Davlat ramzlarining qabul qilinishi.
O‘zbekiston davlat mustaqilligiga
erishgach, xalqaro talablar va me’yorlar doirasidagi qiyofasini ko‘rsatmog‘i,
buning uchun esa o‘zining butun imkoniyatlarini, o‘ziga xos jihatlarini
ifodalovchi davlat ramzlariga ega bo‘lmog‘i lozim edi.
Ramzlar shunchaki rang va shakllar yig‘indisidan iborat emas. Ular
muayyan bir davlatning va shu mamlakat fuqarolarining o‘zligi, tarixidan kelib
60
chiqmog‘i, qolaversa, davlat siyosatining mazmun-mohiyatini o‘zida mujassam
etmog‘i kerak.
Davlat ramzlari – uning tarixan tarkib topgan, milliy suverenitetini
ifodalaydigan eng muhim belgilaridir. Ular mamlakat xalqi, millatning hayoti,
an’analari,
ruhiyati,
folklori,
tarixi
bilan
chambarchas
bog‘liq.
Konstitutsiyamizning 5-moddasida belgilanganidek, “O‘zbekiston Respublikasi
qonun bilan tasdiqlanadigan o‘z davlat ramzlari – bayrog‘i, gerbi va
madhiyasiga ega”.
Jumladan, 1990-yil 20-iyunda qabul qilingan Mustaqillik deklaratsiyasida
ham O‘zbekiston o‘z taraqqiyot yo‘lini, o‘z nomini belgilashi hamda davlat
ramzlari (gerb, bayroq, madhiya)ni o‘zi ta’sis etishi e’lon qilindi. 1991-yil 15-
fevralda O‘zbekiston Oliy Kengashi “O‘zbekistonning davlat ramzlari
to‘g‘risida” maxsus qaror qabul qildi.
O‘zbekiston Respublikasi davlat ramzlarining ishlab chiqilishi va qabul
qilinishi jarayoni ikki yarim yildan ko‘proq davom etib, bir necha bosqichlarni
o‘z ichiga oldi:
Birinchi bosqichda O‘zbekiston Respublikasining ramziy belgilarini ishlab
chiqishga tayyorgarlik ishlari amalga oshirildi. 1990-yil 30-martda “O‘zbekiston
Respublikasining davlat madhiyasi to‘g‘risida”gi, 1991-yil 15-fevralda
“O‘zbekiston davlat bayrog‘i va davlat gerbi emblemalarini ishlab chiqish
to‘g‘risida”gi Oliy Kengash qarorlari e’lon qilindi.
Davlat ramzlarini qabul qilish bo‘yicha Konstitutsiyaviy komissiya tuzilib,
Komissiya ekspert guruhining tarkibiga taniqli olimlar: O‘zbekiston Fanlar
akademiyasining prezidenti M.S.Salohiddinov, O‘zbekiston xalq yozuvchisi
P.Q.Qodirov, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining akademigi A.A.Asqarov,
O‘zbekiston Fanlar akademiyasining muxbir a’zosi B.A.Ahmedov kiritildi.
Davlat bayrog‘i va gerbi timsollarining chizmalariga oid takliflarni tayyorlash
uchun rassomlar, san’atshunoslar B.Jalolov, R.Ahmedov, J.Umarbekov,
N.Ahmedova, shuningdek, respublika Konstitutsiyaviy komissiyasining a’zolari,
61
madaniyat va san’at arboblari, siyosatshunos va huquqshunos mutaxassislardan
iborat Oliy Kengashning maxsus komissiyasi tuzildi.
Ikkinchi bosqichda O‘zbekiston Respublikasi davlat timsollari va ularning
musiqaviy ekvivalentini ishlab chiqish bo‘yicha tanlov o‘tkazildi. Tayyorgarlik
ishlari 1991-yil 11-fevralda boshlab yuborilgan bo‘lsa, iyun oyidayoq Davlat
bayrog‘i va gerbi loyihalariga dastlabki tanlov e’lon qilindi. Bu ishga
mutaxassislar bilan birga keng jamoatchilik ham jalb etildi.
Uchinchi bosqichda O‘zbekiston Respublikasi ramzlari loyihalarining
umumxalq muhokamasi o‘tkazildi. Bunda fuqarolar va mutaxassislar taklif
etgan davlat bayrog‘i va gerbining variantlari, davlat madhiyasining matni va
musiqasi matbuotda yoritilib, umumxalq muhokamasiga qo‘yildi. Muhokama
davomida davlat ramzlarini ishlab chiqish bo‘yicha maxsus komissiyaga barcha
viloyatlardan ko‘plab maktublar, xilma-xil loyihalar, taklif va istaklar bitilgan
xatlar kelib tushdi.
To‘rtinchi bosqichda O‘zbekiston Respublikasi davlat ramzlari bo‘yicha
tanlov va umumxalq muhokamasining natijalari O‘zbekiston Respublikasining
parlamenti – Oliy Kengashda umumlashtirildi. O‘zbekiston Respublikasi davlat
ramzlari tanlovining dastlabki olti oy ichida erishilgan natijalar 1991-yil 31-
avgustda ish boshlagan Oliy Kengashning oltinchi sessiyasida ko‘rib chiqildi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining 1991-yil 18-noyabr VIII
sessiyasida 13 moddadan iborat bo‘lgan “O‘zbekiston Respublikasining Davlat
bayrog‘i to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi. Davlat bayrog‘i mamlakatimiz
hududida ilgari mavjud bo‘lgan g‘oyat qudratli saltanatlar bayrog‘iga xos
bo‘lgan eng yaxshi an’analarni davom ettirgan holda respublikaning tabiatiga
xos xususiyatlarni, xalqimizning milliy va madaniy sohalardagi o‘zligini ham
aks ettiradi. O‘zbekiston Respublikasi davlat bayrog‘i yurtimizning o‘tmishi,
bugungi kuni va kelajagining yorqin ramzi bo‘lib qoldi.
Bayroqdagi havorang – zangori osmon va musaffo suv ramzi. Oq rang –
tinchlik va poklik timsolidir. Qizil chiziqlar – bu har bir tirik jonning qon tomiri,
62
unda jo‘sh urib turgan hayotiy kuch, tiriklik ramzi. Yashil rang –
O‘zbekistonning saxovatli va tabarruk tuprog‘i, go‘zal tabiati timsoli. Yarim oy
va yulduzlar musaffo osmon va tinchlikning ifodasidir. 12 ta yulduz tasviri –
qadimdan mukammallik, barkamollik timsoli.
1992-yil 2-iyulda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining X
sessiyasida 8 ta moddadan iborat bo‘lgan “O‘zbekiston Respublikasining Davlat
gerbi to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi. “Gerb” polyakcha – “herb”, nemischa
“erbe” – “meros” so‘zidan olingan bo‘lib, biron-bir mamlakat yoki hududning
siyosiy va tarixiy g‘oyalari majmuini, o‘ziga xos tabiiy va xo‘jalikka oid
xususiyatlarini, shuningdek, tabaqaviy tafovutlarini, shaxs, urug‘ va
boshqalarning shajaralarini ifodalovchi alohida ramziy belgi hisoblanadi.
Davlat gerbi markazidagi xumo qushi – baxt-saodat va erksevarlik ramzi.
Gerbning yuqori qismidagi sakkiz qirrali yulduz respublikamizning sobit va
barqarorligi timsoli. Quyosh – davlatimizning yo‘li hamisha nurafshon bo‘lishi
bildirilgan yaxshi niyat, ayni paytda u O‘zbekistonning noyob iqlimga ega
mamlakat, serquyosh o‘lka ekanligini bildiradi. Boshoq – rizq-ro‘zimiz timsoli,
to‘kin-sochinlik ifodasi. Oppoq paxta – O‘zbekiston dong‘ini dunyoga taratgan
bebaho boyligimiz ramzi. Bug‘doy va paxta chanoqlarini Davlat bayrog‘i lenta
bo‘lib o‘raganligi O‘zbekistonda yashayotgan xalqlar do‘stligi va yakdilligi
ifodasi hisoblanadi.
1992-yil 10-dekabrda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Kengashining XI
sessiyasida 12 moddadan iborat “O‘zbekiston Respublikasining Davlat
madhiyasi to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi (madhiya – “gimnos” yunoncha
so‘zdan olinib, tantanali qo‘shiq ma’nosini anglatadi). Sessiyada shoir Abdulla
Oripov va bastakor Mutal Burhonov tomonidan tayyorlangan madhiya varianti
tasdiqlandi.
Har bir mustaqil davlatning asosiy belgilaridan biri – milliy valutasidir.
O‘zbekiston davlat mustaqilligini ko‘lga kiritib o‘zining milliy valutasini
muomalaga kiritishga kirishdi. Biroq bu jarayon uchun ma’lum vaqt, tajriba
63
kerak edi. Shu boisdan O‘zbekiston 1991–1993-yillarda sovet Itttifoqidan meros
qolgan rubl zonasida bo‘lib turdi. Ammo sovetlardan keyingi makonda yalpi
ichki mahsulot ishlab chiqarishning keskin pasayishi natijasida rublning qadri
ham shunga mos ravishda tushib bordi.
1992-yilning yanvaridan iste’mol bozorini himoyalash va mahsulotlarni
faqat O‘zbekiston fuqarolariga sotish uchun bir martalik kuponlar bosib
chiqarilgan. Gazeta qog‘ozida chop etilgan va tashkilotning muhri uriladigan
kartochkasi qirqib olinuvchi bir martalik kuponlar 1993-yilning 22-
noyabrigacha amal qilgan.
O‘zbekiston muomalaga yangi milliy valuta kiritish ishiga jiddiy kirishdi.
1992-yildayoq muomalaga chiqarishga mo‘ljallangan so‘m-kupon nusxalari
tayyorlanadi. Nihoyat 1993-yil 1-noyabrda O‘zbekistonda so‘m-kupon
muomalaga kiritildi, uning kursi oldin muomalada bo‘lib kelgan rublga
tenglashtirilgan edi. 1, 3, 5, 10, 25, 50, 100, 200, 500, 1000, 5000, 10 000
so‘mlik pullarning barchasining old qismida O‘zbekiston gerbi va pul nominali,
orqa qismida esa Samarqanddagi Registon maydonida joylashgan Sherdor
madrasasining surati tushirilgan edi. So‘m-kupon Angliyadagi «Harrison &
Sons Ltd» bosmaxonasida chop etilgan. O‘zbekiston rahbariyati so‘m-kuponlar
asosida zarur tajriba orttirdi, haqiqiy milliy valutani joriy qilish tadbirlarini
ko‘rdi.
Milliy valuta pul belgilarini muomalaga chiqarish va uning barqarorligini
ta’minlashni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki amalga oshiradi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 122-moddasi va “O‘zbekiston
Respublikasi Davlat mustaqilligining asoslari to‘g‘risida”gi Qonunning 11-
moddasi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining 1993-yil 3-
sentabrdagi qarori, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 1994-yil 16-iyunda
e’lon qilingan “O‘zbekiston Respublikasining milliy valutasini muomalaga
kiritish to‘g‘risida”gi Farmoniga muvofiq, 1994-yil 1 iyulidan boshlab
respublika hududida yagona, cheklanmagan va qonuniy to‘lov vositasi sifatida
64
milliy valuta – So‘m ungacha amalda bo‘lgan so‘m-kuponga 1:1000 nisbatda
muomalaga chiqarildi.
So‘mning muomalaga kiritilishi O‘zbekistonda pul muomalasi va hisob-
kitoblar tizimini tashkil etish hamda respublika iqtisodiyotini rivojlantirishda
muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.
1994-yilda 1, 3, 5, 10, 25, 50, 100 so‘mlik qog‘oz banknotlar hamda 1, 3,
5, 10, 20 va 50 tiyinlik tangalar muomalaga kiritilgan edi. 1997-yilning 1-
martidan 200 so‘mlik banknot hamda 1, 5, 10 so‘mlik tangalar; 2000-yil 1-
iyunidan 500 so‘mlik, 2001-yil 1-sentabrdan 1000 so‘mlik banknotlar joriy
qilindi. 2005-yilning 1-iyulida valutaning 10 yilligi munosabati bilan 100
so‘mlik tanga iste’molga kiritildi. 2011-yilning 1-sentabrida esa mustaqillikning
20 yilligi munosabati bilan 500 so‘mlik tanga zarb qilindi. 2013-yilning 1-
iyulidan 5000 so‘mlik banknot muomalaga kiritildi.
Bundan tashqari, 1999-yil 20-oktabrdan Jaloliddin Manguberdining 800
yilligi munosabati bilan 25 so‘mlik, 2002-yil 1-noyabrdan Shahrisabz shahrining
2700 yilligiga bag‘ishlab 50 so‘mlik, 2009-yil 1-sentabrdan Toshkent shahrining
2200 yilligi munosabati bilan ikki xil ko‘rinishdagi 100 so‘mlik metall tangalar
muomalaga kiritilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Senati kengashining qarorlariga ko‘ra 2017-
yilning 10-martidan 10 000 so‘mlik, 2017-yilning 22-avgustidan 50 000
so‘mlik, 2019-yilning 25-fevralidan esa 100 000 so‘mlik banknotlar muomalaga
kiritildi.
Davlat ramzlari mustaqil davlatning muhim tashqi belgilarini o‘zida
mujassamlantirib, ularda xalqning azaliy orzusi, ezgu niyatlari, bugungi hayot
mazmuni aks etadi. Xalqimizning tarixiy an’analari, milliy qadriyatlari,
madaniy-ma’naviy merosini o‘zida aks ettiruvchi bayroq, madhiya, gerb kabi
muqaddas ramzlar mamlakatimiz hayoti va taraqqiyotida beqiyos ahamiyatga
egadir.
65
Shunday qilib, xalqimizning asriy orzusi, umidlari ushaldi, ro‘yobga
chiqdi. Mamlakatimiz, xalqimiz siyosiy mutelikdan, asoratdan qutuldi. Dunyo
xaritasida yana bitta mustaqil davlat – O‘zbekiston Respublikasi paydo bo‘ldi.
O‘zbek xalqi tarixida, mamlakatimizda yashaydigan barcha xalqlar tarixida
chinakam tarixiy ahamiyatga molik bo‘lgan voqea sodir bo‘ldi.
Do'stlaringiz bilan baham: |