www.ziyouz.com
kutubxonasi
47
keldi. Yangi xo‘jayinga tobing bormi yo eskisining orqasidan jiyda-xaltangni ko‘tarib
jo‘nab qolasanmi? Kinolarda ko‘rgansan, a? «Xo‘jayinimga sodiqman» deydiganlarning
oyog‘idan osib qiynashadimi-ey. Kinodagilar ahmoq, a? Yo sen ahmoqmisan? Sening
oyog‘ingdan ossam yarashmas, a? Yo kindigingdan kekirdaginggacha tilib, tuz sepsam,
mazza qilasanmi? Qo‘y, bunaqa mazzalar ahmoqlarga atalgan. Sen ahmoq emassan.
Kimga sodiq bo‘lmoqchisan? O‘lik odamgami? Xo‘sh, endi gapir, kelishamizmi yo
otamlashamizmi?
Kesakpolvon uning labidagi sigaretni olib tashladi. G‘ilay yengil yo‘taldi.
— Qani, endi gapir-chi? Kesakpolvon pilik olovini uning burniga yaqinlashtirdi. G‘ilayning
burnidan chiqib turgan tuklarning uchi kuyib, chayonning nishiday gajak bo‘lib oldi.
G‘ilay pastki labini cho‘zib pilik olovini puflab o‘chirdi-da:
— Gap yo‘q, kelishamiz, — dedi.
— Qoyilman, o‘g‘il bola, — dedi Kesakpolvon zaharli jilmayib. Keyin Bo‘tqaga buyurdi: —
Akangning qo‘l-oyog‘ini yech. Qaysi ahmoq bog‘ladi o‘zi buni. Men shunaqa o‘g‘il
bolalarga besh ketaman o‘zim. Qani, okasi ko‘zidan, endi ayt-chi, atrofdagi ko‘chaga
qancha bola qo‘ygansan?
— To‘qqizta.
— Ular nimaga tuxum bosib o‘tirishibdi, nimaga yordamga kelishmadi?
— Ishora bo‘lgunicha kutishlari kerak edi. Bu yog‘i bunaqa bo‘lib qoldi.
— Asadni... o‘ldirmoqchimidilaring?
— Bu haqda gapirmovdi.
— Unda nimaga keldi?
— Menga ish buyurardi, men bajarardim. Men bilan maslahatlashmagan.
— Odamlaringning hammasini bir yerga to‘plashing kerak.
— Kerak bo‘lsa yarim soatda to‘playman.
— Qitmirlari yo‘qmi? G‘alva qilishmaydimi?
— Bilmayman. Balki... bu gaplarni aytmaslik ma’quldir ularga?
— Qoyilman, kallang g‘ij-g‘ij aql-a, toshib ketmaganiga hayronman, — dedi Kesakpolvon
kesatib. — «Xo‘jayin bizlarni Asadbekning ixtiyoriga topshirib o‘zi safarga ketdi»,
deysan. Qaerga to‘playsan bolalaringni?
G‘ilay shahar chetidagi bog‘ni aytdi.
— Yo‘q, — deb e’tiroz bildirdi Kesakpolvon. Keyin bir oz o‘ylanib turib o‘ziga ma’qul
boshqa yerni aytdi-da, Bo‘tqaga qarab qo‘ydi. Bo‘tqa bu qarashning ma’nosini angladi —
demak, o‘sha yer yigitlar bilan o‘rab olinishi kerak. Bo‘tqa «tushundim» deganday bosh
irg‘ab qo‘ygach, Kesakpolvon G‘ilayni ko‘cha tomon boshladi: — Yur, endi. Oshni
pishiraylik. Tezroq damlamasak, tagiga oladi.
Kesakpolvon nozaninni kuzatganday G‘ilayning qo‘ltig‘idan oldi. Katta ko‘chaga
chiqishgach, mashina to‘xtadi.
— Bolalaringni chaqir, — dedi Kesakpolvon.
G‘ilay tushib, uch-to‘rt qadam yurgach, qo‘l silkib qo‘ydi. Ko‘chaning narigi betidagi
yigitlardan biri yugurib keldi. G‘ilay unga bir nima degach, u shoshib iziga qaytdi. Bu
orada Bo‘tqa Xumkallaga hojasining buyrug‘ini yetkazdi.
G‘ilay mashinaga o‘tirgach, Kesakpolvon uning yelkasiga qo‘l tashladi.
— Endi akangnikiga kirib o‘taylik. Bola-chaqasi xavotir olmasin, safarga ketganini aytib
qo‘yishing kerak.
— Aka, bir joyga kirib yuzta-yuzta qilib olaylik, bosh yorilib ketay deyapti, — dedi G‘ilay
yalinchoq ohangda.
— Boya aytmaysanmi shuni? — dedi Kesakpolvon, so‘ng Bo‘tqaga buyurdi: — ol, anavi
yerda ochilgani bo‘lishi kerak.
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |