ZUHRA ROLI TA’RIFI
T. Ja’farova va Sh. Rahimova Zuhra timsolida ajib uyg’unlik bunyod etgan edilar.
Agar T. Ja’farova o’z qahramonida dadillik, jur’atkorlik alomatlarini ustuvor tarzda
namoyon etgan bo’lsa, Sh. Rahimova diqqat-e’tiborini uning ruhiy olamiga, nozik dil
og’riqlariga qaratgan edi. Rahimovaning nozik ko’ngil Zuhrasi Tohir boshiga yopirilib
kelayotgan balo-qazodan larzaga tushgan holatda daryo yoqasiga yaqinlashadi. Yalinish va
iltijolar Boboxon ko’nglini yumshatolmasligini u biladi, bo’lar-bo’lmasga qat’iyati
sinadigan, g’animlarini kechiradigan otalardan emas. Holdan toygan, najotsiz Zuhra —
Rahimova otasi poyiga o’zini tashlaydi, bu yashashlikdan nafi yo’q bir qizning misoli
so’nggi talpinishi edi.
«Suv kelar», «Ayirganlar» ariyalari Sh. Rahimova ijrosida qahramon dard-alamlarini
ajib shoirona ifodasiga aylangan edi.
Marfua Hamidova
. «O’zbek musiqali dramasi aktyorlik
san’ati» (rus tilida). «Fan» nashriyoti,
1987-yil, 77—78-betlar.
...Tursunxon Ja’farovaning eslashicha, u Namangan teatrida Zuhrani faqat malika,
Boboxonning yolg’iz farzandi, Tohirni jon-dilidan sevgan qiz va bu pok muhabbati yo’lida
qurbon bo’lgan ma’shuqa sifatida ko’rsatgan edi. Muqimiy nomli teatr rejissori Abduvahob
Azimov esa, spektaklni faqat pok sevgi fojiasi emas, balki ijtimoiy tengsizlik hukmron
bo’lgan davrdagi kishilar fojiasi sifatida talqin qiladi... Daryo qirg’og’i... Tohirning daryoga
oqizilishini eshitgan xalq bu yerga to’plangan. G’ala-g’ovur. Shu payt motam libosidagi
Zuhra — Ja’farova otasi Boboxon oyog’iga yiqilib, ko’zida yosh, qalbida alam bilan uni
insofga chaqiradi. Yalinib-yolvorib, xonning etaklarini o’pib, o’ziga Tohirdan bo’lak yor
munosib emasligini uqdirmoqchi bo’ladi. Xon — A. Boltayevning keskin rad javobi,
istexzoli sovuq kulgisi Zuhra — Ja’farovani biroz xushiga keltiradi... U Tohir tomon
intiladi... O’zini daryoga tashlamoqchi bo’lganda soqchilar yo’lini to’sadi. Shu onda
Zuhraning «Ayirganlar» radifli ariyasi T. Ja’farova ijrosida chuqur dramatizm bilan
yangraydi. Ariyaning birinchi qismidagi g’amgin sadolar asta-sekin boshqacha, isyonkorlik
ohanglari bilan almashiladi. Aktrisa ariyaning birinchi qismida Zuhraning cheksiz
qayg’usini, iztirobini ifodalasa, keyingi qismida uning kuchli irodasini, pok muhabbatini
himoya qilishga qodir qiz sifatida gavdalantiradi.
Salomat Abdullayeva.
«Tursunxon Ja’farova».
G’afur G’ulom nomidagi Adabiyot va san’at
nashriyoti, 1974-y, 27—28-betlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |