Difteriya (bo’gma) - o'tkir yuqumli kasallik bo'lib, kasallik qo’zgatuvchisi kirgan
sohada fibrinoz yallig’lanishining kelib chiqishi va organizmning umumiy
intoksikasiyasi bilan xarakterlanadi. Bo’gma kasalligi o’tmishda juda og'ir kechgan
va ko'pgina asoratlarga olib kelgan va organizmning umumiy zaharlanishi tufayli
fojiali tugagan. Mamlakatimizda kasallikka qarshi faol emlash joriy qilingandan
keyin, so’nggi yillar ichida bo’g'ma kasalligi deyarli yakka-yakka uchraydigan
bo'lib qoldi.
Etiologiyasi. Kasallikning qo’zgatuvchisi bo’gma tayoqchasi bo'lib, fakultativ
anaerob mikroblar guruhiga kiradi, uni 1883-1881 yillarda Klebs va Lyoffler
aniqlashgan. Bo’g'ma tayoqchasining asosiy xususiyati uni ekzotoksin ishlab
chiqarish bo'lib, bu xususiyatiga qarab toksigen va toksigen bo’lmagan guruhlarga
bo'linadi Difteriya tayoqchasi past haroratga chidamli 120 º C da 7 kun davomida
tirik saqlanadi, ammo yuqori 30 daqiqa ichida halok bo'ladi. Bo’gma tayoqchasi
bemorning ro’zg’or buyumlarida, o’yinchoqlarida uzoq vaqt saqlanishi mumkin,
lekin zararsizlantiruvchi moddalar ta'sirida tezda halok bo'ladi.
Epidemiologiyasi. Kasallik manbai bo’g'ma bilan og’rigan yoki kasallik
bakteriyasini tashib yuruvchilar hisoblanadi. Bemor butun kasallik mobaynida
yuqumli hisoblanadi. Ba'zi hollarda esa kasallikning asosiy belgilari o’tgandan
keyin ham atrofdagilar uchun xavfli bo'lishi mumkin. Bo’g'ma tayoqchasining
tashib yurishning toksigen va toksigen bo’lmagan turlari farq qilinadi. Toksigen
deganda, kasallik paydo qiluvchi turi ko'zda tutiladi. Bo’g'ma tez-tez kasallikka
chalinib turadigan zaif hamda yuqori nafas yo'llarining surunkali kasalligi bor
odamlarda ko'proq uchraydi. Bo’g'ma tayoqchalari bemorlar va bakteriya
tashuvchilarning organizmidan, aksirganda va yo’talganda havo-tomchi yo'li orqali
sog'lom bolalarga yuqadi. Yuqori nafas yo'llari, burun, tomoq, shilliq pardalari, teri
kindik, ko'z va jinsiy organlarning shilliq qavatlari bo’g’ma tayoqchalarining
ko’rish darvozasi hisoblanadi. Ba'zi hollarda kasallik turli ro’zg’or buyumlari va
o’yinchoqlar orqali kontakt yo'li bilan yuqishi mumkin. Difteriyaga 1 yoshdan to
10 yoshgacha bo’lgan bolalar ko'proq beriluvchan bo’lsalarda, bu kasallik bilan
yangi tug'ilgan chaqaloqlar ham og'rishi mumkin. Kasallik o’tgandan keyin
organizmda barqaror tabiiy immunitet paydo bo'ladi. Kasallik ko'proq kuz-bahor
oylarida uchraydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |