www.ziyouz.com kutubxonasi
122
qilib olarman», deb o‘ylagan edi. Shuning uchun begimga yozgan xatiga bir necha satr
she’r qo‘shgan edi. Ammo uni bugun o‘z ko‘zi bilan ko‘rgandan keyin begimdan ixlosi
qaytdi. To‘g‘ri, she’r yozib begimni aldagani ko‘nglining bir chetini xira qilib turar edi.
Ammo bu yerda Zuhra begimdan nafratlanib gapirgan a’yonlar u xotinning buzuqligiga
xonni ham ishontirdi-yu, ko‘nglidagi bu xiralikni tarqatib yubordi. «O‘zi shunday
aldanishga munosib xotin ekan, — deb o‘ylandi xon. — Agar hozir qo‘yib bersam,
sultonlar uni quturg‘an biyaga sudratib o‘ldiradi. Lekin men «Murodingizga yetasiz!»—
dedim. Murodi — erga tegish ekan. Zo‘r bir er topib berib, so‘zimning ustidan chiqayin!»
Xonning ko‘zlari davrada o‘tirgan sultonlarni oralab o‘tib, poygakroqda o‘tirgan yo‘g‘on
gavdali cho‘tir qora kishida to‘xtadi. Mansur baxshi deb ataladigan bu odam tabiblik qilar
edi. U childirma chalib «ko‘chiriq» qilishni ham bilar edi, «ko‘taruvchi» degan laqabi bor
edi. Unga xotin chidamas — olgan xotinlari yo bir-ikki yil umr ko‘rmay o‘lar, yoki qochib
ketar edi.
— Mansur baxshi, siz xotinga yolchimay yuribsiz,— dedi Shayboniyxon. — Pastdagi
begim kelinchak yongliq yasanib kelibdi. Shuni sizga uzatayikmi?
Mansur baxshi o‘rnidan sakrab turdi, quvonganidan og‘zi qulog‘iga yetguday kulib ta’zim
qildi:
— Marhamatingizdan aylanayin, hazratim, jon deyman!
Hamma kulib yubordi. Shayboniyxon bu tugunni ham sulton va a’yonlarga yoqadigan bir
ustalik bilan yechganidan ko‘pchilik mamnun edi:
— Xon hazratlari dono yo‘l topdilar!
— Mansur ko‘taruvchi endi begimni quchog‘idan qo‘ymay rosa ko‘taradi.
— Biri biriga munosib!
— Biroq, — Shayboniyxon yana so‘z boshlagan edi, o‘zaro gaplar va kulgilar darhol
bosildi, — baxshining to‘yini Samarqandda qilamiz. Hammamiz shaharga tartib bilan
kiramiz...
Samarqandda bir necha marta bo‘lgan va qayerda nima borligini yaxshi biladigan xon
qo‘shinlarning shaharga kirish va joylashish tartibini oldindan o‘ylab qo‘ygan edi. Hozir
shuni buyruq shakliga keltirib, lashkarboshilarga aniq ko‘rsatmalar bera boshladi.
Shayboniyxonning besh ming kishilik qo‘shini Chorraha darvozasidan Samarqandga kirib
borganda shaharning narigi tomonidagi So‘zangaron darvozasidan yuzlab odamlar
qochib chiqib ketmoqda edilar. Bobur hozir Shahrisabzda edi. Samarqanddan qochib
chiqqan uning tarafdorlari Shahrisabzga qarab shoshilmoqda edilar.
Ammo Shayboniyxonning quyunday yugurik otliqlari ularning ko‘pini quvib yetib,
ko‘chlarini talashdi, ko‘plarini ayovsiz o‘ldirishdi.
Kechasi shaharda talonchilik avjiga chiqdi. Faqat Xo‘ja Yahyoning hashamatli uyiga va
keng hovlisiga talonchilar yo‘latilmadi. Ko‘pakbiyning yuztacha navkari Xo‘ja Yahyoning
hovlisini qo‘riqlab turdi. Biroq Ko‘pakbiy qo‘ygan maxsus odamlar Xo‘ja Ahrordan qolgan
boyliklar, oltin va javohirlarning qaysi sandiqlarga joylashtirilayotganini pana-panadan
kuzatib, ko‘z tagiga olib qo‘ydilar.
Xo‘ja Yahyo ikki o‘g‘li, uch xotini, o‘n beshtacha xizmatkori yordamida tuni bo‘yi ko‘ch
yig‘ishtirdi. Tong otganda barcha sandig‘u bo‘g‘chalarini, ko‘ch-ko‘ronini to‘rtta aravaga
va o‘n ikki tuyaga yuklatdi. Ayollarni soyabon aravaga chiqarishdi. Xo‘ja Yahyoning o‘zi,
ikki o‘g‘li va o‘nta qo‘riqchi xizmatkor yigiti eng yaxshi otlarini mindilar, Samarqand bilan
g‘amgin xayrlashib, qal’adan chiqdilar. Ko‘pakbiy o‘z navkarlari bilan birga Xo‘ja Yahyoni
Ohaklik tog‘igacha kuzatib qo‘ydi. Termiz yo‘liga tog‘ oshib o‘tish kerak edi. Bir tog‘
darasining ichida Ko‘pakbiy Xo‘ja Yahyoga qarab:
— Biz onhazratimning buyrug‘ini bajardik, endi u yog‘iga o‘zingiz ketavering! — dedi-yu,
navkarlari bilan orqaga burildi.
Yulduzli tunlar (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |