352
Umuman olganda, estetika hamma uchun ham zarur. CHunki inson zoti baribir hayotda tez-tez
san‘at asarini idrok etuvchi sifatida maydonga chiqadi. Deylik, siz Samarqandga «o‗ynab kelgani»
bordingiz. Agar estetikadan bexabar bo‗lsangiz, Go‗ri Amir maqbarasinig gumbazi, Registondagi
madrasalar yonida qad ko‗targan minoralar, peshtoqlardagi ko‗hna arabiy yozuvlar sizda qiziqish
uyg‗otmaydi. Bordi-yu, aksincha, nafosat ilmidan xabardor bo‗lsangiz, u holda nafaqat ularning
chiroyliligini, balki gumbaz Shunchaki gumbaz emas, Xudo go‗zalligining ramzi ekanini, u «jamol» deb
atalishini, minoralar – Tangri qudratining timsoli o‗laroq «jalol» deyilishini, peshtoqlardagi go‗zal
yozuvlar – oyatlar, Xudoning belgisi, «sifat» deb nomlanishini eslaysiz va olayotgan taassurotingiz bir
necha barobar kuchayadi. Zero estetika orqali biz faqatgina ko‗rganlarimizning shakliy go‗zalligini emas,
balki ayni paytda shakl bilan birga uning falsafiy mohiyatini ham idrok etamiz. Shu sababli, fermerga
yoki temir yo‗l ishchisiga, yoki tadbirkorga estetika haqida bosh qotirib o‗tirish zarur kelibdimi, degan
gaplar xato va zararlidir.
YUqorida ko‗rib o‗tganlarimizdan Shu narsa ma‘lum bo‗ladiki, bugungi kun estetika fani oldida
ulkan vazifalar turibdi. Zotan biz qurayotgan fuqarolik jamiyatining a‘zosi har jihatdan kamol topgan,
yuksak nafis did egasi bo‗lmog‗i lozim. Qolaversa, hozirgi mashinasozlikni, aviasozlikni, umuman,
sanoatni zamonaviy dizaynsiz tasavvur etish mutlaqo mumkin emas. Bunda bevosita texnika
estetikasining ahamiyati katta. Bulardan tashqari, ayniqsa yoshlarning nafosat tarbiyasiga alohida e‘tibor
berish–zamonning dolzarb talabi bo‗lib qarmoqda. Shu bois «Kadrlar tayyorlash milliy dasturi»da
uzluksiz ta‘limni tashkil etish va rivojlantirish tamoyillaridan biri: «Ta‘limning ijtimoiylaShuvi – ta‘lim
oluvchilarda estetik boy dunyoqarashni hosil qilish, ularda yuksak ma‘naviyat, madaniyat va ijodiy
fikrlashni shakllantirish», deb aniq belgilab qo‗yilgani bejiz emas.
Har bir fanning inson va jamiyat hayotida o‗ziga xos amaliy ahamiyati bor. Estetika ham
bundan mustasno emas. Fanimiz, avvalo, kundalik hayotimizda estetika tarbiyasini to‗g‗ri yo‗lga qo‗yish
borasida katta ahamiyatga ega. Erkin, demokratik jamiyatimizning har bir a‘zosi go‗zallikni chuqur his
etadigan, uni asraydigan estetik did egalari bo‗lishlari lozim; haqiqiy badiiy asar bilan saviyasi past asarni
farqlay bilishlari, ―ommaviychilik san‘ati‖ni rad qila olishlari lozim. Ana Shu nuqtai nazardan qaraganda,
estetika jamiyatning barcha a‘zolari uchun muhim ahamiyatga ega.
Estetikaning, ayniqsa, badiiy asar ijodkorlari uchun amaliy ahamiyati katta. CHunonchi,
biror bir asar san‘at turida ijod qilayotgan san‘atkor birinchi galda, ma‘lum ma‘noda, o‗z sohasining
bilimdoni bo‗lishi kerak. Deylik, bastakor notani bilmasdan turib, musiqali asar yaratish qonun-
qoidalaridan, Shu jumladan, musiqaga ham taalluqli bo‗lgan estetikaning umumiy qonuniyatlaridan
bexabar holda tuzukroq asar yaratishi dargumon. Ba‘zilar daho san‘atkorlar qonun-qoidalarsiz ham ijod
qilaveradalar, degan noto‗g‗ri tasavvurga egalar. Vaholanki, daholarning o‗zlari ko‗p hollarda estetika
nazariyasi bilan Shug‗ullanganlar. Misol tariqasida, Ibn Sino, Jomiy, Navoiy, Leonardo da Vinchi,
SHiller, Vagner, SHopen kabi buyuklarning nomlarini eslashning o‗zi kifoya qiladi.
Badiiy asarni tadqiq etuvchi olimlar, tanqidchilar – san‘atShunoslar va adabiyotShunoslar
uchun ham estetikani bilish zarur. Deylik, ―sof teatr‖ – faqat sahna san‘atinigina yaxshi bilgan
san‘atShunos u qanchalik iste‘dodli bo‗lmasin, yuksak talab darajasida tadqiqot olib bora olmaydi, hatto
e‘tiborga molik maqola ham yoza olmaydi. CHunonchi, u dramaturgiyadan, musiqadan, uslub va
kompozitsiya qonun-qoidalaridan, bir so‗z bilan aytganda, estetika qonuniyatlaridan xabardor emas.
Natijada uning tadqiqoti, maqolasi yoki taqrizi biryoqlama, falsafiy umumlashmalardan xoli, jo‗n va
sayoz jumlalar yig‗indisidan iborat bo‗lib qoladi.
Estetikaning san‘atni xalq orasida yoyadigan, targ‗ib etadigan tashkilotlar rahbarlari uchun
ahamiyati, ayniqsa, muhim. Bordiyu ma‘naviyat va mafkura sohalariga mutasaddi rahbarlar estetikadan
bexabar bo‗lsalar, Xudo urdi deyavering. O‗sha viloyat, tuman, shahar yoki tashkilotlarda Yuzaki
qaraganda kulgili, latifanamo, aslida esa san‘at uchun fojiali holatlar Yuzaga keladi.
Dizaynchi-injenerlar, atrof-muhitni obodonlashtirish bilan Shug‗ullanadigan mutaxassislar
faoliyatida ham estetika muhim o‗rin egallaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: