SOBIR ABDULLA
(1905—1972)
Atoqli shoir va dramaturg Sobir Abdulla Qo’qon shahrida xizmatchi oilasida tug’ilgan.
Eski va yangi maktablarda tahsil ko’rgan, mehnat faoliyatini 1925-yili «Yangi Farg’ona»
gazetasida jurnalist sifatida boshlagan. Uning «Muxbirga hujum» degan birinchi pyesasi va
ilk she’rlari shu gazetada bosilib chiqqan.
Sobir Abdullaning dramaturglik faoliyati 1931—1936-yillari Andijon viloyat musiqali
drama va komediya teatrida adabiy emakdosh sifatida ishlagan davrda avj ola boshlaydi.
Shu yerda u bastakor To’xtasin Jalilov bilan ijodiy hamkorlik qiladi va bu hamkorlik
dramaturgning butun ijodiy faoliyati davomida yangi-yangi asarlar yaratilishiga sabab
bo’ladi.
Sobir Abdulla Andijon teatridan so’ng Toshkentda O’zbek davlat filarmoniyasi,
Muqimiy nomli musiqali teatrda adabiy emakdosh, gazeta jurnallarda jurnalist sifatida
ishlaydi.
Sobir Abdulla o’n beshdan ortiq pyesa yaratgan: «Bog’bon qiz» (1930), «Qashqar
tutquni» — «Oyxon» (1934), «Tohir va Zuhra» (1939), «Mard oila» (1941), «Qurbon
Umarov» (1941, Chustiy bilan hamkorlikda), «Davron ota» (1942, K.Yashin bilan
birgalikda), «Orzu» (1949), «Alpomish» (1949), «Muqimiy» (1953), «Gul va Navro’z»
(1966), «Iste’dod» kabi musiqali dramalar shular jumlasidandir. Ayniqsa, T. Jalilov
musiqasi bilan dunyoga chiqqan «Tohir va Zuhra», «Alpomish», «Muqimiy» va «Gul va
Navro’z» asarlari musiqali drama janrining yetuk namunalari bo’lib, o’n yillar davomida
o’zbek teatri sahnasini bezab keldi. Sobir Abdulla o’zbek teatrini rivojlantirishdagi
xizmatlari uchun O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi unvoni bilan taqdirlangan.
Sobir Abdullaning «Tohir va Zuhra», «Alpomish» va «Gul va Navro’z» musiqali
dramalari (T. Jalilov musiqasi bilan) musiqali drama rejissorlari va aktyorlari ijodiy
kamolotida alohida bosqichga aylangan.
Sobir Abdulla qahramonlari shoirona tabiati, oddiy va samimiyligi, ayni paytda o’z
yo’lida qat’iy turishi, oromsizligi, taqdirlarining murakkabligi, musiqiy jihatdan yuqori
ovoz pardalarida aytishga qulayligi bilan aktyor va rejissorlarni o’ziga maftun etib olgan
edi. Tohir va Zuhra, Alpomish va Barchin, Gul va Navro’z poytaxt teatrlari aktyorlari qatori
Mukarrama Azizova, Muhriddin Mansurov, Habiba Oxunova (Namangan), Mashrab
Yunusov, Aysar Ibrohimov, Qamara Burnasheva, Aziza Aminova, Ma’rifat Ubaydullayeva
(Andijon), Jalolxon Oxunov, Hafiza Ibrohimova, Murodjon Ahmedov (Farg’ona),
Vahobjon Fayozov, Sultonposhsha Rahimova (Xorazm) va boshqa o’nlab yuqori ovozli
san’atkorlar talqinida o’n yillar davomida tomoshabinlarni o’ziga rom etib, sevgi-sadoqat
tuyg’ularini tarannum etib keldi.
«Tohir va Zuhra» birinchi bor 1939-yili Farg’ona (rejissor Mamadali Haydarov), 1941-
yili esa Muqimiy nomidagi respublika musiqali teatr (rejissor A. Azimov)larda
sahnalashtirilgan. 1945-yili rejissor Nabi G’aniyev tomonidan yaratilgan «Tohir va Zuhra»
badiiy filmi dunyo ekranlarini aylanib chiqdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |