www.ziyouz.com kutubxonasi
285
Farangistonlik Antoni Monserratening saroyga ishga olingani va shahzodalarga saboq
berayotgani atrof viloyatlariga: «podshomiz o‘g‘illarini nasora diniga o‘tkazmoqchi
emish!» degan vahimali ovozalar tarzida tarqaldi. Akbar bu ovozalarni bosish uchun
sulhi kull nimaligini xalqqa tushuntiruvchi maxsus murojaatnoma yozdirib, uni barcha
shahar-u qishloqlarda o‘qib eshittirishni buyurdi.
«Biz Hindistondagi barcha uluslarning ichki urushsiz, tinch yashashlarini istab, hamma
tomonlama tinchlik — sulhi kull siyosatini amalga oshirmoqdamiz, — deyilgandi
murojaatda: — Odamlarga — tinchlik, saltanatga — xavfsizlik, barcha imon-u
e’tiqodlarga — barobar ehtirom!»
Akbar o‘zining bu shioriga qanday amal qilayotganini ko‘rsatish uchun har kuni ertalab
ufq ortidan chiqib kelayotgan oftobni ta’zim bilan kutib olardi. Otashparastlarning bu
odati tog‘liq joylarda yashaydigan ko‘pgina hind qabilalarida ham saqlanib qolgan edi.
Otashparast turkiy ellardan qolgan va Akbarga juda ma’qul tushgan yana bir odat —
oqshom qorong‘i tusha boshlaganda chiroqlarni «o‘t og‘asi» deb ataladigan oila yoki
qabila boshlig‘ining yoqib berishi edi. Akbar oqshom g‘ira-shirasida saroyni yoritadigan
birinchi shamni o‘zi yoqib berar edi. Saroyda chiroqlarga qaraydigan maxsus
xizmatkorlar Akbar yondirgan shu mitti olov bilan ulkan saroydagi yuzlab qandillar
shamini birma-bir yoqib chiqar edilar.
Gujaratlik otashparast Mexerji Akbarga uch popukli chiroyli kamar taqdim qilgan edi.
Kamardagi uch popuk uchta fazilat ramzi sanalardi: biri — «pindori xub», ya’ni yaxshi
o‘y, niyat, ikkinchisi — «guftori xub», ya’ni yaxshi so‘z, kalom, uchinchisi — «kirdori
xub», ya’ni yaxshi ish, axloq. Bu uch fazilat go‘yo bir kamarga bog‘lanib, insonda birga
yursa, o‘y, so‘z, ish bir-biridan ajralib qolmasa, murod hosil bo‘lishi Akbar intilayotgan
eng baland ma’naviy yuksaklik edi. Shuning uchun uch popukli kamarni chorshanbayi
murodbaxsh kunlarida beliga bog‘lab yurardi.
Hindlar peshonaga qo‘yib yuradigan tilak — qizil xol ham eng ezgu-niyatlar timsoli
hisoblanardi. Akbar hindlarning imon va e’tiqodlarini ham astoydil hurmat qilishini
ko‘rsatish uchun seshanba kuni hindcha kiyinib, peshonasiga qizil xol — tilak qo‘ydirib
saroyda ko‘pchilikka ko‘rinish berdi.
Bu hodisa mamlakat aholisi orasida: «Podsho hind dinini qabul qilganmish!» degan
ovoza tarzida yashin tezligida tarqaldi. Hindlar bu ovozadan quvonib, Akbarni
«maxaguru», ya’ni «ulug‘ pir» deb e’zozlaganlari sari mutassib shayxlar uning majusiy
bo‘lganiga johil odamlarni ishontira boshladilar. Bir vaqtlar shayx Ansoriyga tarafdor
bo‘lgan va Agradan Jaunpurga surgun qilingan shayx Muhammad Yazdiy Ganga bo‘yida
turib Akbarga qarshi isyon boshladi. U ulamo va shayxlar nomidan fatvo yozib, Akbarni
«dahriy», «majusiy», «otashparast», «kofir» deb ming maqomga solib aybladi. «Bunday
odam musulmon davlatiga podsho bo‘la olmagay!» deb, Jaunpurdagi masjidda va’z
aytdi. Uning va’ziga ko‘pchilik qavmlari ham qo‘shilgandan keyin, Muhammad Yazdiy
Akbarning Kobuldagi inisi Muhammad Hakimga odam yubordi. Muhammad Hakim ham
Akbarning «Sulhi kulliga» qarshi ekanini aytib, isyonchilarga yon bosgach, Muhammad
Yazdiy Jaunpurning jome masjidida o‘qilgan xutbadan Akbarning nomini oldirib tashladi.
Uning o‘rniga Muhammad Hakimni Hindiston podshosi deb e’lon qilib, nomini xutbaga
qo‘shib o‘qitdi.
Bixar va Bangolada markaziy davlatdan ajralib chiqishga va yana mustaqil hokimiyat
tuzishga tashna bo‘lgan afg‘on amirlari bor edi. Ular darhol Muhammad Yazdiy
boshlagan isyonga qo‘shildilar.
Muhammad Yazdiy bu xabarlarni o‘z tarafdorlari yordamida Gujaratga, Malvaga, Panjob
va Kobulga tarqatdi. Bu viloyatlarda ham Akbarning dahriyligiga ishonuvchilar ko‘p edi.
Humoyun va Akbar – Avlodlar dovoni (roman). Pirimqul Qodirov
Do'stlaringiz bilan baham: |