5.5-rasm. Alohida ish turlari bo‘yicha rejalar
Buxgalteriya xodimlarining mehnatini tashkil etish rejasida buxgalteriya apparatining
tuzilishi va shtat jadvali aniqlanib, har bir xodimga lavozim yo‘riqnomasi ishlab chiqiladi, ularning
malakasini oshirish bo‘yicha tadbirlar belgilanadi, hisob ishlarining grafiklari tuziladi (4-8- ilovalar).
Buxgalteriya apparatining tuzilmasini va uning alohida bo‘linmalar bilan aloqa qilish
shakllarini aniqlashda buxgalteriya hisobini markazlashtirilgan yoki markazlashtirilmagan shaklda
tashkil etish to‘g‘risidagi masalani hal etish zarur.
Markazlashtirilgan buxgalteriya hisobida korxonaning hisob apparati markaziy
buxgalteriyada jamlanadi va unda alohida bo‘linmalar (bo‘lim, omborxona va h.k.)dan kelib
tushuvchi dastlabki va yig‘ma hujjatlarga asosan sintetik va analitik hisob bitta joyda amalga
oshiriladi. Korxona bo‘linmalarida esa faqat xo‘jalik operatsiyalari dastlabki hujjatlar bilan
rasmiylashtiriladi.
Markazlashtirilmagan buxgalteriya hisobida hisob apparati korxonaning alohida
bo‘linmalariga tarqatilib, u yerda sintetik va analitik hisob amalga oshiriladi hamda bo‘linma, bo‘lim
va boshqa tarkibiy bo‘linmalarning balans va hisobotlari tuziladi. Bu holda markaziy buxgalteriya
tarkibiy bo‘linmalarning balans va hisobotlarini umumlashtirib, butun korxona bo‘yicha yig‘ma
balans va hisobotlarni tuzadi hamda tarkibiy bo‘linmalarda buxgalteriya hisobi va hisobotning
yuritilishi ustidan nazoratni amalga oshiradi.
Amaliyot shuni ko‘rsatmoqdaki, buxgalteriya hisobini markazlashtirish bosh buxgaltyer
tomonidan rahbarlik va nazorat qilishning ta’sirchanligini ta'minlaydi, hisob xodimlari o‘rtasida
mehnat taqsimotini maqsadga muvofiq amalga oshirish va EHM dan samarali foydalanishga imkon
beradi. Shuning uchun, buxgalteriya hisobini faqat yirik korxonalarda markazlashtirilmagan holda
tashkil etish maqsadga muvofiq.
Aksariyat korxonalarda markazlashtirilgan buxgalteriya hisobi tizimi qo‘llaniladi. Ayrim
korxonalarda muayyan shart-sharoitlardan kelib chiqqan holda qisman markazlashtirilmagan
buxgalteriya hisobi tashkil etilib, tarkibiy bo‘linmalarda dastlabki hujjatlarni tuzishdan tashqari ayrim
sintetik schotlar bo‘yicha analitik hisob yuritiladi, xarajatlar hisobi amalga oshiriladi, mahsulot (ish,
xizmat)larning haqiqiy tannarxi hisoblanadi va h.k. Lekin, tarkibiy bo‘linmalarda yakuniy
buxgalteriya hisobi yuritilmaydi. Balans hamda boshqa hisobot shakllari tuzilmaydi.
Buxgalteriya xodimlarining mehnatini tashkil etishda, hisob ishlarining grafigini tuzish
muhim bosqich hisoblanadi.
Hisob ishlari grafiklarining asosiy maqsadi xodimlar o‘rtasida vazifalarni taqsimlash,
ishlarning bajarilish muddatlarini aniqlash bo‘lib, hisob xodimlarining mehnatini ilmiy tashkil etish
bo‘yicha tadbirlar belgilanmoqda. Bunday grafiklar individual, tuzilmaviy va yig‘ma bo‘lishi
mumkin.
Individual grafiklar (kalendar rejalar)da har bir hisob xodimi tomonidan qanday ishlar va ular
qaysi muddatlarda bajarilishi ko‘rsatiladi. Grafikda xodimning ish kuni davomida va undan uzoqroq
davrlarda (xafta, oy, chorak va h.k.) band bo‘lishi ta'minlanadi.
Tuzilmaviy grafiklarda buxgalteriyaning yoki korxonaning alohida tarkibiy bo‘linmalari
(hisob-kitob bo‘limi moddiy bo‘lim, omborxona va h.k.) tomonidan qanday ishlar va qaysi
muddatlarda bajarilishi lozimligi ko‘rsatiladi.
Yig‘ma grafikda butun korxona bo‘yicha alohida hisob ishlarini bajarish (inventarizatsiya
o‘tkazish, moliyaviy, statistik va boshqa hisobotlarni tuzish va sh.k.) muddatlari ko‘rsatiladi. Unda
korxona bo‘yicha butun hisob-jarayoni umumlashtirilgan holda aks ettiriladi. Uning bajarilishi uchun
korxona bosh buxgaltyeri mas'ul hisoblanadi. Hisob ishlarining grafigi jadvallar ko‘rinishida tuzilib,
ularda rejalashtirilgan ishlarning bajarilish muddatlari to‘g‘risida belgi quyish ko‘zda tutiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |