ALISHER NAVOIY
Birinchi parda, birinchi ko’rinishdan parcha
N a v o i y. Ko’zimning nuri kel, toza Gulim kel!
Ko’ngul bog’ida sayroq bulbulim kel!
G u l i. Ko’rib gulzor ichida sizni yolg’iz
So’roqsiz, indamay, men behayo qiz,
Kechirgaysiz, kelishga jur’at etdim,
N a v o i y. Ko’ngil armoni kel! Maqsadga yetdim.
Nechuk bezovtasan! Barvaqt turibsan?
G u l i. Sahar chog’i turib, shirin g’azaldin
Eshitmak odatim bo’lgan azaldin.
N a v o i y. Quloq soldingmi?
G u l i. Yolg’iz men emas, gul.
Samo, yer, koinot, oftoda bulbul —
Butun jonlik va jonsiz tingladi jim
G’azaldan bu kabi zavq olmagan kim?
G’azalkim, so’zlagay mehru vafodin.
G’azalkim, so’zlagay ishqdin, safodin.
G’azaldin, bu kabi zavq olmagan kim?
N a v o i y. Ko’ngil ilhomchisi sensan, azizim.
Bularning barchasi senga bitilgon.
G u l i. Xudo bilsin, so’zingiz, balki yolg’on.
N a v o i y. Nechuk? Xo’sh?
G u l i. So’nggi chog’da kamnomasiz.
G’arib, bechora men — yer, siz — samosiz.
N a v o i y. Yoningda bo’lmoq orzum erta-yu kech.
Faqat, naylay, ilojin topmadim hech,
Ariq qazmoqdamiz, cho’llarda ish ko’p.
Rabot, u madrasa, yo’llarda ish ko’p.
Yumush, der, yerdagi har zarra tuproq,
Yumush, der, bog’dagi har toza tuproq.
G u l i. Kimiki bo’lsa inson, bo’lsa odam
Haloyiqning g’amin yeydur damo-dam.
N a v o i y. Vafodorim, shuning-chun kamnomaman.
Olur vaqtimni bu ishlar tamoman.
G u l i. Alisher! Chindanam shersiz. Buyuk sher!
Ulug’ ishlarni qilmoq istagan er.
Bo’lur sherday jasur, qaytmas izidan,
Qilich kelganda ham qaytmas so’zidan.
Faqat ko’pdur, esiz, ko’p dushmaningiz.
N a v o i y. Yengur zulmatni nur, albatta, shaksiz.
G u l i. Biroq, hozircha zulmatning kuchi ko’p,
Haqiqat nurini so’ndirguvchi ko’p.
Kecha ko’rgan edim, men bir yomon tush.
U tushni eslasam boshdan uchar xush...
N a v o i y. Nechuk tush?
G u l i. So’rmangiz.
N a v o i y. So’zla, azizim!
G u l i. Tilim bormaydi hech, qalbim to’la bim...
Yotibsiz yerda siz, qo’l-bo’yin bog’liq
Va sizni qurshamish bir to’p pichog’liq.
Yozib, men sochlarimni yig’lar erdim.
Jafo tig’i-la bag’rim tig’lar erdim.
Cho’chib uyg’ondimu, bildim banogoh
Tush erkan. Shul mahaldin nola-yu oh.
Ezar bag’rimni qattiq, o’rtanur dil,
Misoli o’tga tushkan bir uziq qil...
Navoiy Gulining so’zlaridan qattiq ta’sirlanadi. Ammo ta’sirlanganini yashirishga
tirishib, Gulini ovuta boshlaydi.
N a v o i y. Gulim, behudaga bezovta bo’lma,
O’zingni qiynama, g’amlarga to’lma.
Dadil bo’lsang vahmning rangi so’lg’ay,
Ishon, odatda tushning aksi bo’lg’ay.
Meni shersiz deding, yovlar quyondur,
Quyonlarning ishi senga ayondur.
G u l i. Durust, shersiz... faqat... zanjirband sher...
N a v o i y
(
g’oyat ta’sirlanib og’ir
)
Ajab, zanjirband, sher-yengaman, der.
G u l i. Esiz, men sizni ranjitdim...
N a v o i y. Yo’q, aslo!
G u l i. Jahannam o’tlari qarshimda paydo.
Ko’ngulda borini aytdim, nechora.
Yashirsam, aytmasam dil pora-pora...
N a v o i y. Yetar, bas! Chekma g’am! Ko’nglingni shod et!
Sevishgan, baxtiyor kunlarni yod et!
Meni devonani zanjirband qil,
Qaro zulfingni bo’ynimga kamand qil.
Visoli oshiq uchun kundur u, tonggi.
Jafokash ayriliq tundur qorong’i.
G u l i. Meni tun qo’ynida qoldirmang aslo,
G’ami hijron ila toldirmang aslo.
N a v o i y. Qilib, to’y, so’ng bo’lurmiz birga doim,
Seni ko’p ko’rmasin menga xudoyim.
Meni devona qilgan nozanin hur,
Malak siymo, parivash, ko’zlari nur,
Yuzi gul, la’li xandon, tishlari dur,
Nasib etsin xudoyim menga...
Uchinchi parda, oltinchi ko’rinishdan
Do'stlaringiz bilan baham: |