www.ziyouz.com
kutubxonasi
43
— Sen-chi?
Hosilboyvachcha bu savolga javoban xoholab kuldi, bir buralib ilonga aylandi, so‘ng yana
asliga qaytdi.
— Kimsan o‘zing, Hosilmisan yo shaytonmisan?
— Xohlaganing.
— Hosil bo‘lsang, ayt: Zaynabga tegindingmi?
— Buni qaynotangdan so‘raysan.
— Unda ayt: to‘g‘ri, men gunohkorman, jazo olishim tayin. Sen-chi? Gunohlaringning
cheki-chegarasi yo‘q-ku?
— Shu yerda ham o‘zbekligingga borasan-a? Yaxshi hamki qiyomatda sen gunoh
tortuvchi tarozibon bo‘lmaysan. Naq hammaning sho‘rini quritasan! Sen o‘zing uchun
javob ber. Boshqalar bilan ishing bo‘lmasin!
U uzoqlasha boshladi. Uzoqdan turib yana ovoz berdi:
— Hofiz, gaplarimni eshityapsizmi?
Chuvrindining ovozi unga Hosilboyvachchaniki bo‘lib tuyuldi.
U uchdi. So‘ngsiz ravishda uchaverdi.
Dam-badam notanish ovozlarni eshitdi:
— ...Tampon... tiking... puls...
Uchib yurishlar nihoyasiga yetib, ko‘zlarini ochdi.
V b o b
1
Kesakpolvon shaharga oqshomda kirib keldi. Avval Asadbekni izladi. Keyin Chuvrindini
yo‘qladi. Ularning qaerga ketganini hech kim bilmadi. Kesakpolvon boloxonadagi
yigitlarning onasi-yu, opa-singillarini uch-to‘rt sidra «o‘qib» ham xumoridan chiqmagach,
birining jag‘iga musht tushirib, boshqasini tepib qoldi. Agar Kesakpolvon meduzasifat
to‘rt qo‘l, to‘rt oyoqli bo‘lib yaralganida edi, boloxonadagi boshqa yigitlar ham uning
mushti, tepkilaridan bebahra qolishmas edi. Yigitlar «Okaxon, biz bor-yo‘g‘i bir
poyloqchimiz, Bek akamdan «qaerga ketayotganlarini so‘rashga haqqimiz bo‘lmasa...»
deb o‘zlarini oqlashdi. Ularda bunday huquq yo‘qligini Kesakpolvon yaxshi biladi. Ham
bo‘ydan, ham pokiza aqldan qisilgan bu banda jahl yuhosi qo‘zg‘olgan damda tuproqqa
yaqinlashish lozimligini bilganida edi, alamdan bu tarzda chiqish yo‘lini tanlamagan
bo‘lardi.
Abdurahmon tabib uning iltimosini rad etib, ketiga kelishtirib tepgandan battarroq ish
qildi. Garchi uning uloqchi otlari manzilga yetib bormagan bo‘lsa-da, Kesakpolvon
xumordan chiqmadi. Asadbek bilan Chuvrindining birgalikda g‘oyib bo‘lgani esa gumon
o‘tiga moy sepib alanga oldirdi. Bir jussada gumon bilan alam alangasi chirmashar ekan,
yigitlarning so‘kish eshitib, musht yoki tepki yeyishlaridan boshqa ilojlari yo‘q. Koshki
edi, bir tepki-yu musht bilan bu alanga o‘cha qolsa. Yigitlar navbatdagi zarbalarni kutib,
boshlarini xam qilib turishganida telefon asabiy jiringladi. Aslida telefon odatdagiday
jiringlagan, ammo jahl torlari tarang tortilib turgan boloxonadagilar uchun shunday
tuyulgan edi. Yigitlardan biri shoshilganicha go‘shakni ko‘tarib, qulog‘iga tutdi. U:
— Assalomu alaykum, Mahmudjon aka, — deyishi bilan Kesakpolvon go‘shakni qo‘lidan
yulqib oldi.
— Mahmud! — dedi zardali ovozda. «Qayoqda yuribsanlar?» deb so‘ramoqchi bo‘ldi-yu,
«izlaganimni bilmay qo‘ya qolsin», degan maqsadda tilini tiydi. Uning jimib qolganidan
Shaytanat (3-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |