«KUZNING BIRINCHI KUNI»
Akademik teatrda rejissor R. Hamidov xuddi pyesaning o’zidek izoh, ta’kid va
bo’rttirishlardan xoli bo’lgan, o’z oddiyligi, samimiyligi bilan diqqatimizni tortuvchi
spektakl yaratgan. Sahna o’rtasida ko’ndalang tiklangan yengilgina devor zarur shart-
sharoitlarni yaratuvchi vosita o’rnida xizmat qiladi. Sahna aylanishi bilan goh Shokir aka
xonadoni, goh Qumri xola, To’laganovlar uylarida zarur stol va stullardan tashqari uy
jihozlari ham ko’zga tashlanmaydi. Masalan, To’laganovlar xonadonini kamyob jihoz,
qimmatbaho buyumlarga to’ldirib yuborsa ham bo’lardi. Bu albatta mazkur xonadonning
yashash tarziga ham mos tushgan bo’lar edi. Lekin rejissor bu yo’lni tanlamaydi, balki
avtorga hamohang bo’lib, pyesaning tub mohiyatini ochishga urinadi. Spektaklda kishini
mulohazaga tortuvchi, hayajonga soluvchi epizodlar anchagina. Xususan, final sahnasi
dramatik keskinligi, ma’nodorligi bilan pyesa mundarijasini yanada boyitgan. Shokir
akajasadining e’tiborsiz cho’zilib yotishi, vahimaga tushgan uch yigitning qotib turishi,
telefon qo’ng’irog’ining to’xtovsiz, dahshatli jiringlashi, sahna aylanishi bilan ota-
onalarning alamli nigohlarining farzandlari nigohiga ro’baro’ kelishi — bularning jami
xudbinlik, soxtalik va manmanlik ustidan chiqarilgan hukm ma’nosida ta’sir etadi.
Shokir aka obrazini Zikir Muhammadjonovning keyingi davrdagi eng jozibador
obrazlari qatoriga qo’ysak bo’ladi. Marg’ilonning oddiy xonadonidan chiqib, hayotini
mas’uliyatli va sharafli ish bilan bog’lagan Shokir aka aktyor talqinida hayotga oshiqligi,
serzavqligi bilan ko’zga tashlanadi. «Qarg’alar uchsa qaraylik Marg’ilonning yo’liga»
satrlarini xirgoyi qilar ekan, uzoq o’tmish, yoshlik onlari, Oynisa bilan o’tgan totli
damlarini jonlantirib yuboradi.
Yoqub Ahmedov professor To’laganov rolida ishbilarmon, omilkor shaxs qiyofasini
chizadi. Aktyorning tig’iz harakatlari, tezkor so’z va muomalalari, kayfiyat o’zgarishidagi
qovushimliligi — bularning barchasi har bir ishni aniq mo’ljal bilan yeng ichida
pishiradigan To’laganov xarakteri uchun organik ravishda singib ketgan.
Pyesada aktyorlar uchun ko’pchilik rollarning ayrim jihatlarinigina ilib olish imkoni
berilgan. Ikroma Boltayeva soddadil ishchi, o’z farzandining osoyishtaligini o’ylagan
mushtipar ona qiyofasini chizishga uringan bo’lsa, Rixsi Ibrohimova yo’lovchi ayolning
voqealarga nisbatan hayajonini nuqul bir gapni takrorlayverishi orqali ifoda etadi. Ramz
roli Qahramon Abdurahimovning so’nggi davridagi yirik rolidir. Fojiaga olib keluvchi
harakatning bosh sababchisi bo’lmish Ramz asabiy, beandisha shaxs tarzida talqin topgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |