www.ziyouz.com
кутубхонаси
55
emas, balki ko‘plab qo‘rboshilar tomonlaridan ham amalga oshirilgan. “Tarki odat amri mahol”
deganlaridek, shahar va qishloqlarni ozod etish uchun bo‘lgan janglarda guruhga qo‘shilib qolgan
ayrim sobiq mahbuslar o‘z eski hunarlarini qo‘msab, talonchilik, o‘g‘rilik, zo‘rlash bilan
shug‘ullanganlari ma’lum. Madaminbek va Shermuhammadbek bunday jinoyatchilarni juda qattiq
jazolaganlari ham ma’lum. Lekin, shunday bo‘lsada, pokiza nomga dog‘ tushirish uchun butun bir
ozodlik kurashi mobaynida sodir etilgan bir-ikki jinoyat ham yetib ortadi. Qizil gvardiyachilar va
ayniqsa ularga qo‘shilib olgan arman dashnoqlari muntazam ravishda talonchilik, zo‘ravonlik bilan
shug‘ullanganlari holda milliy-ozodlik harakati safiga yuqoridagi tarzda qo‘shilib qolgan yakkam-
dukkam jinoyatchilarining bir-ikki marta sodir etgan jinoyatlari milliy-ozodlik harakati faoliyatiga
dog‘ tushira olmasa ham, gap-so‘zlarga sabab bo‘ldi. Ayniqsa, qizil tashviqotchilar ana shunday bir-
ikki jinoyatni milliy ozodlik harakatining asosiy faoliyati sifatida ko‘rsatib keldilarki, bu hol hatto
mustaqillik davrida ham milliy-ozodlik harakati dolzarb ilmiy publitsistik mavzu darajasiga ko‘tarila
olmasligi omillaridan biri bo‘lib kelmoqda.
Alqissa, Nurmuhammadbek Yodgorbek va uning yaqin safdoshlarini qutqarishga ulgura olmasa
ham, qamoqxonani vayron qilib, mahbuslarni ozodlikka chiqarib, g‘alaba bilan G’orbuvoga qaytib
keldi. Bu hujumning eng ahamiyatli tomonlaridan biri, unda xalq ommasi ishtirok etganligida bo‘lsa,
ikkinchisi, qizil kuchlarning markaziga berilgan zarba ekanligidadir.
Yuqorida ko‘rib o‘tilgan jang-jadallar Farg‘ona vodiysidagi milliy-ozodlik harakati yilnomasidan
1918 yilga oid ayrim lavhalar, xolos.
1918 yilning yoz-kuz oylarida kurash qizg‘in davom etdi, qishga borib susaydi. Barcha qo‘rboshilar
yil mobaynida o‘z hududlarida ustunlikni ushlab turdilar. Qish ichi har ikki tomon ham kelgusi yil
janglariga tayyorgarlik ko‘rish bilan band bo‘ldilar. 1919 yilning erta bahorida janglar yana qizib ketdi
va bahorgi-yozgi urush harakatlari milliy-ozodlik kuchlarining ustunligi bilan o‘tdi. Kuzga tomon esa
vaziyat sovetlar foydasiga o‘zgara boshladi: bu ketishda Turkistonni qo‘ldan boy berib qo‘yishdan
xavfsiragan markaziy hukumat shoshilinch choralar ko‘rishga kirishdi. Turkistondagi vaziyatni
o‘rganish, undan xulosalar chiqarish, o‘lkani qo‘lda saqlab qolish hamda milliy-ozodlik harakatiga
chek qo‘yish choralarini belgilash uchun Moskvadan katta vakolatlar bilan Turkomissiya (to‘liq nomi
Butunrossiya MIK va XKS ning Turkiston ishlari bilan shug‘ullanuvchi komissiyasi) yuborildi. Uning
tarkibi ashaddiy shovinistlar: M.V.Frunze, V.V.Kuybishev, Ya.E.Rudzutak, Sh.Z.Eliava (rais) va
boshqalardan iborat edi. Komissiya har qanday mansabdorni (Turkiston doirasida) ishdan olish, ishga
qo‘yish, qamoqqa olish, o‘lim hukmini chiqarish, harbiy qismlar tuzish, urush e’lon qilish, sulh tuzish,
favqulodda holat e’lon qilish kabi katta vakolatlarga ega edi. Shu bilan bir vaqtda Toshkentdan
Farg‘ona vodiysiga favqulodda komissiya yuborildi. Uning tarkibida Turor Risqulov, Nizomiddin
Xo‘jaev, Yusuf Aliev, Husain Ibrohimov kabi mahalliy millat vakillari ham bor edi. Favqulodda
komissiyaning asosiy vazifasi: vodiydagi vaziyatni o‘rganish, tahlil va taftish qilish, aholini
sovetlardan bezdirib, “bosmachilar” tomon o‘tib ketish omillarini aniqlash va bartaraf etish,
qo‘rboshilar bilan sulh tuzishdan iborat deb topildi. Mahalliy millat vakillari, ayniqsa, Turor Risqulov
va Nizomiddin Xo‘jaevlar taftishni o‘ta sinchkovlik va qat’iyat bilan olib bordilar. Taftish asnosida
mahalliy sovetlar rahbarlari va a’zolari, qizil armiya qismlari, arman dashnoqlari tomonidan xalqqa
qarshi sodir etilgan juda ko‘p jinoyatlar aniqlandi (Komissiyaning faoliyati kitobimizning boshlanish
qismlarida ham qalamga olingan). Biroq taftish xulosalari va undan kelib chiqqan takliflar Turor
Risqulovning o‘ziga nisbatan ayblov xulosasi sifatida ishlatilib, u burjua millatchisi sifatida komissiya
tarkibidan chiqarib yuborildi. Shunday bo‘lsada, Turkkomissiya mazkur xulosalar va takliflarni o‘z
xizmatlari hisobiga qo‘shib, undan foydalandi. Chunonchi: arman dashnoqlari qurolsizlantirildi va
ashaddiylari qamoqqa olindi, joylardagi sovetlar va revkomlar boshliqlarining aksariyati ishdan olindi,
hukumat dehqonlarga urug‘lik, ishlab chiqarish vositalari bilan yordam ko‘rsatajagini e’lon qildi;
“bosmachi” va “bosmachiga yordam beruvchi” kabi ayblar bilan qamoqqa olingan tinch aholi
vakillarining katta qismi hibsdan ozod etildi.
Mansurxo‘ja Xo‘jaev. Shermuhammadbek qo‘rboshi
Do'stlaringiz bilan baham: |