www.ziyouz.com
kutubxonasi
77
Men og‘aynimning ko‘ziga qarab, ichida dardi borligini bilaman. Hali sen meni
laqillatmoqchi bo‘lasanmi, ayt, nima gap o‘zi?
— O‘zlaridan so‘ramadingizmi?
— O‘zi dardini aytadigan odammi?
— Sizga aytmagan sirlarini menga aytarmidilar. Men ham hayronman, o‘zi. Kennayim
ketganlaridan beri kayfiyatlari yo‘qroq.
— Do‘xtirga qaratyapsanmi? Yo‘tali juda xunuk-ku?
— Do‘xtir dori bergan. Xudo xohlasa yaxshi bo‘lib ketadilar.
Jalil undan gap ololmasligini bilib, bilagini qo‘yib yubordi. «Bir go‘rsanlar hammang»,
deb ichkari kirdi. Uyga kirgach, Chuvrindi biron ishora qilarmikin, deb kuzatdi. Asadbek
a’yonining jilmayib salom berishidanoq ish yaxshi bitganini fahmladi. Ortiqcha imo-
ishoraga hojat qolmadi. Chuvrindi avval uyga o‘tgani, so‘ng bu yoqqa tavakkal qilib
kelaverganini aytib, tanchaning bir tomonini egallab o‘tirdi.
Jalil ukasinikidan olib chiqqan dasturxonni o‘rtaga qo‘ydi.
— Jiyan hozir choy olib chiqadi, — dedi u, — ukam ismenda ekan, kelinga aytdim,
mastavaga unnadi. Bir terlasang, yengil tortasan.
— Bekor ovora qilibsan, uyga boraqolamiz, — dedi Asadbek.
— To‘xta endi, mastavani ichib ket. Jiyanlarim aytishdi: hali shu tomonda miltiq
otilganmishmi? — Jalil shunday deb ikkoviga sinovchan boqdi.
— Agar sening jiyanlaring eshitishgan bo‘lsa otilgandir. Senga-yu, urug‘laringga Xudo
jag‘ bilan quloqni ikki normadan qilib bergan. Miltiq ovozini eshitishgan bo‘lsa... bitta-
yarimta qarg‘a otgandir.
— Gaping to‘g‘ri, — dedi Jalil, — hozir go‘sht qimmat, qarg‘ani otib, qozonga bosgandir.
O‘zi azaldan shu mahallada qarg‘a otib tirikchilik qilishadi. O‘zing ham qarg‘a go‘shti yeb
katta bo‘lgansan, esingdami?
Chuvrindi ikki oshnaning bu ilmoqli gaplaridan kuldi.
— Gapga ham to‘n kiyg‘izvorasiz-da, ammo aka, — dedi Jalilga, — Eskiroq moshina
o‘tgan bo‘lsa, paqillagandir.
— Ha... men ham shunaqa dedim ularga. Miltiq-piltiq degan gaplarni yig‘ishtirlaring,
senlarga shunaqa tuyulgan, dedim.
Shu gapdan so‘ng Asadbek Chuvrindiga ma’noli qarab qo‘ydi. Jalil bu qarashda bir sir
yashiringanini sezib, bu haqda so‘z ochib xato qilganini fahmladi.
Chuvrindi kelguniga qadar bolalikning mas’ud damlariga qaytib, ko‘ngil g‘ubori
ko‘tarilayotgan Asadbek yana bugungi kunning zaharli havosidan nafas ola boshladi.
Go‘yo Chuvrindi bilan birga bu xonaga kunning izg‘irinli tashvishlari ham qaytganday
bo‘ldi. To‘p tepib, qiyqirib yurishlar, o‘rtog‘ining qo‘li singani, ko‘kragi yong‘oqday bo‘lib
qolgan hurkak qizlarga tegajoqlik qilishlar... hammasi iziga qaytmas o‘q kabi uchib o‘tib
ketgani yana bir karra ta’kidlandi go‘yo. Uchinchi odam oraga qo‘shilgach, ikki o‘rtoqning
surur bulog‘idan suv ichayotgan suhbati loyqalandi. Chuvrindi indamay o‘tirgani bilan
ular g‘uborsiz bolalik ummonida erkin suza olmas edilar. Suhbat mavzui o‘zi istamagan
so‘qmoqlarga burilavergach, Asadbek siqila boshladi. Undagi o‘zgarishni sezgan Jalil
«Qaray-chi, mastava pishdimikin?» deb o‘rnidan turdi. U chiqib ketishi bilan Chuvrindi
Elchinni qay ahvolda kasalxonaga eltganini ma’lum qildi.
— Uyga do‘xtir chaqira qolmabsan-da, — dedi Asadbek norozi ohangda
— Shunaqa qilmoqchiydim... lekin... Zaynab...
— Nima bo‘ldi? — dedi Asadbek xavotir bilan.
— Dorining xumori tutgan shekilli. Sal notinchroq edi. Hozir shu kelishimda xabar oldim.
Inqillab yotibdi. Yolg‘iz qolmasin, deb keliningizga odam yubordim. Ikki-uch kun yonida
turadi. Xumordan qutulguncha qiynaladi. Balki...
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |