www.ziyouz.com kutubxonasi
146
— Ertaga Krasnoyarga jo‘naydigan bo‘lib turibmiz. Birga borasizmi, deb keldim, — dedi
Chuvrindi, ichkariga kirishga unamay.
— Krasnoyarga? Nima uchun? — Anvar ularning Krasnoyarskka nima uchun borishlarini
bilsa ham atayin so‘radi. Chuvrindi «nahot bilmasangiz?» deganday qarab qo‘yib, so‘ng
javob berdi:
— Bek akamning otalarini ziyorat qilgani ketyapmiz.
— Kim?
— Bek akam, men, borsangiz — siz, yana Bek akamning bir jonajon og‘aynilari. Ulfati
chor — anda maza bor, deyishadi-ku? Chor ulfat bo‘lib borib kelamiz.
Anvar tungi topshiriqni eslab, o‘ylanib qoldi.
— Agar boradigan bo‘lsangiz, ertalabki sakkizda to‘g‘ri aeroportga chiqaverasiz. Mayda-
chuyda olib yurmang. Yo‘q, yaxshisi soat yetti yarimda shu yerga mashina keladi.
— Bormasam kerak, uzrimni aytib qo‘ying, — dedi Anvar xomush tarzda.
— Ertalabgacha bir gap bo‘lar, — Chuvrindi shunday deb, mashinasi tomon yurdi.
Anvar uning mashinasi ko‘zdan yo‘qolgunicha turgan joyida qotdi. So‘ng burilib, ichkari
kirdi-da, yarim yo‘lda yana to‘xtadi. Derazasiga qaraganicha turib qoldi.
...Kecha tunda xuddi shu derazadan nur oqib kirgan edi. Yo‘q, avval shirin uyqudagi
Anvarni kimdir turtib uyg‘otganday bo‘ldi. «Xotinim uyqusirab turtdimi?» deb o‘yladi.
Yo‘q. Xonzodasi o‘rin chetida, orqa o‘girganicha beozorgina uxlab yotibdi. Anvar, uyqusi
to‘la ochilmasidan, tanish ovoz eshitdi:
— Seni biz uyg‘otdik...
— Nimaga? — dedi Anvar ajablanib. — Bezovta qilmaymiz, degan edinglar-ku?
— Ha, seni biz bezovta qilmaymiz. O‘zing chaqirding. Tur o‘rningdan.
Anvar buyruqqa itoat etib, o‘rnidan turdi-da, qo‘shni xonaga chiqdi. Xona yorishgan,
derazadan nur oqib kirgan edi.
— Men sizlarni chaqirmadim.
— Tiling bilan chaqirmading. Lekin dildan istading. Bizdan najot kutding. Bir necha
maro- taba chaqirishga chog‘landing. Lekin jur’at etmading. Qo‘rqding.
— Bo‘lmagan gap! Meni qo‘rqoqlikda ayblashga haqqingiz yo‘q!
— Botirmisan? Botirni ham, qo‘rqoqni ham bir ildiz qovushtirib turadi. Botir bir ishni
qilishga jazm eta olgani uchun botir, qo‘rqoq esa o‘sha ishni qilmay qochgani uchun
qo‘rqoq.
— Bu falsafangiz noo‘rin.
— Bahslashma, muddaoga ko‘ch.
— Men domla Inoyatulloni ko‘rishim kerak.
— Mumkin emas, ijozat yo‘q.
— Haqiqatni aniqlashim zarur.
— Haqiqat shuki, Hikmat O‘rolov aybsiz aybdor. U Inoyatulloga xiyonat qilmagan.
— Haqiqatni bilmoqchiman, menga isbot kerak.
— Haqiqatni senga Hikmat O‘rolovning o‘zi aytadi. Unga ishon.
— Qachon?
— Tong otgach, seni Asadbekning odami yo‘qlab, safarga chorlaydi. Sen u yoqqa borma.
Xizmat jo-yingda seni noxushlik kutadi. Sen o‘zingni yo‘qotma. Hech kim bilan aytishma.
To‘g‘ri Hikmat O‘rolovning uyiga bor. Gaplarini eshit. So‘ng, biz uni olib ketamiz...
— Yo‘q! — Anvarning ovozi xuddi jon taslim qilayotgan odamnikiday bo‘g‘ilib chiqdi. —
Yo‘q! — deb takrorladi u. — U yashashi kerak!
— Uning ruhi oromga muhtoj.
Shu gapdan keyin Anvarning quloqlari shang‘illadi. Nur yo‘qoldi. Terga botgan Anvar
deraza oldida yana uzoq turib qoldi...
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |