www.ziyouz.com
кутубхонаси
63
qilishini bilmay, oxiri qizil askarlarga yordam tariqasida tatar diviziyasiga olib borib beradi. Buni
ko‘rgan askarlar xursand bo‘lib, “ — To‘ng‘iz amin keldi, indi sup jirni bo‘la!” (Amin to‘ng‘iz olib
keldi, endi sho‘rvamiz yog‘li bo‘ladi!) deganlar, shu sabab, u shunday laqab ortdirgan ekan.
Tatar qismlari Farg‘onaga tashlangach, ularning Jo‘jixon avlodlari ekanligini bilgan odamlar
xotirasiga bundan yetti yuz yil avval aytilgan “Jo‘ji keldi, bo‘ji keldi” degan mungli qo‘shiq kela
boshladi.
Tatar diviziyasi zarbasining asosiy og‘irligini o‘ziga olgan Madaminbek bo‘ldi. Tatarlar dekabr oyi
boshida kelgan bo‘lsa, ular bilan Madaminbek-Monstrov qo‘shini o‘rtasida janglar to‘xtovsiz tarzda
davom etdi. Dastlab Madaminbek ularga katta zarbalar berib, shoshirib qo‘ydi. Shundan so‘ng
qo‘mondonlik tatar diviziyasiga qozoq va o‘zbek polklaridan iborat yangi kuchlar bilan yordam
ko‘rsatdi. Shunda ham Madaminbek bo‘sh kelmadi. Buni dushman ham e’tirof etar edi. “ —
Farg‘onadagi urushlar nechog‘li o‘ziga xos, doimo harakatda, shitob bo‘lganligini to‘qnashuvlar,
janglar, mojarolar va buyruqlar shakllari tasdiqlaydi, hamma darajadagi komandirlardan va barcha
jangchilardan u jasurlik, kurash sharoitlarini bilish, eng muhimi tashabbus va yana tashabbusni taqozo
etardi,” — deb yozadi o‘z esdaliklarida Yoqub Chanishev. U yana esdaliklarining davomida
“bosmachi”lar faoliyatiga qoyil qolganini yashirmaydi: “— Bosmachilar juda harakatchan otryadlar
bo‘lib, ular butun vodiy bo‘ylab ustunlik qilishardi. Ba’zida bir kechada qarorgohlaridan yuzlab
chaqirim nariga ketib qolishsa, ko‘pincha qishloqlarda osoyishta osh yeb o‘tirgan odamlar ham birdan
choponlari tagidan qurollarini olib, biz bilan bexos jangga kirishib ketishar edi”. Adib Ibrohim Karim
“Madaminbek” asarida bronepoezd komandiri bo‘lgan V.Ye. Tokarevning e’tirofini keltiradi:
“Bosmachilar nihoyatda puxta ish ko‘rib, ko‘pincha qizil armiyaga firib berib ketishlarini e’tirof etish
kerak... Ular qizil armiyaning bo‘sh joylarini bilib olib, to‘satdan hujumga o‘tar, o‘zlari hech bir talafot
ko‘rmagan holda katta zarar va zahmat keltirardilar. Ba’zi qo‘rboshilar qizil armiya tomoniga o‘tib,
qurollanib olgach, yana qaytib qizillarga qarshi jangga kirishib ketardilar”.
1919—20-yil qishi ichidagi to‘xtovsiz shiddatli janglar nihoyat Madaminbekni holdan toydirdi.
Tatar diviziyasi safi kun sayin to‘ldirib turilgan holda, Madaminbek qo‘shini safi qisqarib boraverdi:
Frunze ko‘rgan qat’iy choralar natijasida sovet organlarining mahalliy xalqqa ko‘p sohada yon berishi,
taslim bo‘lganlarning avf etilishi va boshqa omillar tufayli mahalliy aholining guruh-guruh bo‘lib kelib
qo‘rboshilarga yigit bo‘lishi keskin kamayib ketdi. Yanvar oyiga kelib tatar diviziyasi tarkibidagi jonli
kuch nufusi 20 ming nafarga yetkazildi. Madaminbek-Monstrov qo‘shinida esa janglardan so‘ng besh-
olti ming jangchi qoldi, xolos.
Do'stlaringiz bilan baham: |