441
Zaruriy dastlabki ma’lumotlarni to‘plab, o‘t o‘chiruvchilar va
mutaxassislar bilan o‘zaro aloqani yo‘lga qo‘ygach, tergovchi: yong‘in
umumiy manzarasini qayd etadi; tevarak atrofni u erda mavjud
kriminalistik ahamiyatga molik izlar va narsalarni topish va
mustahkamlash maqsadida ko‘zdan kechiradi.
Yong‘in o‘chirilishi, hayot va sog‘liq uchun xavf bartaraf etilishiga
qarab, ko‘zdan kechirish ishtirokchilari ishlash uchun ochiq hududga
kiradi va markazdan chetga qarab, yong‘in o‘chog‘iga asta-sekin
yaqinlashgan holda uni ko‘zdan kechiradi. Ko‘zdan kechirish jarayonida
yong‘in manzarasini qayd etish va ish uchun ahamiyatga ega bo‘lgan
izlar va narsalarni aniqlash borasidagi ish amalga oshiriladi.
Tergovchining bosh vazifasi – yong‘in o‘chog‘i (o‘choqlari)ni
aniqlash. Hodisa sodir bo‘lgan joyning mazkur asosiy nuqtasida ish
bo‘yicha eng muhim axborot jamlanadi. Agar yong‘in tez o‘chirilgan
bo‘lsa, ko‘zdan kechirishni uning o‘chog‘idan boshlagan ma’qul.
YOng‘in o‘chog‘ida o‘ch chiqishi sabablarini aniqlash mumkin,
masalan, yalang‘ochlangan va erigan simlardan iborat elektr qalqoni;
yondirish qurilmasi qoldiqlari; yonuvchan moddalarning zarralari;
kerosin yoki benzin shimdirilgan uvada bo‘laklari va h.k.
Sanoat
korxonalarida
yong‘in chiqqan joylarni ko‘zdan
kechirayotganda ishlab chiqarish jarayonlari, foydalaniladigan xos ashyo
va materiallarning xususiyatlarini hisobga olish zarur. Ularning orasida
o‘z-o‘zidan o‘t oladigan va yonuvchan moddalar bo‘lishi mumkin.
Yong‘in joyida mavjud kuyindini sinchiklab ko‘zdan kechirish
zarur. Yonuvchan modda solingan shisha idishlarda nafaqat uning
qoldig‘i, balki jinoyatchini aniqlashga yordam beradigan barmoq izlari
ham topilishi mumkin. Ko‘zdan kechirish jarayonida jiddiy termik
shikastlangan joylarni ajratish lozim.
Murdani ko‘zdan kechirish vaqtida u turgan joyga, uning kiyimiga,
alohida va ko‘zga bo‘rtib tashlanadigan alomatlarga, yonuvchan
moddalarning qoldiqlariga, o‘lim qachon – ob’ektda yong‘in chiqishidan
oldin yoki keyin yuz berganini aniqlash imkonini beradigan belgilarga
e’tiborni qaratish zarur. Agar odam yong‘in muhitiga tirik holda tushib
qolgan bo‘lsa, uning og‘iz bo‘shlig‘i va nafas yo‘llari kuygan bo‘ladi,
qonida esa karbon oksidi topiladi.
Yong‘in yuz bergan joyni ko‘zdan kechirish jarayoni va uning
natijalarini bayonnomada, tarxda, fotosuratlar va videoyozuvda qayd
etish katta ahamiyatga ega. Kriminalistik ahamiyatga molik barcha
holatlarni qayd etish muhimdir. Masalan, uy (bino)ni tavsiflashda pol,
442
devorlar, shift qanday materialdan qurilgani, ular suvalgani yoki bo‘yoq,
gulqog‘oz, pardozlash materiallari bilan qoplangani, ularga olov yoki
tutun bilan qay darajada ta’sir ko‘rsatilgani, elektr isitish asboblari bor-
yo‘qligi, ular qay ahvoldaligini ko‘rsatish zarur.
Elektr simlarning qisqa tutashuv belgilari mavjud bo‘lgan qismlari,
shuningdek elektr nazorat, elektr hisoblash, elektr ro‘zg‘or va isitish
asboblari hamda ehtimol tutilgan yong‘in manbalari hodisa sodir bo‘lgan
joydan olib qo‘yiladi. Barcha hollarda yong‘in joyidagi tuproq, kul,
ko‘mir va kuyindidan ekspertiza tekshiruvlari uchun nazorat namunalari
olinadi.
Aniqlangan
izlar,
narsalar,
materiallar,
moddalarning
namunalari va boshqa ob’ektlar zich berkiladigan sig‘imlar yoki qo‘sh
qavatli polietilen qoplarga solinadi va ularga tegishli yozuvlar qayd
etilgan yorliqlar biriktiriladi. Ular olib qo‘yilgan joylar ko‘zdan
kechirish bayonnomasida ko‘rsatiladi va hodisa sodir bo‘lgan joy tarxida
qayd etiladi.
Yong‘in yuz bergan joyni ko‘zdan kechirish jarayoni va natijalari
videoyozuv, fotos’yomka yo‘li bilan qayd etilishi shart.
Do'stlaringiz bilan baham: