O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI VAZIRLAR MAHKAMASINING
QARORI
YOSHLARNI IJTIMOIY QO‘LLAB-QUVVATLASH BO‘YICHA QO‘SHIMCHA CHORA-TADBIRLAR TO‘G‘RISIDA
Yoshlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish, ularni ijtimoiy-huquqiy va psixologik qo‘llab-quvvatlash, kasb-
hunarga o‘rgatish va bandligini ta’minlash ishlarini samarali tashkil etishning doimiy moliyaviy manbalarini va ulardan
foydalanish tartibini belgilash maqsadida Vazirlar Mahkamasi qaror qiladi:
1. “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish maqsadida tuman va shaharlarda
“Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda — Jamg‘arma) tashkil etilganligi
ma’lumot uchun qabul qilinsin.
2. Jamg‘arma mablag‘lari quyidagi manbalar hisobidan shakllantiriladi:
Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek, tumanlar (shaharlar) mahalliy
budjetlarida shakllangan qo‘shimcha manbalarning kamida 15 foizi miqdorida har chorakda ajratiladigan mablag‘lar;
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini yanada
takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2020-yil 24-noyabrdagi PF-6118-son Farmonining 12-bandida belgilangan
tushumlarning mazkur Farmonga 3-ilovaga muvofiq miqdordagi qismi;
xorijiy (xalqaro) moliya institutlari va boshqa xorijiy donorlarning texnik ko‘mak mablag‘lari va grantlari;
homiylik xayriyalari va qonunchilik hujjatlari bilan taqiqlanmagan boshqa manbalar.
Oldingi tahrirga qarang.
Bunda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi budjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy budjetlarida shakllangan
qo‘shimcha manbalarning kamida 15 foizi miqdoridagi mablag‘lar har chorakda tegishli hududning qo‘shimcha manbalari
nisbatan kam miqdorda shakllangan tumanlar (shaharlar)ning “Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash
jamg‘armalariga ushbu jamg‘armalar Vasiylik kengashining ushbu qarorda belgilangan xarajatlarni qoplashga ko‘maklashish
haqidagi talabnomasiga asosan yo‘naltiriladi.
(2-band O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 23-iyundagi 450-sonli qaroriga asosan oltinchi xatboshisi bilan
to‘ldirilgan — Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 23.07.2021-y., 09/21/450/0691-son)
3. Jamg‘arma mablag‘lari:
“Yoshlar daftari”ga kiritilgan moddiy ahvoli qiyin yoshlarga bazaviy hisoblash miqdorining (keyingi o‘rinlarda — BHM) 4
baravarigacha miqdorda bir martalik moddiy yordam ko‘rsatishga;
yoshlarni tadbirkorlikka va kasb-hunarga o‘qitish bo‘yicha nodavlat ta’lim tashkilotlariga sarflangan xarajatlarning 75
foizigacha qismini qoplashga yo‘naltiriladi. Bunda yoshlarni tadbirkorlikka o‘qitish xarajatlarining har bir bitiruvchiga BHMning
4 baravaridan ortiq bo‘lmagan qismi, kasb-hunarga o‘qitish uchun sarflangan xarajatlarning bir oygacha, bir oydan ikki oygacha,
ikki oydan ortiq muddatli o‘quv kurslari uchun tegishlicha BHMning 4, 8, 12 baravaridan ko‘p bo‘lmagan qismi qoplanadi;
“Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga BHMning 8 baravarigacha miqdorda urug‘lik va ko‘chatlar sotib olish uchun
subsidiya ajratishga;
Oldingi tahrirga qarang.
“Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga tadbirkorlik faoliyati hamda o‘zini o‘zi band qilish maqsadida noturar joyning 12
oygacha ijara xarajatlarini ko‘pi bilan bir yilda 30 foizi, biroq BHMning 25 baravarigacha miqdorda qoplashga;
(3-bandning beshinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 23-iyundagi 450-sonli qarori tahririda —
Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 23.07.2021-y., 09/21/450/0691-son)
“Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarga tadbirkorlik faoliyatini boshlash va o‘zini o‘zi band qilishga zarur bo‘lgan asbob-
uskunalar va mehnat qurollarini xarid qilish uchun BHMning 40 baravarigacha miqdorda subsidiya ajratishga;
Oldingi tahrirga qarang.
mamlakatimizdagi professional va oliy ta’lim muassasalarida ta’lim olayotgan “Temir daftar”ga kiritilgan oilalar
farzandlarining, shuningdek, “Yoshlar daftariga” kiritilgan yoshlarning to‘lov-kontrakt summasining 50 foizigacha, ammo
BHMning 50 baravaridan oshmagan miqdorda to‘lab berishga;
(3-bandning yettinchi xatboshisi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 23-iyundagi 450-sonli qarori tahririda —
Qonunchilik ma’lumotlari milliy bazasi, 23.07.2021-y., 09/21/450/0691-son)
“Temir daftar”ga kiritilgan oilalarning ahvoli og‘ir bo‘lgan bemor farzandlariga mamlakatda yoki xorijiy davlatlarda
davolanish bilan bog‘liq xarajatlarni BHMning 50 baravaridan oshmagan miqdorda qoplashga;
psixologik maslahatga muhtoj yoshlarga ixtisoslashgan nodavlat notijorat tashkilotlar hamda nodavlat ta’lim tashkilotlari
tomonidan pullik psixologik xizmat ko‘rsatilishi bilan bog‘liq xarajatlarni qoplashga;
yoshlarning ehtiyojlari va xohish-istaklarini o‘rganish natijalari bo‘yicha ularning iste’dodlarini qo‘llab-quvvatlash, besh
muhim tashabbusni ro‘yobga chiqarish va uning doirasidagi tadbirlarni moliyalashtirishga;
qonunchilik hujjatlari bilan belgilangan boshqa xarajatlarni qoplashga yo‘naltiriladi.
4. Quyidagilar:
“Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi to‘g‘risidagi namunaviy nizom 1-ilovaga muvofiq;
“Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi Vasiylik kengashining namunaviy tarkibi 2-
ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
5. Belgilansinki:
Jamg‘armaning daromad va xarajatlari yillik parametrlarini, ularning ijrosi to‘g‘risidagi yillik hisobotlarni, yillik ish
rejalarini tasdiqlash hamda Jamg‘arma mablag‘larini shakllantirish va ulardan foydalanish bilan bog‘liq boshqa vakolatlar
“Yoshlar daftari”ga kiritilgan yoshlarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi Vasiylik kengashi (keyingi o‘rinlarda — Vasiylik kengashi)
tomonidan amalga oshiriladi;
tuman (shahar) hokimining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari —
Vasiylik kengashi raisi, tuman (shahar) hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha
o‘rinbosari — Vasiylik kengashi raisi o‘rinbosari, Yoshlar ishlari agentligining tuman (shahar) bo‘limi boshlig‘i — Vasiylik
kengashi mas’ul kotibi hisoblanadi;
Vasiylik kengashi a’zolari “Yoshlar daftari” jamg‘armasini boshqarish bo‘yicha faoliyatlarini jamoatchilik asosida amalga
oshiradilar.
6. O‘zbekiston Respublikasi Savdo-sanoat palatasi Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi, “Mikrokreditbank” aksiyadorlik
tijorat banki, Yoshlar ishlari agentligi va “Yoshlar — kelajagimiz” jamg‘armasi bilan birgalikda yoshlarni tadbirkorlikka o‘qitish,
biznes loyihalarini ishlab chiqish va kredit olishda ko‘maklashish, kredit ajratilgandan so‘ng yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish
borasida amaliy yordam ko‘rsatib borsin.
7. O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining 3-ilovaga muvofiq ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
8. Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston yoshlar ittifoqining xalqaro yoshlar oromgohini tashkil etish to‘g‘risida”gi 2018-
yil 26-fevraldagi 143-son qarori o‘z kuchini yo‘qotgan deb hisoblansin.
9. Mazkur qarorning bajarilishini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining moliya-iqtisodiyot va
kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri J.A.
Qo‘chqorov hamda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining ijtimoiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari B.A. Musayev
zimmasiga yuklansin.
Do'stlaringiz bilan baham: |