. – Toshkent: Yangi asr avlodi, 
2012. 
7. Shamsutdinov R., Karimov Sh., Ubaydullaev U. Vatan tarixi. (XVI-XX asr boshlari). 
Ikkinchi kitob. – Toshkent: Sharq, 2010. 
8. O‘zbekiston tarixi. Mualliflar jamoasi. – Toshkent: Yangi asr avlodi, 2003. 
9. O‘zbekiston tarixi. Mualliflar jamoasi. – Toshkent: Akademiya, 2010. 
10. O‘zbekistonning yangi tarixi. Turkiston Rossiya imperiyasi mustamlakachiligi davrida. 
Birinchi kitob. – Toshkent: Sharq, 2000. 
11. Musayev N. Turkistonda sanoat ishlab chiqarishining vujudga kelishi va rivojlanishi 
tarixidan (XIX asrning ikkinchi yarmi XX asr boshlari). – Toshkent: Iqtisod-moliya, 2011. 
12. Ismoilova J. XIX asrning ikkinchi yarmi - XX asr boshlarida Toshkentning “Yangi 
shahar” qismi tarixi. – Toshkent: Fan va texnologiya. 2004.
XX asrning boshlarida dunyodagi siyosiy jarayonlar, turli harbiy to‘qnashuvlar, jumladan, 
Rossiyaning rus-yapon urushida mag‘lubiyatga uchrashi, undan keyin bo‘lib o‘tgan birinchi rus 
inqilobi xalqaro maydonda podsho imperiyasining obro‘-e’tiborini pasayishiga, Rossiyaning 
iqtisodiy jihatdan zaiflashuviga sabab bo‘lishi bilan bir qatorda, mustamlaka xalqlar orasida milliy 
o‘zlikni anglash, milliy ozodlikka intilish jarayonlariga sezilarli ta’sir o‘tkazdi. Mazlum xalqlar o‘z 
haq-huquqlarini taniy boshlagan bir sharoitda Rossiyaning birinchi jahon urushiga qo‘shilib ketishi 
vaziyatni yanada keskinlashtirdi.
Bunday vaziyat o‘sha paytda Rossiya hukmron doiralari bilan muxolifatda bo‘lgan va liberal-
demokratik o‘zgarishlar harakatida bo‘lgan kuchlarning yanada faollashuviga imkoniyat yaratdi. 
Qaram o‘lkalardagi nochor vaziyat, urush maydonlaridagi ulkan yo‘qotishlar, Rossiyaning 
markaziy rayonlaridagi iqtisodiy tanglik 1917 yilga kelib butun Rossiya imperiyasini inqilobiy-
siyosiy jarayonlar domiga tortilishiga sabab bo‘lgan edi. Eng muhimi esa, inqilobiy o‘zgarishlarni 
aholining deyarli barcha ijtimoiy qatlamlari qo‘llab-quvvatlar edilar. Natijada 1917 yil 27 fevralda 
inqilobiy kuchlarning kurashi natijasi o‘laroq Rossiyadagi mutlaq monarxiya podsho hukumati 
ag‘darib tashlandi. Romanovlar sulolasining so‘nggi vakili Nikolay II o‘z ukasi Mixail foydasiga 
taxtdan voz kechdi. Mixail esa Ta’sis Majlisining roziligisiz taxtni qabul qilmasligini bildirdi. 
Ta’sis Majlisi esa Rossiya imperiyasi tugatilganligi to‘g‘risida Qaror qabul qildi. 28 fevral imperiya 
poytaxti Petrograddagi voqealar inqilobiy Petropavlovsk qal’asi va Qishki saroyni bosib olish va 
imperiya hukumati vazirlarini qamoqqa olish bilan yakun topdi. Ishchilarning ish tashlashlari va 
umumshahar namoyishlar uyushtirish, soldatlarning qo‘zg‘olon ko‘targan aholi bilan birlashuvi 
natijasida mirshablar bilan qonli to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tdi. Ag‘darib tashlangan podsho hukumati 
o‘rniga ko‘ppartiyaviylik asosidagi ikki hokimiyatchilik-demokratik diktatura Muvaqqat hukumat 
(tarkibida mensheviklar, eserlar va b.) va sovetlar diktaturasi Butun Rossiya Sovetlari MK tuzildi.
Muvaqqat hukumatning 1917 yil 3 martda Petrogradda e’lon qilingan bayonnomasi va 6 
martda e’lon qilingan “Rossiya fuqarolariga murojaatnoma”da bundan keyingi bo‘ladigan 
demokratik o‘zgarishlarning dasturi bayon etildi. Bunda Muvaqqat hukumat tomonidan amalga 
oshiriladigan siyosiy erkinliklar – so‘z, matbuot, uyushmalar tashkil etish; yig‘ilishlar o‘tkazish 
erkinligini kiritish, halqqa o‘z siyosiy irodasini ifodalash huquqini berish; barcha tabaqaviy, diniy 
va milliy cheklanishlarni man etish; boshqaruv shakli va mamlakat Konstitutsiyasini qabul qilishi 
lozim bo‘lgan Ta’sis majlisini umumiy, teng, to‘g‘ridan-to‘g‘ri va yashirin ovoz berish asoslarida 
chaqirishga darhol tayyorgarlik ko‘rish, mahalliy o‘zini-o‘zi boshqaruv organlariga saylovlar 
o‘tkazish; politsiyani xalq militsiyasi bilan almashtirish; to‘liq siyosiy amnistiya (umumiy avf etish) 


117 
haqida tantanali bayon etildi. Ta’kidlash lozimki, Muvaqqat hukumatning tashqi siyosatida sezilarli 
o‘zgarishlar bo‘lmaganligi sababli avvalgi hukumatning ittifoqdosh davlatlar bilan tuzgan 
shartnoma va bitimlarini so‘zsiz bajarishni o‘z zimmasiga oldi.
Adabiyotlarda ta’kidlanishicha, voqealarning keyingi rivoji fevral inqilobining demokratik 
imkoniyatlari to‘liq amalga oshirilmaganligini ko‘rsatdi. Ko‘pgina va’dalar quruq bayonot 
darajasida qolib ketdi. Tub o‘zgarishlarga chaqiriqlar amaliy o‘zgarishlarda o‘z aksini topmadi. 
Muvaqqat hukumat Turkistondagi ijtimoiy harakatlarni qo‘llagan bo‘lsa-da, ayni paytda “Rossiya 
imperiyasi davridagi butunlikni saqlash” siyosatini olib bordi. Chunonchi, general-gubernator 
podsho ag‘darilganidan keyin ham, ancha vaqt o‘lkani boshqarib turdi.
1917 yil iyun oyidagi imperiya markazidagi voqealar, F.Kerenskiy boshchiligidagi yangi 
hokimiyat tuzumini barpo etish, dastlabki e’lon qilingan qonun hujjatlarini Rossiya mustabid 
tuzumining ko‘p asrlik hukmronligi bilan aloqani uzib, demokratiya, ijtimoiy adolat yo‘liga 
kirayotganini butun dunyoga ma’lum qildi. Mamlakat aholisining ko‘pchiligi, uning 
mustamlakalaridagi juda ko‘p xalqlari, turli sinflari, qatlamlari, ijtimoiy harakatlari inqilobni 
qo‘llab-quvvatladilar. O‘z turmushini demokratik asosda qayta qurish, o‘z davlatini idora qilishda 
bevosita ishtirok etish istagi ularning ijtimoiy ijodkorligini faollashtirdi. Ammo, Turkistondagi 
ijtimoiy-siyosiy vaziyat boshqacha edi. 
1917 yil 27 fevralda Petrogradda bo‘lgan demokratik inqilob Turkiston o‘lkasiga ham o‘z 
ta’sirini o‘tkazdi. Turkiston xalqlarining inqilobiy o‘zgarishlarga qo‘shilishi bir xil kechmadi, 
o‘lkaning bugungi kuni va kelajagiga turlicha qaraydigan xilma-xil kuchlar mavjud bo‘lib, ular ikki 
muqobil oqim - o‘ng va so‘llarga ajralgan edi. Feodal-diniy mafkura vakillari bo‘lgan o‘nglar 
mahalliy ma’muriyatda mansabga ega bo‘lgan hamda tegishli imtiyozlardan foydalangan 
amaldorlar, feodallar va ruhoniylar yirik mulkdorlarning manfaatlarini ifoda etardilar. O‘nglar 
imperiya hokimiyati davrida mustamlakachi ma’muriyat siyosatini to‘la-to‘kis quvvatlaganliklari 
bois, muvaqqat hukumatning imperiya institutlarini saqlashga qaratilgan tadbirlarini qo‘llab-
quvvatlash tarafdorlari bo‘lganlar.
So‘l oqim esa, ijtimoiy tuzumning tubdan o‘zgarishidan, mustamlaka siyosiy va iqtisodiy 
tuzilmalarni tugatishdan o‘ta manfaatdor bo‘lgan ijtimoiy guruh va qatlamlar manfaatlarini o‘zida 
aks ettirgan edi. So‘l oqim siyosiy jihatdan ancha tabaqalashgan bo‘lib, avvalo, hokimiyatdan 
chetlatilgan, imperiyaning bosqinchilik va mustamlakachilik siyosatidan noroziligini ochiq 
aytadigan feodal-diniy qatlamlarni o‘z ichiga olgan. Ular fevral inqilobigacha bo‘lgan davrda 
qurolli qo‘zg‘olon yo‘li bilan ozodlik va mamlakat mustaqilligiga erishish, xon hokimiyati va 
shariat qonunlari, mulkdorlar va musulmon ruhoniylarining yo‘qotilgan imtiyozlarini tiklash, o‘lka 
xalq ommasini yevropacha madaniyat va ahloq ta’siridan saqlash g‘oyasini ilgari surdilar. So‘llar 
harakatidagi boshqa yo‘nalishda radikal kayfiyatdagi milliy ishchi, dehqon, xunarmand va boshqa 
mehnatkashlar ham bor edi. 
Rossiyada fevral inqilobining amalga oshishi, siyosiy tuzumning o‘zgarishi, demokratik 
jarayonlarning yuzaga kelishi uchun qulay imkoniyatlarning ochilishi Turkistondagi ijtimoiy-
siyosiy voqealarning borishiga ijobiy ta’sir ko‘rsatdi. Turkiston general-gubernatorligi mahkamasi 
tugatildi. Uning o‘rniga Muvaqqat hukumatga bo‘ysunuvchi Turkiston qo‘mitasi tashkil etildi. Ayni 
chog‘da viloyatlardagi harbiy gubernatorlik lavozimari ham tugatildi. Ularning o‘rniga viloyat 
komissarlari lavozimi joriy etildi. 
Fevral o‘zgarishi Turkiston o‘lkasi xalqlari hayotida muayyan demokratik jarayonlarni baxsh 
eta bordi. Keng xalq ommasi, uning turli ijtimoiy qatlamlari faol harakatga kela boshladi. O‘lkaning 
yirik shaharlarida tashkil to‘gan va asosiy tarkibi mahalliy millat vakillaridan iborat kasaba 
uyushmalari, turli kasb kishilarini birlashtirgan uyushmalar ham aholining tub manfaatlarini, 
ularning iqtisodiy va siyosiy talablarini himoya qilib faoliyat yuritdilar. 1917-yilning may oyiga 
kelib Turkiston o‘lkasidan mardikorlikka olinganlarning qaytib kelishi ham inqilobiy kuchlar safini 
toldirib bordi. Bu o‘rinda fevral o‘zgarishidan keyin o‘lka xalqlari hayotida muhim rol o‘ynagan, 
ularning siyosiy faolligini oshirishga xizmat qilgan ko‘plab inqilobiy-demokratik tashkilotlar, 
siyosiy firqalar, kasaba uyushmalari faoliyatiga alohida urg‘u bermoq kerak bo‘ladi. Gap shundaki, 
bu davrda Rossiyada faoliyat yuritayotgan ko‘plab siyosiy partiyalar, jumladan, eserlar, sotsial-
demokratlar va boshqa partiyalarning mahalliy tashkilotlari Turkistonda ham o‘z faoliyatlarini 
aktivlashtirib, aholining turli ijtimoiy tabaqalarini o‘zlariga jalb qilish, o‘z dasturiy g‘oyalarini 
ularning ongi, shuuriga singdirishga harakat etardilar. 


118 
Toshkentda 1917-yil mart oyida ishchi va askar deputatlari soveti tashkil etildi. Biroq ulardagi 
deputatlarning asosiy ko‘pchiligi yevropalik millatlar vakillari edi. Mart oyi oxirlarida o‘lkada 
ishchi va askar deputatlarining 75 soveti faoliyat yuritdi. 
Ayni paytda Turkistonda ham yangi jamiyat kurtaklarini shakllantirish uchun harakat 
boshlanib ketgan edi. Turkiston ijtimoiy-siyosiy hayotida o‘lka muxtoriyati masalasi asosiy masala 
bo‘lib, Turkistonga muxtoriyat maqomini berish g‘oyasi nafaqat demokratik ziyolilar orasida, hatto 
oddiy odamlar o‘rtasida ham ancha ommalashgan edi. 
1917 yilning mart-aprel oylari o‘lkaning siyosiy uyg‘onishida burilish davri bo‘ldi. 
Turkiston jadidlari, milliy ziyolilari va islom ulamolarining yetakchilari bo‘lgan Mahmudxo‘ja 
Behbudiy (1875-1919), Munavvar qori (1878-1931), Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘jayev (Ubaydulla 
Xo‘jayev; 1882-1938), Fitrat (1886-1938), Fayzulla Xo‘jayev (1896-1938), Sadriddin Ayniy (1878-
1954), Abdulvohid Burhonov (1875-1934), Mustafo Cho‘qay (1886-1941), Muhammadjon 
Tinishboyev (1879-1939), Sherali Lapin (1868-1919), Ahmad Zakiy Validiy (1890-1970), Obidjon 
Mahmudov (1858-1936) o‘lkada yangi tashkil qilingan “Sho‘roi Islomiya” (1917 yil mart), 
“Sho‘roi Ulamo” (1917 yil iyun), “Turon” jamiyatlari va “Turk adami Markaziyat (federalistlar) 
firqasi” (1917 yil iyul), “Ittifoqi muslimin” (1917 yil sentabr) siyosiy partiyalarining tuzilishida 
muhim rol o‘ynadilar.
1917 yil 7 aprelda Petrograddagi Muvaqqat hukumat qarori bilan kadet N.N.Shchepkin 
raisligida Muvaqqat hukumatning Turkiston Komiteti tashkil qilindi. Komitet tarkibiga 9 kishi 
kirgan bo‘lib, ularning to‘rttasi: Alixon Bukeyxonov (1868-1937), M.Tinishboyev, Sadri 
Maqsudov, A.Davletshinlar turkiy xalqlar vakillari edi. Keyinchalik Turkiston Komitetining tarkibi 
o‘zgartirildi. 
Bu davrda Turkistonda kechayotgan voqealar, jiddiy o‘zgarishlarning yalovbardorlari 
istiqlol uchun kurash yetakchilari bo‘lgan jadid rahnamolari edi. Turkiston jadidlari mahalliy 
aholining siyosiy ongini o‘stirish, uni katta tarixiy o‘zgarishlarga tayyorlash, o‘z ketidan ergashtirib 
borishga bosh-qosh bo‘ldilar. Ayniqsa, Rossiya Muvaqqat hukumatining ikki yuzlamachilik 
siyosati, uning inqilobning tub masalalarini, chunonchi, urush va tinchlik, 8 soatlik ish kuni, agrar 
va milliy masalalarni hal etishni turli bahonalar bilan chetga surishi ilg‘or jadid arboblarini 
inqilobiy-demokratik yo‘nalishda izchillik bilan kurash olib borishga da’vat etdi. Jadid 
rahnamolarining sa’y-harakatlari bilan Turkistonning bir qator yirik shaharlarida gazeta va jurnallar 
nashr etila boshlandi. Jumladan, Toshkentda “Turk eli”, “Najot”, “Kengash”, “Ulug‘ Turkiston”, 
“Turon”, Samarqandda “Hurriyat” vaqtli nashrlari chiqa boshladi. Ular orqali e’lon qilingan 
maqolalarda kechayotgan davrning o‘ziga xos xususiyatlari, o‘tkir ijtimoiy-siyosiy masalalar, 
joylardagi ahvol, ommani to‘lqinlantirayotgan muammolar aks ettirilib borilardi. 
Jadidchilik 1917 yilda ma’rifatchilik harakatidan siyosiy harakat darajasiga ko‘tarilgan edi. 
O‘sha 1917 yilning o‘zida to‘rt marta Butunturkiston musulmonlari qurultoyi o‘tkazildi. 1917 yil 
16-23 aprelda Toshkentda bo‘lgan I qurultoyda demokratik Rossiya tarkibida Turkiston 
Muxtoriyatini tashkil etish g‘oyasi ilgari surildi. Bu Turkiston xalqlarining milliy davlatchilikni 
tiklash yo‘lidagi dastlabki qadami edi. 
O‘lkadagi siyosiy harakatlarga tashkiliy va markazlashtirilgan xususiyat kasb etish 
uchun bir-biri bilan tarqoq aloqada bo‘lgan jamiyat, qo‘mita va ittifoqlarni birlashtirish maqsadida 
butunturkiston musulmonlarining bir nechta qurultoylari bo‘lib o‘tdi. 
1917-yil boshlarida Turkistonda yuz berayotgan tarixiy o‘zgarishlar silsilasida mahalliy 
taraqqiyparvar kuchlarning birlashish sari intilishi ustuvor bo‘lib bordi. Yerli tub aholining asosiy 
ko‘pchiligi ham yevropalik siyosatchilar ketidan emas, balki musulmon ulamolari, jadid 
yo‘lboshchilari yo‘lidan uyushib bordilar. 1917-yil 14-martda Toshkentda jadid arboblari 
tashabbusi bilan “Sho‘roi Islomiya” tashkiloti tuzildi. 15 kishidan iborat tashkilot rayosati 
tarkibidan Munavvar Qori (yetakchi), Abduvohid Qori, Mirkomilboy Mo‘minboyev, Ahmadbek 
Xoji Temirbekov, Ubaydullaxo‘ja Asadullaxo‘jayev, Salimxon Tillaxonov singari sinalgan yurt 
rahnamolari o‘rin olgan edilar. “Sho‘roi Islomiya” musulmon aholining vakolatli organi sifatida 
uning manfaatlarini himoya qildi. 
Shuningdek “Sho‘roi Islomiya” ta’sirida joylarda turli nomlarda tashkilotlar vujudga 
keldi. Toshkentda “Turon”, “Ittihodi taraqqiy”, Andijonda “Ozod xalq”, “Hurriyat”, “Ma’rifat”, 
Samarqandda “Mirvaj-ul Islom”, “Klub Islomiya”, “Musulmon mehnatkashlari ittifoqi”, 
Kattaqo‘rg‘onda “Ravnaqul Islom”, “Guliston” va boshqalar shular jumlasidan. Bu tashkilotlar va 


119 
ularning rahnamolari ilg‘or jadidchilik g‘oyalari ta’sirida ish yuritdilar. M.Behbudiyning “Haq 
olinur, berilmas!”, Munavvar Qorining “Hurriyat berilmas, olinur!” shiorlari ularning chinakam 
kurash bayrog‘iga aylangan edi. 
Afsuski, birlashish jarayonlari har doim ham bir tekis rivojlanmadi. Asr boshidan buyon 
davom etayotgan “jadid-qadim” nizolari demokratik harakat saflarida parchalanish yuz berishiga 
olib keldi.
Sho‘roi Islomiya” ta’sirida bo‘lgan ulamolarning bir qismi “qadimchilar” nomi bilan atalardi. 
Ular islom ta’limoti va aqidalarining murosasiz tarafdorlari sifatida siyosiy vaziyatni o‘zlaricha 
tushunar, muxtoriyat talabiga qarshi chiqqanlar. Bu hol 1917-yil iyuniga kelib qadimchilarning 
“Sho‘roi Islomiya” tarkibidan chiqib “Sho‘roi Ulamo” tashkilotini tuzishiga olib keldi. 
Bo‘linishning asosiy sababi, eng avvalo, Turkistoning milliy mustaqilligiga erishish yo‘lidagi ikki 
xil qarama-qarshi g‘oyaning kelib chiqqanligidadir. Ulamochilar mustaqillikni faqat hukmron 
mustamlakachilarga qarshi “g‘azovot”(din yo‘lida kurash) bilan qo‘lga kiritishni yoqlardilar. Ilg‘or 
ziyolilar – jadidlar esa Rossiyada yuzaga kelgan qulay shart-sharoitlardan, siyosiy vositalardan 
foydalanib, behuda qon to‘kmasdan bosqichma-bosqich yurt mustaqilligiga erishishni yoqlardi. 
Ularning Rossiya Federatsiyasi tarkibidagi Turkiston Muxtoriyati talabi ham shu maqsadni ko‘zda 
tutardi. O‘lkaning milliy kuchlari o‘rtasida yuz bergan bu ajralish va g‘oyaviy ixtiloflar, shubhasiz, 
ularning harakat birligiga ham raxna solar, uning istiqboliga jiddiy putur yetkazardi. Bundan 
o‘lkada faoliyat yuritayotgan yot begona siyosiy kuchlar o‘z maqsadlari yo‘lida foydalanishlari 
ehtimoldan xoli emas edi. Afsuski, oqibatda shunday bo‘lib chiqdi ham. 
1917 yil 10 sentabrda Toshkentda Butunturkiston musulmonlarining II qurultoyi 
ochildi. “Sho‘roi Islomiya” tashabbusi bilan chaqirilgan ushbu qurultoy hokimiyatni ishchi, soldat 
va dexqon deputatlari Sovetlariga berishga qarshi chiqdi. Ushbu qurultoyda qabul qilingan 
rezolyutsiyalarda milliy demokratiya o‘zi tutadigan yo‘lning muhim asoslarini birinchi marta qat’iy 
qilib aytdi: hukumat demokratik siyosat yurgizadigan bo‘lsa, ana shundagina musulmonlar bu 
hukumatda ishtirok etadilar. Ikkinchi qurultoyda faqat Milliy Markaz-Turkiston musulmonlari 
Markaziy Kengashi mintaqadagi tub yerli aholi manfaatlarini himoya qilishi mumkin degan fikr 
qat’iy qilib qo‘yildi.
1917 yil 20 sentabrda Toshkentda bo‘lib o‘tgan Turkiston va Qozog‘iston 
musulmonlarining qurultoyi “ulamochilar” bilan “sho‘roi islomchilar” o‘rtasidagi uzoq va qizg‘in 
baxslarga qaramay, nihoyat, kelishish va murosa yo‘lini topdi. Qurultoyda “Sho‘roi Islomiya”, 
“Sho‘roi Ulamo”, “Turon” va boshqa siyosiy tashkilotlarni birlashtirish yo‘li bilan butun Turkiston 
mintaqasi uchun umumiy bo‘lgan “Ittifoqi muslimin” degan siyosiy partiya tuzishga qaror qilindi. 
Qurultoy ishidagi asosiy masala Turkiston o‘lkasining bo‘lajak siyosiy tuzumini belgilash edi. 
O‘sha paytda Toshkentda nashr qilingan “Ulug‘ Turkiston” gazetasida yozilishicha, “qurultoy 
Mulla Muhammadxo‘ja eshon va Mulla Siddiqxo‘ja eshonlarning boshqaruv shakli haqida”gi 
nutqlarini tinglab, duoyu ijobat ila Turkiston Muxtoriyatini tayin etishga jazm qildi. Qurultoy 
muxtoriyatga “Turkiston Federativ Respublikasi” degan nomni qo‘yib, parlament respublikasi 
asosida tuzilajak bo‘lg‘usi davlat tuzumining bosh tamoyil va meyorlarini belgilab berdi.
Shu tarzda Turkistonda muxtoriyat hukumati yuzaga kelmasdan ancha oldin 
jamiyatning keng qatlamlari vakillari, ilg‘or ziyolilar bu harakatda faol qatnashib, uning 
poydevorini yaratishga zamin hozirladilar. 
Fevral inqilobidan keyin o‘lkadagi turli ijtimoiy-siyosiy harakatlarning faoliyati kuchayib 
ketdi. Xususan, 1917 yilning 6, 9, 13 mart kunlari Toshkentning eski shahar aholisining ko‘p ming 
kishilik namoyishlari natijasida Toshshaharijroqo‘m organi tuzildi. 13 mart kuni Toshkentdagi 
Jome’ masjidida bo‘lib o‘tgan majlisda Toshshaharijroqo‘m a’zoligiga Shayxontoxurdan Ubaydulla 
Xo‘jayev, Ko‘kchadan Toshpo‘latbek Norbo‘tabekov, Sebzordan Zaynutdinxo‘ja Sarimsoqxo‘jayev 
va Beshyog‘ochdan Abdusafixon G‘anixon o‘g‘lini sayladi. Ushbu majlisning politsiya tizimini 
tugatish va uning o‘rniga mahalliy aholidan muhofizlarni saylash haqidagi qarori muhim 
ahamiyatga ega bo‘ldi.
Shuningdek, 13 mart majlisi ishtirokchilari Toshkent jamoatchilik tashkilotlari ijroiya 
qo‘mitasiga ham delegatlar saylashdi hamda eski shaharning barcha qismlaridan kengaytirilgan 
vakolatli organ saylashdi. Eng muhimi bu organ 14 mart kuni tuzilgan yangi tashkilotning o‘zagi 
bo‘ldi. Shu kuni Toshkentdagi Abduvali hoji xonadonida xalq saylagan vakillarning birinchi 
yig‘ilishi bo‘lib o‘tib, uning tarkibi aholining tatar va qozoq qismi vakillari hisobiga ko‘payganidan 


120 
so‘ng 61 kishidan iborat bo‘ldi. Bu tashkilotga “Sho‘roi Islom”, “Sho‘roi Islomiya” (“Islom soveti” 
deb nom berildi).
Dastlabki paytda bu tashkilot ham yevropalik, ham musulmon aholi tomonidan samimiy 
ijobiy kutib olingan. “Sho‘roi Islomiya” chinakam xalqchil, imperiya boshqaruvi tizimlariga 
muqobil bo‘lgan demokratik hokimiyat organi bo‘lganligi bois o‘lka aholisi tashkilotning ijroiya 
qo‘mitalariga turli iltimos va shikoyatlar bilan murojaat qila boshladilar. Bu yangi tashkilot 
Muvaqqat hukumatdan va Sovetlardan farq qilgan holda, fevral inqilobidan keyin ham davom 
etayotgan ijtimoiy tengsizlikni bartaraf etish, musulmon aholi haq-huquqlarini tiklash maqsadida 
tuzilgan bo‘lib, islom diniga e’tiqod qiluvchi mahallay aholidan saylangan deputatlar sho‘rosi edi.
Yangi tashkilotning 14 mart kuni bo‘lib o‘tgan birinchi majlisida 15 kishidan iborat 
boshqaruv hay’atini tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilindi. Boshqaruv tarkibiga Abduvohid Qori, 
Munavvar Qori, Kattaxo‘ja Boboxo‘ja o‘g‘li, Mulla Rizo Oxund, Abdusami Qori, Ubaydulla 
Xo‘jayev kabilar kirdilar. 15 mart kuni Munavvar Qori xonadonida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda 
“Sho‘roi Islomiya”ning muvaqqat Nizomi qabul qilinib, unda tashkilotning quyidagi asosiy maqsad 
va vazifalari belgilandi: 
Turkiston musulmonlari orasida zamonaviy ruhdagi ilmiy va ijtimoiy islohotchilik g‘oyalarini 
tarqatish; 
G‘oyalar va maqsadlar birligi asosida Turkiston musulmonlarini jipslashtirish bo‘yicha 
ishlarni kuchaytirish; 
3. Xorijiy yurtlardagi davlat hokimiyati tizimi haqida axborot yig‘ish va ta’sis majlisiga 
tayyorgarlik ko‘rish; 
4. Targ‘ibot maqsadlarida shahar, qishloq va ovullarda muntazam namoyishlar o‘tkazish; 
5. Eski ma’muriyatni iste’foga chiqarish va yangisini tayinlash zaruriyatini tushuntirish; 
6. O‘lkadagi turli milliy qo‘mitalar va partiyalar bilan aloqalarni yo‘lga qo‘yish; 
7. Musulmon aholisining ehtiyojlari haqida o‘z vakillari orqali ma’lumotlar yetkazish va 
zaruriyat tug‘ilganda ulardan yordam so‘rash. 
Yangi tashkilot tuzilgan dastlabki kunlardan boshlab tashkilot boshqaruvining maxsus 
qaroriga muvofiq o‘lkaning barcha viloyat va tumanlariga targ‘ibotchilar yuborildi. Ular o‘lkaning 
mahalliy aholisiga fevral inqilobi e’lon qilgan ozodlikning mohiyatini tushuntirish, siyosiy, diniy, 
madaniy va ijtimoiy islohotlar o‘tkazish uchun “Sho‘roi Islomiya” tashkilotiga birlashish kabi 
targ‘ibot ishlarini olib bordilar. Shuningdek, “Sho‘roi Islom”, “Najot” va “Kengash” gazetalari 
yangi tashkilotning organlari sifatida chop etilib, targ‘ibot-tashviqotdan tashqari ularning 
sahifalarida ma’rifiy xususiyatdagi materiallar, mahalliy aholining siyosiy ongi va ijtimoiy 
faolligini uyg‘otishga da’vat etadigan maqolalar ham chop etib turildi.
Bularning natijasi o‘laroq, “Sho‘roi Islomiya” tashkilotining faoliyati o‘lkada keng miqyosda 
qo‘llab-quvvatlandi. Ushbu tashkilotning 8 aprelda bo‘lib o‘tgan majlisida O‘shda, Andijonda, 
Skobelevda, Turkistonda, Marida uning kichik bo‘limlari ochilganligi ta’kidlandi. Shuningdek, 
aprel oyida mahalliy jadidlarning tashabbusi bilan Namanganda, Samarqandda, Qo‘qonda va 
o‘lkaning boshqa shaharlarida ham “Sho‘roi Islomiya” tashkilotlari tashkil qilindi. 
“Sho‘roi Islomiya” jamiyatining tashkil qilinishi Turkistonning siyosiy hayotida muhim 
voqea bo‘lib, bu tashkilot o‘lkada siyosiy kuchlarni joylashtirishga, hokimiyat tuzilmalari barpo 
etishga jiddiy tuzatishlar kiritdi. “Sho‘roi Islomiya” tashkilotining xalq ommasi orasida ta’sirining 
kuchayib borishi Rossiyadagi kabi ikkihokimiyatlikni emas, balki Turkiston siyosiy maydonida 
quyidagi uchta hokimiyatni yuzaga keltirgan edi: 
1. Muvaqqat hukumatning Ijroiya qo‘mitalari – Sovetlarga nisbatan aholining ancha keng 
ijtimoiy qatlamlari vakillari bo‘lib, ular tarkibiga turli partiyalar – mensheviklar, eserlar, sovetlar, 
jamoat tashkilotlari, shu jumladan, milliy tashkilotlar ham o‘z vakillarini delegat qilib yuborgan 
edilar. Ular barcha demokratik tashkilotlarni birlashtiruvchilari sifatida ish ko‘rdilar va hududlarda 
Muvaqqat hukumat organlari rolini o‘ynashga da’vo qildilar.
2. Turkiston sovetlari – ular inqilobiy demokratiyaning xohish-irodasini ifodalovchi 
yevropalik ishchi va soldatlarning organlari bo‘lib, jamiyatga ta’sir o‘tkazish uchun real kuchga ega 
edilar. Shuning uchun ham ular Muvaqqat hukumatning davlat muassasalari huquqiga ega bo‘lish 
uchun da’vo qilardilar. 


121 
3. “Sho‘roi Islomiya” tashkiloti – bu organ tashkiliy jihatdan shakllanishi paytidayoq 
musulmon aholisining vakolatli organlari sifatida tezda rasmiylashib, shu aholining xohish-irodasini 
ifoda etdi hamda uning manfaatlarini himoya qildi. 
Ta’kidlash lozimki, Muvaqqat hukumatning Turkiston qo‘mitasi va Sovetlar o‘lkadagi 
ijtimoiy-iqtisodiy hayotga, o‘lkani boshqarish masalasida mahalliy aholiga muxtoriyat berish 
haqidagi xohish-istaklarga mustamlakachilik munosabatini saqlab qoldi. Shunga qaramasdan fevral 
inqilobidan keyingi o‘lka xalqlarining asosiy muammosi – o‘lka muxtoriyati masalasiga munosabat 
musulmon syezdlari kun tartibidagi asosiy masala bo‘lib qolgan edi. Fikrlar xilma-xilligiga 
qaramasdan bu masala boshqa yig‘inlarda ham ko‘tarilib turdi.
Voqealar rivojlanishi jarayonida o‘lkadagi mahalliy aholining ijtimoiy-siyosiy faolligi oshib 
borib, shunday bir sharoitda “Sho‘roi Islomiya” tashkiloti tashabbusi bilan 1917 yil 17 aprelda 
Toshkentda I Umumturkiston musulmonlari syezdi ochildi. Bu syezdda o‘lkaning barcha mahalliy 
xalqlaridan vakolatga ega bo‘lgan 150 delegat qatnashdi. Syezd hay’atiga Munavvar Qori, 
Ubaydulla Xo‘jayev, Sherali Lapin, Toshpo‘lat Norbo‘tabekov, Zaki Validiy, Sodiq Sattorov, Islom 
Shoahmedov, Abdurahmon O‘razbayev, Abdulmajid Mahmudov, Serikboy Akayev, Ahmadbek 
Qo‘yboqarov, Sobirjon Yusupovlar kirdilar. Shuningdek syezd ishida Turkqo‘mita a’zolari 
A.Davletshin, S.Maqsudiy, M.Tinishboyevlar ishtirok etdilar. 
Syezdning kun tartibiga quyidagi masalalar: 
1. Muvaqqat hukumatga munosabat bildirish to‘g‘risida; 
2. Rossiyada davlatni idora qilish shakli haqida; 
3. Ta’sis majlisiga tayyorgarlik ko‘rish to‘g‘risida; 
4. Turkistondagi mahalliy aholining muassasalari to‘g‘risida; 
5. Turkistondagi diniy-shariat muassasalari haqida; 
6. Maktablar, madrasalar va vaqflar masalalari; 
7. Moliyaviy ishlar to‘g‘risida; 
8. Avvalgi zamonlardan qolgan muassasalarni yangilash haqida; 
9. Turkistondagi barcha musulmonlarga rahbarlik qiluvchi islom diniy boshqaruvini tuzish 
to‘g‘risida; 
10. Oziq-ovqat masalasi; 
11. Urushga munosabat va front ortida (mamlakat ichkarisida) xizmat qiluvchilar haqida 
masalalar; 
12. “Sho‘roi Islomiya”ni o‘lka miqiyosida birlashtirish va uning ijroiya qo‘mitalarga 
munosabati masalalari; 
13. Rossiya Umummusulmonlar syezdiga delegatlar saylash haqida; 
14. Yer-suv to‘g‘risidagi kabi ko‘plab masalalar kiritilgan edi. 
Rossiyadagi boshqaruvning bo‘lajakdagi shakli va Turkiston musulmonlarining tashkiliy 
jihatdan birlashuvi masalasi diqqat markazida turgan ushbu syezdda rus delegatlari ham ishtirok 
etganlar. Xususan, Andijonda chiqadigan “Turkestanskiy golos” gazetasi muharriri Vadim Chaykin 
nutq so‘zlab, “...Men har bir xalqqa federatsiya, kichik millatlarga esa milliy-madaniy muxtoriyat 
berilishi tarafdoriman”, deya ta’kidladi.
Ushbu syezd 1917 yil mart-aprel oylari uchun nihoyatda dolzarb bo‘lgan qarorni qabul qilib, 
demokratik va federativ tamoyillarga asoslangan, musulmonlarga teng huquqlar beruvchi Rossiya 
konstitutsiyasini qayta ishlashni, Rossiyadagi barcha viloyatlarga, jumladan, Turkistonga ham 
milliy-madaniy muxtoriyat berilishi ko‘zda tutilgan Federativ Demokratik Respublikani tasdiqlash 
g‘oyalarini qo‘llab-quvvatladi.
Syezdning so‘nggi majlisida milliy harakatlarga uyushmagan, barcha tarqoq, bir-biri bilan 
uzoq bog‘lanmagan musulmon jamiyatlari, qo‘mitalari va ittifoqlarni birlashtirish maqsadida 
Turkiston o‘lka musulmonlari sho‘rosi (O‘lkamussho‘ro)ni tuzishga qaror qilindi. 
O‘lkamussho‘roning 1917 yil 12 iyunda bo‘lib o‘tgan majlisida uning Nizomi qabul qilinib, unda 
bu tashkilot biror-bir sinf, partiya yoki qabilaning organi bo‘lmasdan, balki qonun chiqaruvchi 
hokimiyatni amalga oshiruvchi vakolatli umummusulmon rahbarlik organi sifatida tuzilganligiga 
izoh berilgan edi. 
1917 yilning ko‘klamida Turkiston xalqlarini birlashtirish yo‘lida muhim qadam qo‘yildi. 
Umummintaqaviy ko‘lamda musulmonlar syezdining chaqirilishi ulkan voqea bo‘lib, bu syezdda 
Turkiston xalqlari muxtoriyat sari, o‘z urf-odatlari, an’analari, turmush tarzini himoya qilishi 


122 
oshkora aytildi. Xalqning ana shu manfaatlarini ifoda etuvchi O‘lkamussho‘ro tashkiliy jihatdan 
rasmiylashtirildi. Ammo, voqealarning keyingi rivoji kutilgan natijalarni bermadi.
1917 yilning 1-11 mayida Moskvada Butunrossiya musulmonlarining I –syezdi bo‘lib o‘tdi. 
Unda Turkiston, Buxoro va Xivadan ham delegatlar ishtirok etdilar. Syezd musulmon aholisining 
hayoti va turmush tarzi bilan bog‘liq ko‘plab masalalarni muhokama qildi. Syezdda Butunrossiya 
musulmonlari Sho‘rosi saylanib, uning ijroiya qo‘mitasiga Turkistondan Ubaydulla Xo‘jayev va 
Islom Shoahmedovlar kiritildi.
Syezdda ijroqo‘m raisi Ahmad Solihovning (Salikov) “Tafovutlar siyosiy hayotni o‘ta 
taranglashtirib yuboradi, bu esa millatning kuchlarini bo‘lib tashlaydi. Shu bois, musulmonlar 
birlashingiz, demokratiya bayrog‘i ostida birlashib, biz o‘zimiz uchun milliy va madaniy 
muxtoriyatni ta’minlay olamiz”, degan g‘oyalari katta ahamiyatga ega bo‘ldi. Shunga qaramasdan, 
syezdda qabul qilingan qarorlar musulmon aholisi orasida turli-tuman ijtimoiy-siyosiy oqimlar, 
g‘oyaviy qarashlarning ko‘payib borayotganligini ko‘rsatdi. Ayniqsa, milliy davlatchilik qurish 
haqida o‘tkir baxslar bo‘lib o‘tishi natijasida syezdda ikkita katta guruh paydo bo‘ldi. Ulardan 
birinchisi Rossiya Demokratik Respublikasi tarkibida musulmonlarning hududiy-madaniy 
muxtoriyati tarafdorlari (“unitaristlar”) bo‘lsa, ikkinchisi, Rossiya Federatsiyasi tarkibida musulmon 
xalqlari uchun hududiy muxtoriyat berilishi tarafdorlari (“federalistlar”) bo‘ldilar. Uzoq tortishuvlar 
natijasida “federalistlar”ning qarori qabul qilinishiga muvaffaq bo‘lindi. Syezdda Ta’sis majlisiga 
saylovlar o‘tkazish haqidagi qonun loyihasini tayyorlash bo‘yicha maxsus komissiya tuzilib, unga 
Turkiston o‘lkasidan Ubaydulla Xo‘jayev a’zo bo‘lib kirdi. 
1917 yil 17 iyulda Qozon shahrida II Butunrossiya musulmonlari syezdi ish boshladi. Barcha 
musulmon xalqlaridan 260 nafar delegat ishtirok etgan ushbu syezd, uzoq tortishuvlardan so‘ng 
musulmon xalqlarining milliy taqdirini o‘zi belgilash huquqi haqida qaror qabul qildi. Shuningdek, 
mazkur qarorni amaliy jihatdan darhol bajarishga, o‘z-o‘zini boshqaruvchi tashkilotlar bo‘yicha 
mahalliy xalqlarning ahvoli haqida Ubaydulla Xo‘jayev ma’ruza qilib, u o‘lkadagi mavjud ahvolni, 
amalda o‘lka xalqlari manfaatlarini inkor etuvchi eski siyosatni davom ettirayotgan ishchi va soldat 
deputatlari Sovetining faoliyatini keskin tanqid qildi.
1917 yilning 12-14 iyulida Skobelev (hozirgi Farg‘ona) shahrida Farg‘ona viloyati 
musulmon tashkilotlarining qurultoyi bo‘lib o‘tdi. Demokratik kayfiyatda bo‘lgan turli musulmon 
tashkilotlaridan 137 kishi qatnashgan bu qurultoyda dasturiy hujjat qabul qilinib, unda Turkiston, 
Qozog‘iston, Kavkaz va Boshqirdiston uchun milliy-hududiy muxtoriyat, Volgabo‘yi, Qrim 
tatarlari va boshqa turkiy xalqlar uchun milliy-madaniy muxtoriyat talab qilindi. Shuningdek, ushbu 
dasturda saylov huquqi masalalari ham aksini topdi.
Fevral inqilobidan keyin Turkistonda oshkora ish olib borgan turli siyosiy tashkilotlar hamda 
ularning yo‘lboshchilari bo‘lgan milliy ziyolilar Turkiston birligi, millat ravnaqi, erk va ozodlik, o‘z 
taqdirini o‘zi belgilash, birodarlik, millat va Vatan manfaatlari yo‘lida birlashish g‘oyalarini zo‘r 
berib ilgari surdilar. Ammo, afsuski g‘oyaviy kelishuvga erishish mumkin bo‘lmadi, butunrossiya 
miqiyosida ham, Turkistonda ham turli musulmon siyosiy oqimlari o‘rtasida ziddiyatlar saqlanib 
qoldi. Shuningdek, Turkistondagi mavjud siyosiy kuchlarni ajratib tashlagan ziddiyatlar milliy 
g‘oyani amalga oshirish g‘oyalarini qabul qilishdagi turli fikrlikda, o‘z taqdirini o‘zi belgilashning 
shakli, yo‘llari va usullariga bo‘lgan turli yondashuvlarda o‘z aksini topdi. 
Ma’lumki, 1917 yil 14 martda Toshkentda “Sho‘roi Islomiya” tashkil topgan edi. Aksariyati 
jadidlardan iborat bu tashkilot a’zolari Turkiston mustaqilligi uchun kurash olib bordilar. 1917 yil 
iyun oyida Munavvar qori boshchiligidagi “Sho‘roi Islomiya” tashkilotidan “Sho‘roi Ulamo” ajralib 
chiqdi. Sherali Lapin uning Toshkent shu’basiga asos soldi. Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, Qo‘qon 
shahrida ham “Sho‘roi Ulamo” jamiyati tuzildi. Lekin ikki jamiyat o‘rtasida g‘oyaviy 
kelishmovchiliklar mavjud bo‘lib, ular bir-biri bilan kelisha olmasdilar. Chunki “Sho‘roi Ulamo” 
jamiyati o‘z dasturida islom dinining an’anaviy asoslari bo‘yicha ish ko‘rishini ma’lum qilsa-da, 
aslida Lapin boshchiligidagi Toshkent ulamochilari avval rus monarxiyasi, so‘ngra bolshevizm 
g‘oyalari bilan o‘z xarakatlarini muvofiqlashtirishga behuda urindilar. “Sho‘roi Ulamo” jamiyati 
o‘z maqsadlari targ‘iboti uchun “Al - Izoh” jurnalini chiqara boshladi (muharriri-Abdumalik hoji 
Nabiyev). Har ikki jamiyat o‘rtasida g‘oyaviy kurash, xususan, matbuot sahifalarida avj olib ketdi. 
“Sho‘roi Ulamo” tashkiloti a’zolari islom dini nomidan so‘zlab, jamiyatda demokratik 
islohotlar o‘tkazish yo‘lidagi har qanday harakatlarga keskin qarshi chiqdilar. Ular yevropacha 
madaniyat kirib kelishini mutlaqo rad etishib, barcha masalalarda avvalo, shariat qonun-qoidalari 


123 
ustunligi g‘oyasini qattiq turib himoya qildilar. Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, din arboblari va 
ruhoniylar o‘sha davrdagi Turkiston jamiyatida alohida mavqega ega edilar. Binobarin, din 
peshvolari o‘lkadagi musulmon aholining dunyoqarashi, ma’naviy va axloqiy qadriyatlarini 
shakllantirishga, o‘lka aholisining siyosiy ehtiroslari va manfaatlariga kuchli ta’sir ko‘rsatganlar. 
Ammo, musulmon ulamolarining siyosiy qarashlari va siyosatga munosabati bir xil emas edi.
Shunga qaramasdan, g‘oyaviy qarashlar bir xil bo‘lmasa-da, “Sho‘roi Ulamo” tashkiloti 
a’zolari o‘lka mahalliy aholisining mustaqillikka intilish uchun qilgan harakatlarini ma’lum 
darajada faollashtirishga o‘z hissalarini qo‘shdilar. Ular ozod va mustaqil musulmon davlatni tarkib 
toptirish zaruriyati haqidagi fikr va g‘oyalarni jamoatchilik ongiga singdirdilar. Qo‘qonda tashkil 
etilgan “Sho‘roi Ulamo” jamiyati Nizomida jamiyat oldiga qo‘yilgan quyidagi maqsadlar keltiriladi: 
1. Musulmonlarni yagona tashkilotga birlashtirish uchun ma’rifiy asoslarda milliy - diniy 
tafakkurni ommalashtirish va siyosiy harakatni shakllantirish.
2. Millatlar hamda musulmonlarning ahloqiy asoslarini vaqtli nashrlar hamda doimiy bosma 
organlar yo‘li bilan muhofaza qilish.
3. Musulmon fuqarolari orasida diniy zaminda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan har xil 
shikoyat va anglashilmovchiliklarni hal etish va tushuntirish.
4. Madrasalarni iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash va tartibga solish, o‘qituvchi va o‘quvchilarni 
muhofaza qilish, ularning taraqqiy etishi haqida g‘amxo‘rlik ko‘rsatish va muhtojlarga yordam 
ko‘rsatish.
5. Ilmiy-ma’rifiy faoliyatida o‘zini ko‘rsatgan munosib kishilardan o‘qituvchilar tanlash va 
tayyorlash.
Milliy taraqqiyparvarlar va musulmon ulamolar o‘rtasida ajralish yuz berib, g‘oyaviy 
qarashlar to‘qnashuvi sharoitida demokratik ruhdagi islohotlar tarafdori bo‘lgan milliy ziyolilar 
butun musulmonlarning birlashuvi shiori bilan chiqdilar. Xususan, Mahmudxo‘ja Behbudiy din va 
millatni ittifoq etishga, islohotlar o‘tkazishga, ziyoli va taraqqiyparvarlar, boylar va ulamolarni 
birlashtirishga chaqirgan bo‘lsa, Fitrat, “Haq yo‘lida, din yo‘lida, Vatan yo‘lida, millat yo‘lida, 
jadidmiz, qadimmiz, mullomiz, boymiz bir yerda to‘planaylik”, deya da’vat etdi.
Xullas, oktabr to‘ntarishiga qadar Turkiston jamiyatining siyosiy maydonida ikkita muqobil 
kuch va ularning namoyondalari shakllanib bo‘lgan edi. Ulardan birinchisi o‘lkada demokratik 
ruhdagi Turkiston muxtoriyatini tashkil etish tarafdorlari bo‘lgan o‘lkaning ilg‘or ziyolilari va 
demokratik kayfiyatdagi ulamolari bo‘lsa, ikkinchisi, birinchi kuchlar g‘oyalarini butunlay inkor 
etib, “Butun hokimiyat sovetlarga!” shiorini ilgari surgan hamda hokimiyatni zo‘rlik bilan egallab 
olib, unga mutlaq hukmronlik qilmoqchi bo‘lgan bolsheviklar edi.
1917-yilgi fevral inqilobi Rossiyada tub o‘zgarishlarning yuz berishiga olib kelmadi. Buning 
boisi shuki, burjua Muvaqqat hukumati o‘zining tor, xudbin manfaatlari doirasidan chetga chiqa 
olmay, yetilgan tub masalalarni hal etishga ojizlik qildi. Natijada siyosiy tuzumda o‘zgarish 
bo‘lgani holda muhim ijtimoiy-iqtisodiy, agrar, milliy, sulh masalalari amalda yechilmay qola 
berdi. Bu esa mamlakat hayotining yanada boshi berk ko‘chaga kirib, tanglik, tanazzullik 
holatlarining kuchayib borishiga sabab bo‘ldi. Ayniqsa, Rossiyaning Birinchi jahon urushida 
ishtirokining davom etishi, rus armiyasining frontda ketma-ket mag‘lubiyatga uchrayotganligi 
umumxalq noroziligi va qahr-g‘azabini tobora kuchaytirmoqda edi. Lenin boshliq bolsheviklar 
huddi mana shu qaltis vaziyatdan ustamonlik bilan foydalanib, ommani o‘z tomoniga ag‘darishni 
ko‘zlovchi shiorlarni maydonga tashlab, siyosiy hokimiyatni egallash sari yo‘l tutdilar. Ular 
ommabop chaqiriqlarni ilgari surib, barcha tub masalalarni hal etishga qasamyod qildilar. 
1917 yilning kuziga kelib Turkistonda hokimiyatni sovetlar qo‘liga o‘tishi uchun (Toshkent 
shahridan tashqari) amalda shart-sharoitlar yo‘q edi. Bu borada o‘lka shaharlari, viloyatlari va 
uyezdlarida aholining hokimiyatni sovetlarga o‘tishini talab qiluvchi faol chiqishlari kuzatilmagan. 
Ammo, Toshkentda ahvol boshqacha edi.
Ma’lumki, 1917 yil 25 oktabrda (yangi sana bilan 7 noyabrda) V.I.Lenin boshchiligidagi 
bolsheviklar (kommunistlar) Petrogradda Muvaqqat hukumatni ag‘darib tashlab, hokimiyatni 
zo‘ravonlik bilan egalladilar. Bu voqeadan bexabar holatda o‘sha kuni kechki soat beshda 
Toshsovet ijroqo‘mining yashirin majlisida o‘lkada muvaqqat hukumatga qarshi qurolli to‘ntarish 
rejasi muhokama etilgan edi. 27 oktabrda Toshkentga Petrograddan oktabr to‘ntarishi haqida, 
Muvaqqat hukumatning ag‘darib tashlangani va sovetlarning II Butunrossiya syezdida bolsheviklar 


124 
yetakchisi V.I.Lenin boshchiligida Xalq Komissarlari Soveti (XKS) saylanganligi haqida xabar 
berilishi rejalashtirilgan qurolli to‘ntarishni amalga oshirish uchun turtki bo‘ldi. 
28 oktabr ertalab soat oltida Toshkent Bosh temir yo‘l ustaxonalarining kuchlik gudogi bilan 
bu yerda oktabr to‘ntarishi boshlandi. To‘rt kun davom etgan qurolli harakatda asosan yevropalik 
qurollangan ishchilardan iborat bir necha ming kishi ishtirok etgan edi. Qurolli to‘ntarish natijasida 
1 noyabrda butun hokimiyat Toshsovet qo‘liga o‘tdi. Shu kuniyoq Toshsovet Toshkent temir yo‘l 
liniyasi orqali o‘lkadagi barcha sovetlarga quyidagi telegrammani yubordi: “Sovet butun 
hokimiyatni qabul qildi. Hokimiyatni o‘z qo‘lingizga olingiz!”.
Mana shunday ustakorlik va hiylakorlik yo‘li bilan bolsheviklar 1917-yilning 24–25-
oktabr kunlari Petrogradda davlat to‘ntarishini amalga oshirdilar. Ular Muvaqqat hukumatni 
ag‘darib, hokimiyatni egallashga muvaffaq bo‘ldilar. Tez orada mamlakatning boshqa hududlarida 
ham ularning hukmronligi o‘rnatila boshlandi. “proletariyat diktaturasi” nomi bilan atalgan 
zo‘ravon tuzum mana shu zaylda vujudga keldi. 
Turkiston o‘lkasi Rossiya tarkibida bo‘lganidan, Markazda sodir bo‘lgan voqealar va 
o‘zgarishlar shabadasi bu yerga ham esib, o‘z ta’sirini ko‘rsata boshladi. Buning ustiga hokimiyat 
tepasiga kelgan bolsheviklar va ularning dohiylari Turkistonni zinhor qo‘ldan chiqarmaslik, o‘lkada 
o‘z hukmronligini qat’iy o‘rnatish, yangicha sovet boshqaruvi tizimini shakllantirishni avvaldan o‘z 
oldilariga maqsad qilib qo‘ygandilar. 
Garchand sovetlar davrida yaratilgan kop’lab tarixiy adabiyotlarda bu davr tarixi 
butunlay soxtalashtirilib, go‘yo Turkiston aholisi oktabr g‘oyalariga qo‘shilib, birinchilardan bo‘lib 
o‘lkada sovetlar hokimiyatini o‘rnatdi, deb og‘iz ko‘pirtirib kelingan bo‘lsada, biroq aslida bu xil 
fikrlar va qarashlar tarixiy haqiqatga mutlaqo zid edi. Hatto Muvaqqat hukumatning Turkiston 
qo‘mitasi qarorgohi joylashgan Tuproqqal’a qo‘rg‘onining qizil askarlar tomonidan 1917-yil 1-
noyabrda ishg‘ol qilinganligi fakti ham Turkistonda oktabr tub o‘zgarishi yasalganidan darak 
bermasdi. 
Petrogradda bolshevistik to‘ntarishning g‘alabasi va sovet hokimiyatining dastlabki hujjat va 
dekretlari Turkiston siyosiy hayotida murakkab jarayonlarga sabab bo‘ldi. Bu paytga kelib o‘lkada 
uch siyosiy yo‘l ajralib chiqdi. Birinchisi, mahalliy aholining keng qatlamlari manfaatlarini o‘z 
ichiga olgan bo‘lib, milliy o‘z taqdirini o‘zi belgilashga oid huquqni ta’minlashda o‘z ifodasini 
topdi. Rus eserlari va mensheviklari manfaatlarini ifodalovchi ikkinchi siyosiy yo‘l Rossiya 
tarkibida cheklangan muxtor huquqlarni beruvchi demokratik jarayonlarni kengaytirishga qaratilgan 
edi. Uchinchisi esa, lenincha yo‘l bo‘lib, yagona sovet imperiyasi makonida xayoliy kommunistik 
jamiyatni barpo etishga yo‘naltirilgan edi.
Petrograd va Toshkentda bolsheviklarning hokimiyatni egallagani haqidagi xabar hududlarda 
turlicha qabul qilindi. Xususan, qirg‘iz deputatlari o‘lka kengashi, musulmon deputatlari Farg‘ona 
viloyat kengashi, tub aholisining boshqa ko‘pgina tashkilotlari hokimiyatning sovetlarga o‘tishiga 
qarshi bo‘ldilar. Taniqli musulmon jamoat arboblari U.Xo‘jayev, S.Xo‘janov, M.Cho‘qayev, 
I.Shagiahmedov kabilar ham sovetlarga qarshi bo‘lsalar, A.Fitrat o‘sha davrda chiqadigan 
“Hurriyat” gazetasida “Siyosiy g‘oyalar” nomli maqolasi bilan chiqib, mahalliy aholini sovetlarga 
nisbatan betaraf bo‘lishga chaqirdi.
Bolsheviklar Markazda siyosiy hokimiyatni qo‘lga olar ekanlar, ular sobiq Rossiya imperiyasi 
tarkibiga kirgan hududlarda, jumladan, Turkistonda ham sovet tuzumini qaror toptirishga intildilar. 
Turkistonda sovet hokimiyatini o‘rnatish g‘oyatda murakkab jarayonda kechdi. Buning boisi, 
avvalo, oktabr g‘oyalarining mahalliy aholining dili va shuuriga botmaganligidadir. Negaki, bu 
zamin aholisi sotsialistik o‘zgarishlar orqali hamma narsani umumlashtirish va milliylashtirishni, 
asrlar davomida shakllangan o‘ziga xos turmush tarzini, yashash sharoitini, xo‘jalik yuritish, idora 
qilish tartib qoidalarini bir lahzada tubdan o‘zgartirishni xohlamasdi. Bu begona maslak va g‘oyalar 
bolsheviklar firqasi va uning Turkistondagi yalovbardorlari tomonidan kuch va zo‘rlik bilan o‘lka 
xalqlariga majbur qilindi. Bu esa joylarda xalq qonining daryo yanglig‘ to‘kilishiga, mislsiz 
qurbonlar berilishiga sabab bo‘ldi. Aholini ma’naviy-ruhiy kamsitish, diniy e’tiqodini, islomiy 
qadriyatlarini tahqirlash, muqaddas qadamjolarni haqoratlash, diniy kitoblarni gulhanda yondirish – 
bular sovet tuzumi zo‘ravonlari uchun o‘sha kezlarda odatiy tus bo‘lib qolgandi. Aniq 
ma’lumotlarga ko‘ra, Farg‘ona vodiysida sovet hokimiyatini or’natish chog‘ida Marg‘ilonda 7 
ming, Andijonda 6 ming, Namanganda 2 ming, Bozorqo‘rg‘on va Qo‘qonqishloq (hozirgi 
Paxtaobod tumani) atroflarida 4,5 mingdan ziyod begunoh kishilar qirg‘in qilingan. Bunday 


125 
qirg‘inlik Turkistonning boshqa shahar va qishloqlarida ham sovet hokimiyatini o‘rnatish chog‘ida 
sodir etildi. 
Sovet hokimiyati dohiylari bor ovoz bilan olamga jar solib, barcha mazlum xalqlar, elatlarga 
huquqiy tenglik, o‘z taqdirini o‘zi belgilash, milliy davlatchiligini tuzish va mustaqil davlat sifatida 
ajralib chiqishga qadar ularning haqli, huquqli ekanligini e’lon qilgan edilar. Amalda zimdan 
boshqacha siyosat tutib, bu jarayonning yuzaga chiqishiga butun choralar bilan to‘sqinlik qildilar 
buning yorqin ifodasi Turkistonda sovet hukumatini tuzish chog‘ida to‘la kuch bilan namoyon 
bo‘ldi. O‘lka hududlarida sovetlar hokimyatini zo‘rlik bilan o‘rnatish jarayoni davom etayotgan bir 
kezda Turkiston bolsheviklari o‘zlariga o‘xshagan boshqa siyosiy partiyalar namoyondalari bilan til 
biriktirib, mahallliy millat namoyondalarini bu ishdan mustasno etib, o‘z hukumatini tuzishga 
kirishadilar. Bu hiyla-nayrangning hidini oldindan sezgan turkistonlik mahalliy taniqli arboblar 
mabodo yevro‘alik ozchilikning manfatini ko‘zlaydigan hukumat tuziladigan bo‘lsa, bu turgan – 
bitgan adolatsizlik bo‘ladi va ko‘chilik aholining keskin noroziligiga olib keladi, deb o‘z nuqtai-
nazarlarini oshkora bayon qildilar. 
2 noyabr kuni Toshkentda o‘lka demokratik tashkilotlarning Muvaqqat O‘lka hukumatini 
tashkil etishga bag‘ishlangan birlashgan majlisi o‘tkazildi. Majlis zudlik bilan 9 kiishidan iborat 
Turkiston o‘lka ijroiya qo‘mitasini tashkil etish haqida qaror chiqardi. Qo‘mitada 21 kishidan iborat 
kengaytirilgan demokratik kengash tashkil etilib, undan bor-yo‘g‘i 2ta o‘rin o‘lka musulmonlari 
sho‘rosiga ajratildi.
1917-yilning 12–15-noyabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan Umumturkiston 
musulmonlarining III-qurultoyi qabul qilgan qarorlarda: “hokimiyatning mahalliy aholi manfaati 
uchun deyarlik zid bo‘lgan begona va o‘tkinchi, tasodifiy kishilar guruhi – harbiylar, ishchilar va 
dehqonlar tashkilotlari qo‘lida bo‘lishi demokratik tamoyillarga javob bermaydi va mahalliy aholiga 
xalqlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash asosida to‘g‘ri hayot qurishiga kafolat berolmaydi”, deb 
qayd etilgan edi. 
1917 yil 13-17 noyabr kunlari Toshkentda bo‘lib o‘tgan shahar o‘z-o‘zini boshqarish 
tashkilotlarining Turkiston o‘lka syezdi qatnashchilari hokimiyatni to‘laligicha bolsheviklar qo‘liga 
o‘tishiga keskin qarshilik ko‘rsatdi. Ushbu syezd hokimiyat masalasiga oid quyidagi rezolyutsiyani 
qabul qildi: Turkistonda hokimiyatni ishchi, dehqon va soldat deputatlari qo‘liga o‘tishi bilan 
hokimiyat masalasidagi munozara shunday xulosaga keldi: 
1. Rossiya inqilobi ko‘targan xalqning ozodligi, tengligi, do‘stligi shiorlari ostida Turkiston 
aholisining 98 foizini tashkil etuvchi, 10 mln. sonli musulmon aholisi milliy-madaniy o‘z-o‘zini 
boshqarishning barcha huquqlariga ega. 
2. Musulmonlarning o‘z taqdirini o‘zi belgilash va umuminsoniy taraqqiyotiga bo‘lgan 
qiziqishi Qur’on va Shariat qonunlaridan o‘zgacha bo‘lishi mumkin emas. Musulmonlar inqilob 
natijasida qo‘lga kiritgan huquqlarini amalga oshirar ekan, Rossiyadagi siyosiy partiyalarning 
birontasi tarkibida faoliyat ko‘rsatishi va ularning partiyaviy kurashlarida qatnashishi mumkin 
emas. Lekin, Rossiya fuqarolari bilan umumiy jamiyat manfaatlarini hisobga olib, mamlakatni 
Ta’sis majlisiga olib boruvchi hokimiyatni qo‘llab-quvvatlashi maqsadga muvofiqdir; 
3. Butun Rossiya doirasida hokimiyat qanday tuzilishidan qat’iy nazar, musulmonlar o‘z 
taqdirini o‘zi belgilash huquqlarini mahalliy sharoitni yaxshi bilgan, xalqning xohish irodasiga 
ko‘ra, yangicha hayot tartiblarini joriy qila oladigan kishilardan iborat mahalliy hokimiyat orqali 
amalga oshirishlari mumkin. Shuning uchun ham mahalliy hokimiyat birinchi navbatda, musulmon 
vakillaridan, ma’lum miqdorda boshqa siyosiy tashkilotlarda faoliyat ko‘rsatuvchi, lekin, 
musulmonlarga xayrixoh bo‘lgan vakillardan tashkil topishi kerak. 
4. Hokimiyatni mahalliy aholi manfaatlari uchun tasodifiy va begona bo‘lgan harbiylar, 
ishchilar va dehqon (krestyan)larning mayda guruhlari qo‘lidagina to‘planib qolishi demokratik 
prinsiplarga mos emas va mahalliy aholini o‘z taqdirini o‘zi belgilash yo‘lidagi erkin harakatlariga 
kafolat bera olmaydi.
15-22 noyabr kunlari Toshkentda O‘lka ishchi, soldat va dehqon deputatlari Sovetlarining III 
syezdi bo‘lib o‘tdi. Turkistonda davlat hokimiyati tuzilishi haqidagi masala uning diqqat markazida 
turdi. Ushbu syezdning qarorlarida yevropalik jamoalar, ayniqsa, bolsheviklashgan ishchi va soldat 
deputatlari orasida hukm surgan ulug‘ davlatchilik – shovinistik g‘oyalar ko‘p aks etgan edi.
Bu syezdda 15 kishidan iborat hukumat – Turkiston o‘lkasi Xalq Komissarlari Soveti (XKS) 
tuzildi. Unda 8ta o‘rin so‘l eserlarga, 7ta o‘rin bolsheviklar bilan maksimalistlarga berilib, hukumat 


126 
tarkibiga mahalliy aholi orasidan birorta ham vakil kiritilmadi. Turkistondagi sovet hukumatining 
birinchi boshlig‘i (raisi) lavozimini F.Kolesov egalladi.
Zamonaviy adabiyotlarda berilishicha, “mahalliy inqilobiy hokimiyatning tashkiliy 
tamoyillarini tasdiqlagan Sovetlarning III syezdi Deklaratsiyasi bolshevistik hukmdorlarning 
siyosiy basharasini yorqin ko‘rsatib berdi”. Bu Deklaratsiyaning moddalaridan birida quyidagi 
ta’kidlanadi: “Hozirgi paytda musulmonlarni o‘lka inqilobiy hokimiyatining yuqori organlariga jalb 
etish mahalliy aholining soldat, ishchi va dehqon deputatlari hokimiyatiga munosabatining 
noaniqligi sababli ham, mahalliy aholi orasida proletar sinfiy tashkilotlari yo‘qligi uchun ham 
nojoizdir”. 
Aslini olganda, mahalliy aholi asosiy ommasining orzu-umidlari Rossiya imperiyasining 
mustamlakachilik zulmidan ozod bo‘lish, milliy asoslardagi mustaqil demokratik davlat tuzish, bu 
boradagi milliy ziyolilarning g‘oyaviy qarashlarini hayotga joriy etish, asriy urf-odatlar, an’analar 
va butun musulmon turmush tarzini saqlanib qolishidan iborat edi. Ammo, o‘sha suronli yillardagi 
“to‘ntarish” tufayli hokimiyat tepasiga kelgan bolsheviklar va ularning vaqtinchalik ittifoqchilari 
bo‘lgan so‘l eserlar Turkiston xalqlarining orzu-umidlari, xohish-irodasi, azaliy an’analari bilan 
mutlaqo hisoblashmadilar. V.I.Lenin hukumati va o‘lkada uning siyosatini izchil amalga oshiruvchi 
Turkiston bolsheviklari o‘lkaning mustamlaka holatini o‘zgartirishni, uning xalqlariga ozodlik 
berishni mutlaqo xohlamas edilar. Boshqa partiyalardan farq qilgan holda, Turkiston bolsheviklari 
hokimiyatni mahalliy aholiga berishni, hatto ular bilan bo‘lishishni ham istamadilar. Voqealarning 
keyingi rivoji shuni ko‘rsatdiki, bolsheviklar turli va’dalar, nayranglar, qog‘ozlardagi “yon 
berishlar” va albatta, zo‘ravonlik yo‘llari bilan milliy ziyolilarni ham o‘z tomonlariga og‘dirib 
olishga harakat qildilar.
Turkistonda hokimiyat bolsheviklar qo‘liga o‘tishi bilan o‘lkada Muvaqqat hukumatining 
barcha bo‘g‘inlari tugatilib, ularning o‘rniga avvalo, jazo organlari va boshqa turli hokimiyat 
organlari tuzilib, sovet boshqaruv tizimi o‘rnatildi. Turkiston XKS 1917 yil 28 noyabrda o‘lkada 
qizil gvardiya bo‘limlari, ishchi-dehqon militsiyasi va boshqa davlat tashkilotlarining o‘lkadagi 
bo‘limlarini tuzish haqida qaror qabul qildi. Bu yangi bo‘limlar sovet tuzumi va bolsheviklarga 
qarshi ko‘tarilgan dastlabki ongli chiqishlarni bostirishda faol ishtirok etdilar.
Turkiston XKS 1917 yil oxirlarida o‘z qarori bilan “Sho‘roi Islomiya” va boshqa mahalliy 
demokratik tashkilotlarni tarqatib yubordi. Tarqatib yuborilgan tashkilotlarning yetakchilari 
keyinchalik Turkiston muxtoriyati hukumatiga qo‘shildilar, ayrimlari istiqlolchilik harakatlariga 
g‘oyaviy rahnamolik qildilar. “Sho‘roi Ulamo”ning Toshkent sho‘basi esa 1918 yil 13 mayda 
yopildi.
Turkiston o‘lkasi XKS o‘zining tuzilishi va boshqaruv apparatlari jihatidan tubdan 
farqlanuvchi hukumat edi. Turkiston XKS tarkibiga kiruvchi 15 ta komissarlik, jumladan: axborot 
yo‘llari, pochta va telegraf; xalq maorifi; adliya; oziq-ovqat; suvdan foydalanish; ma’muriy-
fuqarolik bo‘limi; moliya; tashqi ishlar; harbiy ishlar; ichki ishlar; sanoat va savdo-sotiq; mehnat; 
yer ishlari; xalq sog‘ligini saqlash; maxsus topshiriqlar komissarligi singari komissarliklardan iborat 
bo‘ldi. XKS o‘lkadagi boshqaruv ishlarini butunlay qamrab olgan bo‘lib, boshqaruv tizimining 
farqli tomoni shunda ediki, Turkiston XKS tashkil topgan paytdayoq Rossiyadagi Markaziy 
hukumatni tan oldi. Chunonchi, Turkiston XKS raisi F.Kolesov Petrograddagi XKS nomiga 
yuborgan telegrammada quyidagicha ta’kidlangan edi: “Komissarlar Soveti o‘z oldiga sizning 
hamma dekretlaringizni amalga oshirish vazifasini qo‘ydi... Bizning to‘la-to‘kis qo‘llab-
quvvatlashimizni hisobga olishingizni so‘raymiz”.
Turkiston o‘lkasi yangi hukumati 1917 yilning 23 noyabridayoq aholiga qilgan murojaatida 
ham o‘zining asl maqsadlarini yashirib o‘tirmadi. Ushbu murojaatda ham yuqorida eslatilgan 
telegrammada bo‘lgani kabi quyidagilarga alohida urg‘u berilgan edi: “Xalq komissarlari soveti 
markaziy hokimiyatning barcha dekretlarini og‘ishmay amalga oshiradi va o‘z faoliyatida 
syezdning... qarorlariga amal qiladi. Bu topshiriqlarni bajarish yo‘lidagi har qanday qarshilik 
sovetlar tomonidan keskin choralar ko‘rish yo‘li bilan kutib olinadi”.
Turkiston XKS o‘z faoliyatining birinchi kunlaridan boshlab sovet siyosatini amalga 
oshirishga, Turkiston o‘lkasida sovet hokimiyatini mustahkamlashga qattiq va astoydil kirishdi. 
Barcha mahalliy sovetlarga zudlik bilan qizil gvardiya tuzishga kirishish taklif qilindi. O‘lka 
komissarligi tarkibida bo‘lgan va boshqaruvda asosiy rol o‘ynaydigan harbiy, tashqi savdo, 
shuningdek, pochta, telegraf va temir yo‘llar boshqaruvi masalalari butunlay Rossiyadagi tegishli 


127 
idoralarga berib qo‘yilishi oqibatida Turkiston XKS ijrochi organga aylanib qoldi. Markazdan 
yuborilgan barcha mas’ul xodimlar, turli komissiya va tashkilotlar o‘z siyosatlarini qo‘g‘irchoq 
organga aylantirilgan o‘lka XKS orqali yuritdilar.

Download 3,02 Mb.

Do'stlaringiz bilan baham:
1   ...   18   19   20   21   22   23   24   25   ...   105




Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2024
ma'muriyatiga murojaat qiling

kiriting | ro'yxatdan o'tish
    Bosh sahifa
юртда тантана
Боғда битган
Бугун юртда
Эшитганлар жилманглар
Эшитмадим деманглар
битган бодомлар
Yangiariq tumani
qitish marakazi
Raqamli texnologiyalar
ilishida muhokamadan
tasdiqqa tavsiya
tavsiya etilgan
iqtisodiyot kafedrasi
steiermarkischen landesregierung
asarlaringizni yuboring
o'zingizning asarlaringizni
Iltimos faqat
faqat o'zingizning
steierm rkischen
landesregierung fachabteilung
rkischen landesregierung
hamshira loyihasi
loyihasi mavsum
faolyatining oqibatlari
asosiy adabiyotlar
fakulteti ahborot
ahborot havfsizligi
havfsizligi kafedrasi
fanidan bo’yicha
fakulteti iqtisodiyot
boshqaruv fakulteti
chiqarishda boshqaruv
ishlab chiqarishda
iqtisodiyot fakultet
multiservis tarmoqlari
fanidan asosiy
Uzbek fanidan
mavzulari potok
asosidagi multiservis
'aliyyil a'ziym
billahil 'aliyyil
illaa billahil
quvvata illaa
falah' deganida
Kompyuter savodxonligi
bo’yicha mustaqil
'alal falah'
Hayya 'alal
'alas soloh
Hayya 'alas
mavsum boyicha


yuklab olish