www.ziyouz.com kutubxonasi
116
istagan idoralariga kirib bora oladilar. Lekin bunga bitta-ikkita ahmoqni sabab qilib
ko‘rsatish noto‘g‘ri. Asadbekka o‘xshagan odamlar o‘tgan tarixda ham bo‘lgan.
Bunaqalar nihoyatda ziyrak, payt poylashadi. Agar hokimiyat qattiqqo‘llik ko‘rsata
boshlasa, bular in-inlariga kirib ketadilar, qo‘ydek yuvosh tortadilar. Shoirlarning tili
bilan aytsam, bo‘rilar qo‘y po‘stiniga o‘ralib, payt poylashadi. Bo‘rining urg‘ochisi
qo‘chqordan qochsa ham baribir bo‘ri tug‘adi. Bular qo‘y po‘stagi ostida urchib
yotaverishadi. Hokimiyatda bo‘shanglar paydo bo‘lsa — tamom, qo‘y po‘stini yechiladi.
Hozir biz shunaqa davrning cho‘qqisiga keldik. Sen mening «qarilik gashtini surishga»
qanday ketganimni bilarsan?
Zohid bu voqeaning tafsilotini orqavorotdan eshitgan edi, shu bois xijolatdagi odamning
kulimsirashi bilan «yo‘q», deb qo‘ydi.
— Chet elda ishlab kelgan ikki odamning uyini o‘g‘ri uribdi. Iziga tushdim. Tappa
bosdim. Ishonasanmi, o‘n olti-o‘n yettidagi bolalar. Pulga muhtoj ham emas.
O‘g‘riboshisi kattalardan birining bolasi ekan. Ota-onasi dam olishga ketib, uyida
maishat qilib yotgan ekan. Sheriklari ham o‘ziga o‘xshagan takasaltanglar. Ayblarini
bo‘yinlariga qo‘ysam ham o‘zlariga suv yuqtirishmaydi. Bezgina bo‘lib turaverishdi.
«Bitta telefon qilib olsam maylimi» devdi, «qani, nima qilarkin», deb ruxsat berdim.
Mening xatoim shu bo‘ldi. Bola otasining yordamchisiga qo‘ng‘iroq qildi. Biz o‘g‘irlangan
mollar ro‘yxatini olgunimizcha yordamchi yetib keldi. Avval yumshoq gapirdi, keyin
po‘pisa qildi. Ikki soatlardan keyin bolaning otasi Yaltadan telefon qildi. Ochiq savdo
bo‘ldi. Men bolalarni qo‘yib yuboradigan, u esa falon-falon narsalarni undiradigan bo‘ldi.
Savdo pishmadi. Ertalab boshliq chaqirib turibdi. Yana yaxshi gap, yana nasihat, yana
po‘pisa... Bularning tili birligini ko‘rib, hayron qolasan. Xipchin ushlagan joyingdan emas,
egilgan yeridan sinarkan. Men xipchinning bir uchini ushlab ahmoq bo‘lib qolaverdim.
Avval to‘rt xonali uyni bo‘shat, er-xotinga bir xonali ham bo‘laveradi, deyishdi.
O‘g‘limning oilasi bilan chet el xizmatida ekani, hademay qaytishiga ham parvo
qilishmadi. Uyni bo‘shatdim. Yangang bilan ajralib ketishimga sal qoldi. Xullas, izzat-
ikromsiz qarilik gashtini surishga kuzatishdi. Bir yarim yildan keyin haligi kattaning o‘zi
qarmoqqa ilindi. Bolasining ishi qayta qo‘zg‘alib, men yana ishga qaytdim. Mukofot
tarzida menga endi besh xonalik uy ham berishdi. Ko‘rdingmi, ahvolni? Sen adolat
tantana qildi, deb o‘ylayapsan, a? Bekor gap! — Soliev shunday deb qo‘l siltadi. — Hali
kattaning aybini yana ham bo‘rttirish uchun meni eslab qolishdi. Hozirgi kattalar o‘zlarini
adolatli qilib ko‘rsatishga urinishyapti. Ular boshqalarga jilmayib qarashadi, barmoqlari
esa bo‘g‘zimizda. Bo‘g‘ib turib «nega yaxshi nafas olmaysan», deb bizni ayblashadi.
O‘zlari esa oppoq. Mana, kechagi rahbaringni qara: Farg‘onadagi fojianing sababini
qulupnay bozoridan qidirib, katta minbarda laqillatdi. Endi dumini tugishar, devdim,
yana ham kattaroq amalni berib o‘tirishibdi. Yuqoridaki shunaqa ahvolmi, pastdagilarga
ajablanma.
— Pashshangni qo‘rib o‘tiraver, demoqchimisiz?
— Bu endi har kimning vijdoniga havola. Men ko‘pni ko‘rdim. Bilganim shuki,
tegirmon toshi bir xilda aylanmaydi. Lekin zamon o‘zgarguncha chidashga to‘g‘ri keladi.
Ke, qo‘y, bu gaplarni, — Soliev shunday deb tizzasiga shapatiladi. — Nimaga chaqirding?
— Eksgumatsiya natijasini oldim. Dastlabki ekspertiza natijasi asosan tasdiqlandi.
Eksgumatsiyaga Ehsonovni chaqirtirgan edim, kelmadi.
— Keladi, deb o‘ylovdingmi?
— Kelishiga o‘zim ham uncha ishonmagan edim. Kelmagani bir jihatdan yaxshi bo‘ldi.
Uyiga borishga bahona izlab turuvdim.
— Uyida nima qilasan?
— Bir ko‘ray-chi, qanday yashar ekan?
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |