www.ziyouz.com kutubxonasi
290
Mavlono Fazliddin o‘ylanib turdi-yu:
— Sizni bunga ishontirolmayman Bayju, — dedi.— Chunki podshohning joniga qasd
qilgan odamlarni ayovsiz jazolash haqida farmon chiqarilgan. Bobur mirzo shu farmonga
imzo chekkanlar. O‘zlari sohibdil shoir, ma’rifatlik inson bo‘lsalar ham podshohlik bilan
fotihlik u kishini murakkab ziddiyatlarga duchor qilgan. O‘shanda La’l Chand uni askarlari
bilan adashtirib, yo‘q qilib yubormoqchi bo‘lgani esiga tushsa, qahr ustida qatl ettirib
yuborishi mumkin.
— Bu rost, — dedi Tohir tog‘asining so‘zini ma’qullab, — Hatto men... endi saroyga
xizmatga qaytishdan cho‘chiymen. Bobur mirzoni chin dildan yaxshi ko‘rsam ham uning
shafqatsiz muhitidan uzoqroq yurgim keladi.
— Undoq bo‘lsa, endi mening akam najotni faqat sizdan kutadi, mavlono Fazliddin!
— Men unga qo‘limdan kelgan yaxshilikni qilishga tayyormen. Kelgusi juma Dehalpurga
kelsin. Faqat... o‘zini... Sizning nomingiz bilan atasin. Iloji bo‘lsa qiyofasini sal
o‘zgartirsin.
— Akamning o‘zi ham soch-soqol o‘stirib, tanish qiyin bo‘lgan qiyofaga kirgan.
— Juda soz. Balodan hazar deydilar. Fili bilan qurilishda ishlab o‘zini o‘nglab olsin,
so‘ngra yana kengashib ko‘rurmiz!
Tabib Bayju akasi La’l Chandni kelgusi haftada Dehalpurga mavlono Fazliddin oldiga
yuboradigan bo‘lib ketdi.
4
Agrada sershamol yomg‘ir fasli boshlangan saraton kunlarining birida Tohir saroyga —
Boburning huzuriga keldi.
Devoni xosning marmar ayvonida o‘tirgan Bobur uni zo‘rg‘a tanidi — Tohirning soch-
soqoli oqarib ketgan. Yuzidagi chandiqdan tashqari, engagi aralash bo‘yniga go‘yo katta
bir yamoq tushgan.
— Xayriyat, tuzalib ketibsiz, — deb Bobur uning ko‘nglini ko‘taradigan gap izladi.
— Ha, mulla tog‘am jonimga ora kirdilar...
— Endi qalay, avvalgi xizmatga qaytmoqchimisiz?
Tohirning o‘ng qo‘li zaif, bo‘yni ham durust qayrilmaydigan bo‘lib qolgan, yon-veriga
qaramoqchi bo‘lsa, butun gavdasini burib qarar edi.
— Men endi qo‘rchilikka yaramasmen.
— Bo‘lmasa ichki beklar qatorida yuravering.
— Lekin men beklikni eplolmadim... Panipatda o‘zimdan o‘tdi.
— Nechun?
Tohir jang bo‘ladigan kuni azonda qanday sabuhiy qilganini, otdan qanday yiqilganini va
qadrdon navkarini qanday shafqatsizlarcha urganini bir-bir aytib ber-di.
— Bek bo‘ldim, deb mag‘rurlanib zolim bo‘lib ketgan ekanmen. O‘lim to‘shagida yotib
o‘zimni tanidim. Menga beklik... to‘g‘ri kelmas ekan, hazratim. O‘zim ham endi mayib
odammen. Ijozat bering, mulla tog‘am tarhini chizgan bog‘da suvchimi, gulchimi bo‘lib
qolay... Bir vaqtlar Quvada kichkina bog‘chamizdagi dov-daraxtlarni sug‘orishni yaxshi
ko‘rar edim...
Bobur ayvonning jimjimalik marmar ustunlari ortidan suzib o‘tayotgan yomg‘ir
bulutlariga tikilib og‘ir xo‘rsindi. U Tohirga yaxshilik qilmoqchi bo‘lib beklik unvonini
bergani oxir-oqibatda yomonlik bo‘lib chiqqan edi.
— Siz-ku, beklarning kasofat muhitidan suvchi bo‘lib qutulmoqchisiz. Lekin men qandoq
qutulgaymen?
Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |