www.ziyouz.com
kutubxonasi
32
Oldinma-keyin tizilishib pastak hujraga kirdik. Tokchalarga eski barkashlar bezak qilib
qo‘yilgan xonaga kirishim bilan eng avval nonga ko‘zim tushdi. Bunaqangi chiroyli nonni
birinchi ko‘rishim edi. Ustiga sedana sepilgan, qip-qizil patir non. Qiziq, nonni negadir
devorga mixlab qo‘yishibdi. Bir chekkasi kemtik.
— Oyi-i, non! — dedim yalinib.
Oyim yarq etib qaradi-yu, labini tishlab bosh chayqadi. Bildimki, onam uyalyapti. Endi
Habiba buviga tarmashdim. Bilaman, dunyoda Habiba buvidan saxiy odam yo‘q.
— Buvi, non, — dedim yana o‘sha ohangda. Devordagi nonni ko‘rsatdim. — Buvi, no-o-
on!
Qiziq, negadir Habiba buvi bu safar saxiylik qilmadi.
— Bu nonga tegib bo‘lmaydi, ko‘paygur, — dedi boshimni silab. — Qorningni
qorachig‘idan aylanay, tegib bo‘lmaydi. Bu non Oltmishvoy akangniki. Ko‘rdingmi, bir
chetini tishlab ketgan. Kelganida yana bitta tishlaydi-da, qolganini senga beraman. Ana,
Oltmishvoy akang ham senga qarab turibdi.
Qarasam, nonda chindan ham Oltmishvoy akaning tishlagan izi ko‘rinib turibdi. Nonning
tagida esa o‘zining surati. Surat negadir sarg‘ayib ketgan. (Habiba buvining ko‘z yoshi
tomaverib sarg‘ayib ketganini keyin tushunganman). Suratda dengizchilarning kokildor
shapkasini kiygan qop-qora yigit jilmayib turibdi.
— Qurut yeysanmi? — dedi Habiba buvi yana boshimni silab.
Oyimga qarasam, qovog‘ini solib turibdi. Indamay qo‘ya qoldim. Tashqariga
chiqqanimizdan keyin onam dashnom berdi.
— Uyatga o‘ldirding-ku, bolam. Nonni Oltmishvoy akangga atab qo‘yishibdi, bildingmi?
Oltmishvoy akangdan qoraxat kelgan, tushundingmi?
Nimani tushundim, nimani tushunmadim, bilmaymanu, ammo Ermon buvaning gaplariga
ishongim keladi. Erta-indin Oltmishvoy aka giroy bo‘lib keladi. Ermon buva uning
komandiriga xat yozdiradi. Sen yaxshi bolamas ekansan, deydi. Mana, Oltmishvoyim
giroy bo‘p keldi-ku, sen bo‘lsang uni o‘ldi deyapsan, deydi... Keyin ola sigirni sotib to‘y
qilishadi.
Ermon buva Oltmishvoy akaning ta’rifini rosa keltirganidan keyin har kuni aytadigan
afsonasini boshlaydi. Shu cho‘pchagi menga hech yoqmaydi: qo‘rqaman. Ammo hadeb
qaytaravergani uchun yodimda qolgan. Qiziq, negadir jo‘raboshimiz xuddi shu
cho‘pchakni yaxshi ko‘radi.
— Buva, — deydi yalinib. — U yurt bilan bu yurtni aytib bering.
Ermon buva jon deb rozi bo‘ladi.
— Bo‘pti, qoravoylar, popuklar, yaqinroq kelinglar.
Aytmoqchi, Ermon buva hech qaysimizni otimizni bilmaydi. O‘g‘il bolalarning hammasi
uning uchun qoravoy, qizlarning hammasi popuk. Bundan tashqari, hech kimni sen
demaydi, hammani sizlab gapiradi.
U nosni yana otib oladi-da, afsonasini boshlaydi:
— Bir bor ekan, bir yo‘q ekan... Bir-biri bilan qo‘shni turadigan ikkita yurt bor ekan. —
Ermon buva birdan jimib qoladi-da, qizlardan biriga dashnom beradi. — Hoy popuk,
ukangizni burnini artib qo‘ying, tasadduq!
«Popuk» birovning ukasi bo‘lsayam, etagini qayirib, yonida o‘tirgan bolaning burnini
artishga majbur bo‘ladi.
— Barakalla! — deydi Ermon buva mamnun bo‘lib.— Shundoq qilib desangiz, u
yurtdagilar ham, bu yurtdagilar ham tinchgina bug‘doyni sepib, molini boqib yurarkan.
Ammo-lekin tasadduqlar, g‘alamis degani o‘sha zamonlardayam bor ekan-da! O‘rtaga
g‘alamis aralashib ikki yurtning orasini buzibdi. U yurtning ichiqora odamlari o‘z
podshosini yo‘ldan uribdi. «Bu yurtda shunaqangi yaylovlar borki ot minib uch kun
Dunyoning ishlari. O’tkir Hoshimov
Do'stlaringiz bilan baham: |