Hayotning ratsionallashuvi.
O.Kont davridan boshlab hozirgi zamon jamiyati
nazariyasida olamshumul o‘zgarishlar yuz berdi, lekin bosh g‘oya – ilmiy bilimning
alohida roli o‘zgarishsiz qoldi. S.Xantington hozirgi davr jamiyatlarini urbanistik,
industrial, savodli jamiyatlar sifatida tavsiflaydi. U bunday jamiyatlar qatoriga
G‘arbiy Yevropa va Shimoliy Amerika jamiyatlarini kiritadi. «Hozirgi zamon» bu
yerda g‘arb jamiyatlari bilan metafizik jihatdan emas, balki faqat tarixan bog‘langan
bixevioral tizimi sifatida tavsiflanadi. Siyosiy va ijtimoiy faollikka qodir bo‘lgan,
har kimning boylik va yuksak mavqega mustaqil erishishga bo‘lgan huquqini tan
oladigan mustaqil fikrlovchi individualist hozirgi davr mahsuli hisoblanadi. U
o‘zgarishlarga va yangilikni idrok etishga ruhiy moslashuvchanlik, tafakkurning
oqilonaligi, fan va tibbiyot kuchiga bo‘lgan ishonch, yo‘l tanlash qobiliyati – o‘z
taqdiri xususida mustaqil qarorlar qabul qilishga qodirlik, individualizm, o‘z
shaxsiyatini namoyon etishga intilish, siyosiy masalalarga qiziqishning kuchliligi,
siyosiy qarashlarni shakllantirish va himoya qilishga moyillik bilan tavsiflanadi.
Hozirgi davrning bosh omillari sifatida ijtimoiy hayotning oqilonalashuvi va
formallashuvi amal qiladi. Ushbu jarayonlar huquqning alohida rolida va
demokratik o‘zini o‘zi boshqarishda namoyon bo‘ladi. Ilmiy fikrlash hamda fanning
alohida roli siyosiy institutlarni qo‘llab-quvvatlashga ko‘maklashadi. Ma’rifat davri
ideallari shuni nazarda tutadi. Ma’rifatchilar fuqarolarni fanning eng yangi
yutuqlariga oshno etishni siyosiy, huquqiy, iqtisodiy, ijtimoiy va ma’naviy
taraqqiyotning bosh omili deb hisoblaganlar. O‘sha davrda ilk ensiklopediyalarni
nashr etish yo‘li bilan barcha ilmiy bilimlarni birlashtirishga katta e’tibor berilgani
tasodifiy bir hol emas.
Shunday qilib, tilda o‘z ifodasini topgan noaniq bilim bilan bir qatorda jamiyatni
shakllantiruvchi, ijtimoiy voqelikni yaratuvchi va belgilovchi aniq bilimning alohida
turi ham mavjud, degan xulosaga kelish mumkin. Nazariy va empirik, nazariy va
kundalik, ilmiy va taxminiy, chuqur va yuzakiga ajratish mumkin bo‘lgan inson
bilimlari majmuida alohida epistemik fenomen – ijtimoiy relevant konstruktiv bilim
farqlanadi. Ushbu bilim nazariya va amaliyot, fan va dunyoqarash elementlarini,
tushuntirish va mentallik me’yorlarini o‘zida birlashtiradi. Mazkur epistemiologik
fenomen ijtimoiy amaliyotni belgilovchi diskursiv birlikni o‘zida ifodalaydi.
Do'stlaringiz bilan baham: |