1
1- Mavzu: ”O‘zbekistonning eng yangi tarixi” o‘quv kursining predmeti,
maqsadi va vazifalari, nazariy-metodik tamoyillari
Reja:
1. Kirish. "O‘zbekistonning eng yangi tarixi"kursini o`qitishnig dolzarbligi.
2."Eng yangi tarix" tushunchasining ta'rifi,
mazmun –mohiyati.
3. "O‘zbekistonning eng yangi tarixi" kursining predmeti, uning
maqsadi, vazifalari va nazariy-uslubiy asoslari.
1.Kirish. "O‘zbekistonning eng yangi tarixi"kursini o`qitishnig dolzarbligi.
O‘zbekiston tarixi, shuningdek, O‘zbekistonning eng yangi tarixi jahon
tarixining ajralmas bir qismi bo‘lib, u bizning zamonamizdagi global jarayonlar
bilan chambarchas bog‘liqdir. Eng yangi tarixni o‘rganishning muhimligi va
dolzarbligi shundaki, u mamlakatimizning ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-ma'naviy
jihatdan barqaror rivojlanishiga ta'sir qiluvchi voqea-xodisalarni tushunishga hamda
teran idrok etishga yordam berishi bilan belgilanadi. Bundan tashqari, u bizga tarixiy
taraqqiyot tendensiyalarini oldindan ko‘ra bilish va bashorat etish imkoniyatini
beradi.
Ma'lumki, O‘zbekiston Respublikasining mustaqillikka erishish jarayoni sobiq
sovet hududidagi boshqa mamlakatlar singari murakkab siyosiy o‘zgarishlar
sharoitida yuz berdi. Davlat mustaqilligining e'lon qilinishi mamlakatning barcha
siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy tizimini tubdan o‘zgartirishga yo‘l ochdi.
Demokratik prinsiplarga ko‘ra milliy davlatchilik va siyosiy tizimning asoslari
shakllantirildi, ularda hokimiyatning qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud
hokimiyatlari funksiyalari va vakolatlari taqsimlandi. Respublikaning siyosiy va
ijtimoiy-iqtisodiy hayotini erkinlashtirish bosqichma-bosqich, keskin inqilobiy
larzalarsiz amalga oshirildi. Tashqi siyosatning milliy strategiyasi ishlab chiqilib,
O‘zbekiston zamonaviy xalqaro munosabatlar tizimiga munosib ravishda kira oldi.
O‘zbekiston tanlagan mustaqil taraqqiyot yo‘li xalqimizning milliy xususiyatlari,
urf-odatlari va madaniyatini har tomonlama hisobga olgan holda, to‘plangan xalqaro
tajribadan ijodiy foydalanishga asoslangandir.
2
Zamonaviy tarixni o‘ta dolzarbligini hisobga olgan holda, O‘zbekiston
Respublikasining Birinchi Prezidenti I.A.Karimov 2012 yil yanvar' oyida "Oliy va
o‘rta maxsus ta'lim vazirligi huzurida O‘zbekistonning zamonaviy tarixi bo‘yicha
jamoat kengashini tashkil etish to‘g‘risida" qaror qabul qildi. Kengashga tarixiylik
va ob'ektivlik, dogmatizmning oldini olish, o‘zbek xalqining tarixiy o‘tmishi va
bugungi kunini baholashga har tomonlama yondoshish asosida O‘zbekistonning
zamonaviy tarixini tizimli o‘rganish vazifalari yuklatildi. Bunda zamonaviy tarixni
ilmiy tadqiq qilishda xalqaro tajribani hisobga olish, yangi avlod o‘quv va ilmiy
adabiyotlarini tayyorlash, O‘zbekistonning zamonaviy tarixi global va mintaqaviy
jarayonlar bilan uzviy bog‘liq ekanligi nazarda tutildi.
O‘zbekistonning eng yangi tarixi - bu tarix fanining nisbatan yangi yo‘nalishi
bo‘lib, u 2020 yilda mustaqil ilmiy fan sifatida o‘ziga xos metodologiyasi, tadqiqot
yo‘nalishlari va o‘quv-uslubiy ishlanmalari bilan ajralib chiqdi. Shu munosabat
bilan, zamonaviy tarix mamlakatimizning mustaqillik arafasidagi va mustaqillik
taraqqiyot davri tarixini, uning o‘ziga xos tendensiyalari, tarixiy shart-sharoitlari va
rivojlanish jarayonlarini ilmiy asoslangan holda yoritishni taqozo etmoqda.
Binobarin, tarixshunoslar va, shuningdek, O‘zbekiston ijtimoiy-gumanitar
fanlarining boshqa vakillari oldida jahon amaliyotini bu boradagi tarixiy tajribasini
hisobga olgan holda, mazkur ta'limni yangi nazariy va metodologik darajaga
ko‘tarish hamda yangi ilmiy yo‘nalishlarni o‘zlashtirish vazifasi turibdi.