* * *
Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
www.ziyouz.com kutubxonasi
281
Nevarasi ketgandan keyin malika Bayda xastalik to‘shagini yig‘ishtirdi, ilgarigi fig‘on
chekishlar va qarg‘ashlarni ham bas qildi. Uning fikru zikri — eng sadoqatli va tadbirkor
odamlarini ishga solib, Boburni zaharlab o‘ldirishga qaratildi. Malikaning atrofida
fotihlardan qasos olishga tashna odamlar ko‘p edi. Bobur askarlari bilan to‘qnashuvlarda
birining akasi, birining inisi o‘lgan, biri ilgarigi makoni va mavqeidan ajralib xonavayron
bo‘lgan... Malika ana shunday qasoskorlarning eng ishonchlilarini izlay boshladi. Bobur
ishga olgan to‘rt oshpazdan birining yolg‘iz inisi Panipat jangida halok bo‘lgan edi. Malika
zimdan surishtirib buni bilganda quvonib ketdi. Biroq o‘zi bu oshpaz bilan bevosita aloqa
qilishni lozim topmadi. Chunki malikani hamma taniydi. Bobur odamlari sezib qolishlari
mumkin.
Ilgari sulton Ibrohimning saroyida bu oshpazlar bilan birga ishlagan va ularga qadrdon
bo‘lib qolgan eng ishonchli odam — Atovaga ketib qolgan Ahmad choshnagir edi. Malika
Agradan ancha uzoq bo‘lgan Atovaga maxsus odam yuborib, Ahmad choshnagirni o‘z
huzuriga taklif qildi.
Ahmad choshnagir Agradagi hovlisi va molu mulkidan ayrilib fotihlarga qarshi g‘azabga
to‘lib yurar edi. Malika Bayda uni o‘z parganasiga ishga oldi, uy-joy va maosh berdi,
so‘ng asta-sekin ko‘nglidagi niyatini aytdi. Ahmad choshnagir avval «uddalay
olmayman» deb qo‘rqdi. Lekin malika unga dalda berdi, «inisi Panipatda o‘ldirilgan
oshpaz bilan gaplashib bersang bo‘ldi, qolgan ishni o‘zimiz qilamiz», dedi. Ahmad
choshnagir saroyga qanday kirishni bilmas edi. Buning yo‘lini ham malika o‘zi topdi.
Malika Bayda nevarasidan xabar olish uchun saroyga borishi mumkin edi. Malika nafis
shohi va parchalardan sovg‘alar tayyorlatdi, so‘ng bu sovg‘alarni Ahmad choshnagirga
ko‘tartirib saroyga bordi... Malika podsho qabuliga kirib chiqquncha Ahmad choshnagir
eski qadrdoni bo‘lgan o‘sha oshpazni topgan va u bilan ertasi kuni saroydan tashqarida
uchrashishga kelishgan edi. Oradan bir haftacha o‘tgach, Ahmad choshnagir oshpaz
bilan til biriktirganini malikaga kelib aytdi.
— U ham kelgindilarni daf qilishning yo‘lini bilmay yurgan ekan. Podshohlari o‘lsa
hammasi daf bo‘ladi deb ishontirdim!
— Agar hamma ish o‘ylaganimizday bo‘lsa, otasining taxtini Bahodirjon oladi. O‘shanda
sizga katta bir pargana beramiz. Oshpaz ham katta mukofot oladi.
— Ilohim shu niyatimizga yetaylik! Vatanimiz berahm fotihlardan xalos bo‘lsin!
— Omin!
Ahmad choshnagirning saroy oshpazi bilan kelishuviga binoan, Boburning ovqatiga
solinishi kerak bo‘lgan zaharni malika o‘zining eng ishonchli bir kanizidan berib yuborishi
kerak edi. Endi ular mana shu nozik ishni qaysi kanizga topshirishni o‘ylay boshladilar...
2
Uch oydan beri muttasil ko‘tarilib borayotgan jazirama issiqlar hindcha ashora deb
ataladigan to‘rtinchi oyga* kelib juda avjiga chiqib ketdi. Yomg‘ir faslining boshlanishiga
hali salkam bir oy bor. To‘rt oydan beri nam ko‘rmay qurib yotgan yer issiqning zo‘ridan
tars-tars yorilib ketgan.
Jamna daryosining chap qirg‘og‘iga — ilgarigi tashlandiq yerlar va chakalakzorlar o‘rniga
qurilayotgan Zarafshon bog‘ida hali soya joylar kam. Bobur qurilishni otliq aylanib ko‘rar
ekan, uzangi temirining issig‘i etikdan o‘tib, oyog‘ini jizillatib uzib olayotganini sezadi.
Oltin qoplangan egarning oftobda yaltirayotgan qoshini ushlaganda cho‘g‘ni ushlaganday
bo‘lib, qo‘li kuyar edi.
Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |