www.ziyouz.com
кутубхонаси
38
sadqa!
Qavm o'sha kechasi yuz to'lg'anib, Shayx ahvolidan iztirob chekardi. Ular Shayxga
ta'nalar qilishar, ammo Shayx bularga parvo qilmasdi. Ular Shayxga o'gitlar berishar,
ammo u bularni fahmlamas edi.
Ertalabgacha butxonadagi kishilar g'avg'o qilib, din ahlining bu holini tomosha qildilar.
Ular din ahli rasm-rusumlarini hazil-masxara qilish bilan o'z dinlari tariqatidan lof urib,
maqtanib qo'yishardi. Ular gumrohlik andishasiga borib o'z Lot (but)laridagi "lo"ni
"illalloh" so'zining "lo"si bilan teng deb hisoblashardi. U kishilar uchun o'zlarining
baxtsizlikka duchor bo'lganliklari bir sari bo'lsa, butxona ahlining bu savdodan sevinishi
bir sari bo'lib tushmoqda edi. Shayx yaqin kishilari bilan butxona kishilarining yonini
olar, bundan din ahli hijolat tortardi. Tong yorishgunga qadar bunday mudhish hol
musulmonlarga ko'p malollik yetkazdi.
Yorug'lik qorong'ulikni yenggach, butparastlar o'zlarining katta qo'ng'irog'ini chaldilar.
Nasroniy qizi o'z chehrasini namoyish etganidek, charx quyosh nurlarini olamga
ko'rgizdi. Butxona ahli orasida Shayx ishqi va ahvoli haqida mojaro qo'zg'aldi. Ular
butxona ichida to'planib olib, butxona ahli millatiga quvvat bag'ishlovchi bu holdan shod
bo'lishardi. Din ahlining bunday hijolatlari tobora ortib, nihoyat ular nomusga chiday
olmay, Shayxni yolg'iz tashlab tarqalib ketishdi. Bechora Shayx butxonadagi bolalarga
ham masxara bo'ldi, ular Shayxning bu holidan mazza qilib kulishardi.
Keksa Shayx oshiqu zor, g'arib bir holda ko'zini tarso qizi tomonga tikkancha yo'l uzra
yotardi. Kishilar uni tahqirlab va masxaralab bosib o'tsa ham, u mutlaqo parvo qilmas
edi. Chekkan azobidan g'oyibu hozirlarning ham, ingrashidan mo'minu kofirlarning ham
rahmi kelardi.
Ammo Shayxning kunduz kunini shu tariqa qaro qilgan va uni din yo'lidan chiqarib,
kofirlar butxonasi ichida rasvo aylagan o'sha olamga o't soluvchi tarsozoda parda
orqasidan oshiqu zoriga, giriftoriga yashirincha boqib turardi. U, Shayxni g'aflatda
qoldirib, poymol bolib yotganini ko'rsa-da, o'zini bilmaslikka solar, uning holini
tushunishni o'ylam'asdi. Garchi u Shayxning diniga qasd qilib, uning jonini talon-toroj
etgan bo'lsa-da, o'zini go'llik va nodonlikka solib, go'yo hech narsa bilmagandek tutardi.
Uning firoqidan Shayx joni o'rtanar, balki boru yo'g'i shu o'tda yonardi. Ertadan
kechgacha bag'ri chok-chok bo'lib, kechdan tong otguncha ayriliqdan halokat yoqasiga
borib qolardi. Shu tarzda uning mashaqqatli har bir nafasi ortiq tuyular, bir oy
mobaynida ahvoli shunday kechdi. Unga ranju dard haddan tashqari yuzlanib, g'am
ichida qolgan jismi tuproq bilan teng bo'layozganida, o'sha zolim kofir, ishvagar xulqli
go'zal yana o'sha joyida ko'rindi. Nozli husni bilan butun olamga o't solgancha o'z
giriftori holidan xabar olmoqchi bo'lib, shunday savol berdi:
— Ey islom eliga yetakchi, din va islom ahliga to'g'ri yo'l ko'rsatuvchi pir! Senga Ka'ba
tavofini qilish hunar edi, nechun butxona eshigida vatan tutding?! Seni din elining
madadkori deyishardi, kofirlar butxonasiga nechun asir bo'lding?! Agar safar ahli biror
yerga tushib, u yerni manzil etsa, bir kecha o'sha yerda bo'lib, ertasiga boshqa yoqqa
ketadi. Sen Shayx esa bir oydan beri bu yerda tunb, butxona tuprog'ini maskan
etding. Kofirlar butxonasida yashashdan va zulmat ahlidan tilagan maqsading nima
ekan?
Shayx jahonni bezatadigan bu jamolni ko'rib, uning bu jon baxsh etuvchi so'zlarini
eshitgach, hayajondan butun a'zosini qaltiroq bosdi. Jismi goh bukilar, goh tik bo'lardi.
Hushini yo'qotib, o'zidan keta boshladi, jismida hayotdan asar ham qolmadi. Butxona eli
uni o'ldi deb gumon qilishdi va ming yil oldin o'tganlar bilan teng bo'ldi deb hisoblashdi.
Shayx shu ahvolda bir kecha-kunduz o'likdek yotdi. U sanam esa Shayxning bu holiga
afsus bilan bosh chayqatardi, boshqa kofirlar ham hayronu lol edilar. Hattoki qon
Lisonut-tayr. Alisher Navoiy
Do'stlaringiz bilan baham: |