www.ziyouz.com
кутубхонаси
88
tayinlaganlar.
— Jadidlar musulmon emas, kofirdan battar...
Ular shu tariqa bahslashib turganlarida amirga Qabodiyondan chopar kelib qoldi. Ma’lum
bo‘lishicha, Afg‘oniston podshosi tomonidan amirga yordam uchun yuborilgan 400 nafar afg‘on
jangchilari qizillar qurshovida qolgan ekan.
— Agar jadidlarga qarshi urushishni istamasangiz, u holda Qabodiyonga borib afg‘onlarni ozod
qilish kerak, — dedi amir Asqarbekka.
Asqarbek o‘z yigitlari bilan Qabodiyon yo‘nalishi sari yurib, afg‘onlarni qizillardan ozod qildi.
Afg‘on askarlari minnatdorchilik tariqasida uning yigitlari safiga qo‘shildilar. Shundan so‘ng Asqarbek
o‘z yigitlari va sog‘ qolgan 370 nafar afg‘onlarga boshchilik qilib, janglarda ishtirok etib yurdi. Shu
orada Ibrohimbek bilan yana bir bor to‘qnashuv bo‘lib o‘tdi. Musulmonlar bilan urushmaslikka har
qancha harakat qilgan bo‘lsada, o‘z yigitlari va afg‘onlarni himoya qilish uchun o‘t ochishga majbur
bo‘ldi.
Sho‘rolar tomonidan tuzilgan Hisor ekspeditsiya korpusi Dushanbaga yetib kelib, ta’qibni
kuchaytirgach, Sayyid Olimxon noiloj Afg‘onistonga o‘tib ketishga majbur bo‘ladi. Ana shu qaltis
paytda amirni Afg‘onistonga eson-omon o‘tkazib yuborgan kuch o‘zining ishongan odamlari emas,
balki Shermuhammad yuborgan Asqarbek yigitlari edi. Amirning sog‘ omon o‘tib ketishi uchun
Farg‘onalik 70 nafar yigit shahid ketdi. Bu voqealar 1921 yil 5 martda ruy bergan edi.
Ali Bodomchining yozishicha, amir hali Dushanbadaligida Shermuhammadbek bir marta kelib u
bilan uchrashgan. Ular o‘rtasida qattiq tortishuv bo‘lib o‘tgan. Biroq biz bu faktni tasdiqlaydigan
boshqa manbalarni uchratmadik.
Shermuhammadbek amir sovg‘a qilgan qilichni uzoq vaqtlar belidan qo‘ymadi. Bu qilich
qanchadan-qancha dushmanlar ko‘ksiga qadalgan bo‘lsa kerak.
Frunze Buxoroga hujum qilgan paytda qizillar bilan sulh tuzgan bir qancha qo‘rboshilarni ham
yigitlari bilan amirga qarshi jangga solgan edi. Amir Afg‘onistonga o‘tib ketgach, unga qarshi urushda
ishtirok etgan musulmon polklari yana Farg‘onaga qaytarildi. Vodiydagi janglar asnosi musulmon
polklarining komandirlari bo‘lgan bir nechta sobiq qo‘rboshilar Shermuhammadbek yigitlari
tomonidan asir olinadi. Shermuhammadbek ularni amirga qarshi jang qilganligi uchun o‘limga
mahkum etadi. Aytishlaricha, hukmni ijro etuvchi yigitlarga u amirning qilichini tutqazadi: go‘yo, amir
qilich vositasida ulardan qasd oladi.
Amirning qilichi Shermuhammadbek qo‘lida ekanligida haqiqat va adolat yo‘lida qindan sug‘urilib
turdi. Uning keyingi taqdiri noma’lum.
Do'stlaringiz bilan baham: |