13-MAVZU: “ETIKA” FANINING PREDMETI VA JAMIYAT HAYOTIDAGI AHAMIYATI
179
faoliyatida ijtimoiy qadriyatlar tizimi ustun bo‘lsa, u ijtimoiy hayotda faol ishtirok etadi, uning
dunyoqarashida jamoatchilik tamoyili ustun bo‘ladi. Aksincha bo‘lsa, inson o‘zining shaxsiy
manfaatlarini ustun qo‘yadi, dunyoqarashida individualizm prinsipi ustun bo‘ladi.
Aslida axloqiy ideallar, tamoyillar va normalar kishilarning adolat, insoniylik, ezgulik,
yovuzlik, ijtimoiy farovonlik haqidagi tasavvurlaridan kelib chiqqan. Bu tasavvurlarga mos
keluvchi xatti-harakatlar axloqiy deb, zid keladigan xatti-harakatlar axloqsizlik deb e’lon qilingan.
Boshqacha qilib aytganda, kishilar fikricha jamiyat va shaxs manfaatlariga mos keladigan,
insonlar uchun foydali bo‘lgan xatti-harakatlar axloqiydir. Albatta, bu tasavvurlar tarixiy
taraqqiyot davomida o‘zgarib borgan, turli sinflar, ijtimoiy guruhlarda turlicha bo‘lgan.
SHuningdek, atoqli faylasuf Erkin Yusupovning: «Umuman, axloq ijtimoiy munosabatlar
zaminida alohida shaxs sifatida mavjud bo‘lgan insonlarning o‘z-o‘zini idora qilish shakllari va
me’yori, o‘zaro muloqot va munosabatlarda ularga xos bo‘lgan ma’naviy kamolot darajasining
namoyon bo‘lishidir»-degan ta’rifi ham diqqatga sazovor.
43
Axloqshunoslik qadimda fizika, metafizika va mantiq bilan birgalikda falsafaning uzviy
(uchinchi) qismi hisoblanar edi. Keyinchalik (Arastudan so‘ng) u alohida falsafiy yo‘nalishdagi
fan maqomini oldi. Bu fikrni quyidagicha kengaytiribroq talqin etish mumkin. Ma’lumki,
falsafaning fanlar podshosi sifatidagi vazifasi barcha tabiiy va ijtimoiy ilmlar erishgan yutuqlardan
umumiy xulosalar chiqarib, insoniyatni haqiqatga olib borishdir. Shundan kelib chiqqan holda,
falsafaning predmetini tafakkur deb belgilash maqsadga muvofiq. Axloqshunoslik axloqiy
tafakkur taraqqiyotini, uning nazariy muammolarini tadqiq etadi va amaliyotda insonni ezgulik
orqali haqiqatga olib borishga xizmat qiladi. Shu bois uni axloq falsafasi yoxud ezgulik falsafasi
deb ham atash mumkin.
Bugungi kunda falsafiy fan sifatida uch yo‘nalishda ish olib boradi, ya’ni axloqshunoslik
axloqni: 1) bayon qiladi; 2) tushuntiradi; 3) o‘rgatadi. Shunga ko‘ra, u tajribaviy-bayoniy, falsafiy-
nazariy va mezoniy-me’yoriy tabiatga ega. Qadimgilar uni amaliy falsafa deb ataganlar. Zero, sof
nazariy axloqshunoslikning bo‘lishi mumkin emas. U insoniyat o‘z tajribasi orqali erishgan
donishmandlik namunalarini hikmatlar, naqllar, matal-maqollar tarzida bayon etadi, kishilarni
axloqiy qonun-qoidalarga o‘rgatadi, ularga axloqning mohiyatini tushuntiradi va falsafiy xulosalar
chiqaradi. Ya’ni axloqshunoslik fanida Aflotun, Arastu, Epikur, Sitseron, Seneka, Avgustin,
Forobiy, Ibn Sino, G‘azzoliy , Nasafiy, Spinoza, Kant, Hegel, Shopenhauer, Foyerbax, Kirkegaard,
Nitsshe, Vl. Solovyov, Losskiy singari buyuk faylasuflar yaratgan axloq nazariyasiga doir
ta’limotlar bilan birgalikda «Panchatantra», «Qutadg‘u bilik», «Qobusnoma», Sa’diyning
«Guliston», Jomiyning «Bahoriston», Navoiyning «Mahbub ul-qulub», Montenning
«Tajribanoma», Laroshfukoning «Hikmatlar», Gulxaniyning «Zarbulmasal» kabi amaliy axloqqa
bag‘ishlangan asarlari ham o‘z mustahkam o‘rniga ega. Axloqshunoslikning boshqa falsafiy
fanlardan farqi ham, o‘ziga xosligi ham undagi nazariya bilan amaliyotning ana shunday
omuxtaligidadir.
Axloqshunoslik va estetika. Axloqshunoslik boshqa ijtimoiy va falsafiy fanlar bilan o‘zaro
aloqadorlikda rivojlanib kelmoqda. Ayniqsa, uning estetika bilan aloqasi qadimiy va o‘ziga xos.
Avvalo, insonning har bir xatti-harakati va niyati ham axloqiylikka, ham nafosatga tegishli
bo‘ladi, ya’ni muayyan ijobiy faoliyat ham ezgulik (ichki go‘zallik), ham nafosat (tashqi go‘zallik)
xususiyatlarini mujassam qiladi. Shu bois Suqrot, Aflotun, Forobiy singari qadimgi faylasuflar
ko‘p hollarda axloqiylikni ichki go‘zallik, nafosatni tashqi go‘zallik tarzida talqin etganlar. Bundan
tashqari, ma’lumki, san’at nafosatshunoslikning asosiy tadqiqot ob’ekti hisoblanadi. Har bir san’at
asarida esa axloqning dolzarb muammolari ko‘tariladi hamda san’atkor doimo o‘zi yashayotgan
zamonda erishilgan eng yuksak axloqiy daraja va unga munosabatni badiiy qiyofalar orqali
bevosita yoxud bilvosita aks ettiradi. Ayni paytda, bu ikki fanda ba’zan bir tushunchaning ikki xil
43
Юсупов Э.
Инсон камолотининг маънавий асослари. Т., Университет, 1998, 38-б.
Do'stlaringiz bilan baham: |