www.ziyouz.com kutubxonasi
115
«ugro»sidagi Soliev yordam beryaptimi? Omadingiz yo‘q ekan, lanj u odam, ishni
rezinkaday cho‘zadi. O‘rdakka o‘xshab, tumshug‘ini balchiqqa tiqib olib, loy titkilaydi.
— Cho‘zsa ham puxta ishlaydi. Xom ishdan puxtasi durust-da.
— Yanglishyapsiz. Bizning ishimizda eng birinchi galda tezlik turadi. Bilib qo‘ying, yangi
bo‘lgan eng kattamiz boshlig‘imizni suhbatga chaqirib «sust ishlayapsizlar» deganmish.
Tushundingizmi? Yangi rahbarning talabi ham yangicha bo‘ladi. «Sust ishlayapsizlar»
debdimi, demak, bizdan operativlik talab qilinadi. Ishni cho‘zdingmi, tamom, joyni
bo‘shataver. Mana, siz: bo‘yningizda ikkita qotillik turibdi. Ikkita retsidivistni ushlabsiz.
Nima qilmoqchisiz?
— Nima qilardim, tergov-da.
— G‘o‘rsiz, dedim-ku. Omad qo‘lingizga qo‘nib turibdi-ya! Guvoh bormi, bor. Oldingi
qotillikni ham ularning bo‘yniga qo‘ying-da, yoping ishni. Ularning borar yeri tayin, — u
shunday deb barmog‘i bilan havoda sirtmoq shaklini chizdi. — Bitta qotillikka ham shu,
o‘ntasiga ham. Nima so‘rasa, xo‘p deng, va’dani kattaroq qilavering. Bo‘yniga oladi.
Ishning ko‘zini bilish kerak, uka.
Uning gaplarini eshitib, Zohidning ko‘nglida bir shumlik uyg‘ondi.
— Shunaqa deysizu talabini bajarish qiyin-da,— dedi u, sodda odamning niqobiga kirib.
— Nima deydi? — dedi «Suvilon» sergak tortib.
— Qotillikni bittasi bo‘yniga olmoqchi. Shuning evaziga sherigini, yana ikki kishini chet
elga o‘tkazib yuborishi kerak ekan. Bu mening qo‘limdan kelmaydi-da.
— E, siz va’dani beravermaysizmi?
— Petrashvili degani pixini yorgan ekan. Avval ular chet elga ketsin, o‘sha yerdan menga
xat yozsin, keyin men bo‘ynimga olaman, deydi.
— Obbo zang‘ar-e, qaltis joyidan ushlabdi. Men bir o‘ylab ko‘ray-chi, yo‘li topilar, —
«Suvilon» shunday deb xonadan chiqishga shaylandi.
Zohid bu gapni shunchaki qitmirlik uchun aytgan edi, uning o‘zgarishini ko‘rib, ajablandi-
da, eshikka yetgan joyida to‘xtatdi.
— Sizda mabodo Mahmud Ehsonovning telefoni yo‘qmi?
«Suvilon» to‘xtab, orqasiga o‘girildi:
— Mahmud Ehsonov? Kim u? — deb so‘radi talmovsiraganday bo‘lib.
— Ikkinchi murdani uning uyidan chiqarishgan-da. Asadbekka yaqin odam, deb
eshitdim.
— Uni nima qilmoqchisiz?
— Hech nima qilmayman. Faqat eksgumatsiya xulosasi bilan tanishtirib qo‘yay devdim.
«Suvilon» bu gapni eshitib, o‘ylandi-da:
— Bir qaray-chi, bo‘lsa aytaman, — deb xonadan chiqdi.
«Agar Ehsonovning telefonini olib kirib bersang, g‘irt ahmoq bo‘lasan», deb o‘yladi
Zohid.
2
— Ha, «Suvilon»ing chindan ham ahmoq ekan, — dedi mayor Soliev, Zohidning gaplarini
eshitgach.
— Bechora dovdirab qolgan. Agar bu qilmishini egalari bilib qolsa...
— Bilib qolishsa ham buni balo urmaydi. Buning ahmoqligini egalari bilishmaydi,
deysanmi? Har- holda, aqlli odam ularga xizmat qilmas deyman-ov...
— Har qanday idorada hech bo‘lmasa bitta ahmoq topiladi, demak, ular istagan
idoralariga in qo‘yishlari mumkinmi? Gapingizni shunday tushunishim kerakmi?
— Xohlasang shunday tushun, xohlamasang o‘zing bilasan. Aniq gap shuki, ular hozir
Shaytanat (2-kitob). Tohir Malik
Do'stlaringiz bilan baham: |