Buyruq korxona, tashkilot, muassasa rahbari tomonidan chiqariladigan
rasmiy hujjat. Uning asl nusxasi O‘zbekiston Respublikasi gerbi tushirilgan
maxsus xos qog‘oz(blank)ga rasmiylashtiriladi. Dastlab mutasaddi shaxs
tomonidan tegishli mavzuga doir buyruq loyihasi tayyorlanadi va unga soha
bo‘yicha javobgar shaxslar, mutaxassislarning roziligini ifodalovchi yozuvlar bilan
imzolari to‘planadi. Korxona rahbari buyruq loyihasini “buyruqqa”, “buyruq
uchun” deb imzolagandan so‘ng devonxona yoki xodimlar bo‘limida ro‘yxatga
olingan sana va tartib raqami bilan buyruq chiqariladi va u qonuniy kuchga kiradi.
Yuqori tashkilotning buyrug‘i quyi tashkilotlar uchun, tashkilotning o‘zida
chiqarilgan buyruqlar uning barcha xodimlari uchun bajarilishi shart bo‘lgan
hujjatdir. Zarurat bo‘lganda chiqarilgan buyruqdan ko‘chirma berilishi mumkin.
Buyruqda korxonada amalga oshiriladigan barcha turdagi ishlar hamda
kundalik vazifalar o‘z aksini topadi.
Buyruqlar mazmuni va vazifasiga ko‘ra ikki turga bo‘linadi:
1. Korxona faoliyatiga doir buyruqlar. 2. Kadrlar shaxsiy tarkibiga oid
buyruqlar.
Har ikki turdagi buyruqlar ham ketma–ket tartibda sana va raqamlar bilan
rasmiylashtirib boriladi. Birinchi turdagi buyruqlarda korxona faoliyati bilan
bog‘liq barcha ishlarni tashkil etish, ularni amalga oshirish, nazorat qilish, mablag‘
bilan ta’minlash, rejalashtirish, hisobot va hokazolar o‘z ifodasini topadi.
Buyruqlar vazifasiga ko‘ra raqamlar bilan bir qatorda maxsus qisqartmalar bilan
ham yuritiladi. Masalan, xizmat safarlari (XS) haqida bo‘lsa, 00-XS, ijro(IJ) etish
to‘g‘risida bo‘lsa, 00-IJ, moliyaviy(M) masalalar bo‘yicha bo‘lsa, 00-M, kadrlar –
xodimlar(K yoki X) shaxsiy tarkibiga oid bulsa, 00-K, talabalar(T) haqida bo‘lsa
00-T kabi va hokazo.
Shaxsiy tarkibga oid buyruqlarda xodimlarni ishga olish, ishdan bo‘shatish,
boshqa lavozim yoki ishga o‘tkazish, rag‘batlantirish, mehnat ta’tili berish, mehnat
ta’tilidan chaqirib olish kabilar rasmiylashtiriladi. Buyruqning zaruriy qismlari:
– davlat gerbi, vazirlik nomi va korxona nomi yozilgan xos qog‘oz;
– buyruqning nima haqdaligi yoki buyruqning sarlavhasi;
– rasmiylashtirilgan sana, buyruq tartib raqami va joyi;
– hujjat nomi – buyruq;
– matn (buyruq mazmuni va shu asosda bajariladigan vazifalar, qo‘yiladigan
talablar va hokazo);
– buyruq ijrosini nazorat qiluvchi;
– buyruq uchun asos bo‘lgan hujjatlar;
– buyruq loyihasini tayyorlovchining lavozimi, familiyasi, ismi;
– korxona rahbarining lavozimi, imzosi, munosabat belgisi, familiyasi, ismi;
– buyruqqa rozilik bildirgan mutasaddilarning imzolari, familiyasi, ismi
(huquqshunos, bosh hisobchi, bosh iqtisodchi, moliya–rejalashtirish bo‘limii
boshlig‘i, rahbar o‘rinbosarlari va boshqalar).
Do'stlaringiz bilan baham: