ILMIY AXBOROTNOMA TARIX 2020 - yil, 2 - son
5
e’lonlar, qaydlar, solnoma va boshqa materiallar o‘z ifodasini topadi. Davriy matbuotda yozma
manbalarning xilma xil turlaridan tashqari, tasviriy manbalar (fotografiya, karikatura, rasm) jamlangan.
Asosiy “manbaviy” birlik sifatida gazeta sonlarining butun nashr materiallari emas, bosh
maqolalari[12, 1] yoki fotoreportajlari[7, 8] olingan xorijiy tadqiqot ishlari mavjud. Gazeta materiallariga
manba sifatida bunday alohida yondashuv davriy matbuotda e’lon qilingan materiallarning xilma-xil
turlarini va ularning har birining tarixiy manba sifatidagi o‘ziga xosligini aniqlash imkonini beradi.
Gazeta materiallaridan manba sifatida foydalanib, uning ma’lum bir turdagi janrini tizimli tahlil
etish orqali jamiyat hayot faoliyati jarayonidagi muayyan hodisalar, qarashlar yo‘nalishini, tizimini,
ularning xususiyatlarini aniqlash va bir turdagi muntazam chiqib turgan davriy matbuot materiallarini
miqdoriy va tarkibiy tahlil usullari asosida tahlil qilib, aniq faktlarga ega bo‘lish, ular asosida ilmiy
asoslangan xulosalar chiqarish mumkinligi turli ijtimoiy fanlar tadqiqotlarida o‘z isbotini topgan.
Davriy matbuot ikkita imkoniyatni taqdim etadi: birinchidan, jamiyat hayot faoliyati jarayonida
muayyan siyosiy, mafkuraviy yoki idoraviy yo‘nalish doirasida (tahririyat nashrlarning majmui va tartibini
maqsadga yo‘naltirib belgilashi tufayli) shakllangan manbalarning ko‘pjihatli kompleksini tahlil etish,
ikkinchidan, ochiq (e’lon qilingan) xarakterdagi axborotni egallash yo‘lidan bora turib, muayyan joy,
tashkilot, odamlar guruhining hayot olamiga kirish[11].
Gazeta materiallaridan foydalanish uning o‘ziga xos xususiyatlarini inobatga olishni talab etadi.
Gazeta janrlari tuzilmasida ikkita element ajratilgan: faktik materialning o‘zi va unga mualliflik sharhi. Bu
ikki elementning turlicha birikuvida bir janrning ikkinchisidan farqi ko‘rinadi. Gazeta va jurnallar
materiallarining sub’ektiv qismi, faktlar talqini, ularning sharhi ham tadqiqotchi uchun ahamiyatli deb
e’tirof etildi. Janr davriy matbuot axborotining mazmuniga, to‘liqligiga va ishonchliligiga, faktlar
bayonining chuqurligiga va umumlashtirishning hissasiga jiddiy ta’sir ko‘rsatadi. Ishlab chiqilgan janrga
oid tasnif bilan bog‘liq holda axborot, tahliliy, badiiy-publitsistik janrlarni farqlash mumkin[14]. Bu
tasnifda maqolalar tahliliy janrlar turiga kiradi. Hatto voqea va yangiliklar ro‘yxatida ham yangiliklarni
tanlash hamda ular bayonining ketma-ketligida sub’ektiv omil ishtirok etadi. Shu jihatdan qaraganda,
maqola mazmunining faktligi masalasi undan qidirilayotgan aniq-tarixiy bilish vazifasiga ham bog‘liq.
Masalan, aynan davriy matbuotdan o‘z davriga xos hodisalar, qarashlar, siyosiy konsepsiyalar, ma’lum
yo‘nalishdagi ijtimoiy intilishlar, voqeliklar tizimini kuzatish va qayd etish vazifasi qo‘yilgan bo‘lsa, unda
gazeta materiallariga chuqur va atroflicha tanqidiy qarash zarurati kamroq seziladi.
Bir qator tadqiqotlarda gazetadagi asosiy manbaviy birlik sifatida tahririyat maqolalarining
tanlanishi ularning maqomi, vazifasi (qoida tariqasida tahririyat maqolasida gazeta nomerining kalit
mavzusi ko‘tariladi) va taxminan bir xil hajmi bilan bog‘liq. Masalan, N.B. Arnautovning ilmiy tadqiqotida
gazeta sonlarining eng dolzarb mavzularini maksimal darajada ifodalovchi tahririyat maqolalari belgilandi.
Tadqiqot uchun “Pravdaning” 1460 ta tahririyat maqolasi tanlab olingan. Olingan ma’lumotlar to‘liq 1934
yil dekabrdan 1938 yil noyabrgacha bo‘lgan davrda “xalq dushmani” obrazining asosiy o‘zgarishlarini
ifodalaydi. N.V. Razdinaning tadqiqotida “Za industrializatsiyu” gazetasining
1932 va 1937 yillar -
dastlabki ikki besh yillik tugashi hamda 1940 yil uchinchi besh yillik nashrlari mazmunini xarakterlovchi,
yilning anchagina taqdimotli mart va oktyabr oylaridagi barcha sonlari o‘rganilgan. Birinchidan, oy –
maqolalar miqdoriga ko‘ra yetarlicha hajmli, har bir davr haqida qandaydir tasavvur berishga qodir vaqt
bo‘lagi ekani, ikkinchidan, ko‘p hollarda matbuot tadqiqotchilarini jalb etgan mart va oktyabr oylarida
umumlashtirilgan axborotlar hajmi nisbatan katta emas deb hisoblanishi e’tiborga olingan.
Maqola jurnalistikaning asosiy janrlaridan biri bo‘lib, uning asosiy xususiyati hayot voqea,
hodisalari, faktlar majmuasini chuqur tahlil va tadqiq etish, ulardan zaruriy nazariy, amaliy va publitsistik
xulosalar chiqarishdir. Unda ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy-ishlab chiqarish, madaniy-ma’naviy hayotning
barcha muhim masalalari o‘z ifodasini topadi. Maqola uchun eng muhim talab uning shu kun uchun
zarurligi, publitsistikligidir[15]. Maqola istilohi keng ma’noda gazeta, jurnal, radio, televidenie,
shuningdek, to‘plamlardagi ilmiy asarlarga nisbatan ham qo‘llanadi[17]. Maqsadli vazifasiga bog‘liq holda
maqolalar targ‘ibot, muammoli, tanqidiy, ilmiy va boshqa turlarda bo‘lishi mumkin. Partiya-sovet matbuoti
amaliyotida bulardan tashqari maqolaning maxsus turlari – ko‘rsatma beruvchi (bosh) maqola, ilg‘or
tajribani umumlashtiruvchi maqola va boshqalar paydo bo‘ldi[2]. Bosh maqola (yoki tahririyat tomonidan
yoziladigan maqola) tahririyatning eng mas’uliyatli maqolasi bo‘lib, unda ichki va xalqaro hayotga doir
muhim masalalarni o‘quvchilar ommasiga etkazish vazifasi qo‘yilgan. Bunday maqola muayyan masala
yuzasidan yo‘l-yo‘riq ko‘rsatishi, mavjud kamchiliklarni ochib tashlashi, har bir ishning asosiy yo‘lini
belgilab berishi lozim bo`lgan[17].
Rossiyada tahririyatning ichki va tashqi siyosatning turli masalalariga munosabatini bayon etuvchi
bosh maqola janri 19 asrning 60-yillarida rivoj topdi. Bosh maqola axboriy materiallar bilan birga
gazetalarning ajralmas qismiga aylandi. Bosh maqola qoida tariqasida, birinchi sahifaning ko‘rinarli joyida,
Do'stlaringiz bilan baham: |