163
TOMOSHABOG‘
«O‘tmishdan»
Ey bus-butun ayolati vayron o‘lon vatan,
Har go‘shasi zamonada zindon o‘lon vatan.
«Ramuzot»
Qadaqchi Hamroqulning tobi qochdi. Kim biladi, kecha
kechqurungi xudoyi osh yoqmadimi, yo ertalab choynak
qadaqlatib ketgan kishining nosida bir gap bor ekanmi... Ammo
kecha ertalab ham lanjligi bor edi shekilli, bo‘lmasa hech
jahonda choydan ham makkajo‘xori hidi keladimi!
Uning a’zoyi badani qaqshab, kamoncha tutgani madori
qolmadi. Yana bitta qadaq bilan bitadigan likopcha chala
qoldi. Hamroqul naridan-beri dov-dastgohini yig‘ishtirib
jo‘nadi. Uning isitmasi kuchli, boshi og‘rir edi, tashlagan
qadami xohlagan yeriga tushmasdi. U nimani o‘ylasa, bu
o‘yning oxiri xayolga aylanar edi: issiq-issiq choy ichib, o‘ranib
yotgan ko‘rpasi havoga ko‘tarilib ketadi, dam soldirgani
mahalla imomini chaqirtirsa, eshikdan lapanglab tobut kirib
keladi. Hamroqul qo‘rqdi, tezroq uyiga yetib olgani jadalladi.
Ko‘chaning narigi yuzidan uni kimdir chaqirdi,
Hamroqul
chaqirgan kishiga qarayman deb gandiraklab ketdi.
Chaqirgan kishi tomoshabog‘ «Romanska»ning qorovuli
Usta kulol edi. Uning asli oti Stokgulov, Hamroqul aytishga
tili kelishimay, Usta kulol qo‘yib olgan.
Yuzini keksalikdan ko‘ra ko‘proq ko‘rgiliklar g‘ijimlab
tashlagan bu chol bilan u o‘tgan yil bahorda, gul qo‘yadigan
vazasini qadaqlab berganida tanishgan edi. Bu vaza uning
o‘lib ketgan o‘g‘lidan yodgor qolgan ekan..O‘g‘li Lena degan
joydagi oltin konida ishlab, bir vajdan ko‘p kishilar qatorida
otilgan ekan. Buning sababini Hamroqul o‘sha vaqtda ham,
undan keyin ham bilolmadi, chunki Usta kulol bu to‘g‘rida
gapirsa, gapdan ko‘ra ko‘proq so‘kinar, titrar edi. O‘g‘li
o‘lgandan keyin chol kampiri bilan bu yoqqa kelgan ekan.
Usta kulol Hamroqulning ahvolini ko‘rib, darrov boqqa
olib kirdi va qayrag‘och ostidagi cho‘yan oyoqli zangor
eshakka o‘tqizib, suv keltirdi. Hamroqul suvni ichib biroz
o‘ziga kelganday bo‘ldi, ammo qayrag‘ochdagi chumchuq-
164
larning chig‘irlashi negadir ko‘nglini ozdirdi. U quloqlariga
barmog‘ini tiqib, ko‘zini yumdi, biroz nafasini rostlagandan
so‘ng, xuddi ko‘nglini bezovta qiladigan biron narsani ko‘rish-
dan qo‘rqqanday, ko‘zini sekin ochdi.
Ko‘zini ochdi-yu qarasa... Usta kulol xuddi o‘g‘lining
o‘limi to‘g‘risida gapirayotganday so‘kinar, titrar edi. Yoshgina,
xotinchalish bir ofitser rezinkaday qapchib cholning ko‘kragiga
tepdi. Chol yiqildi. O‘shanday tepki hali es-hushini o‘nglab
ololmagan Hamroqulning ham ko‘kragiga tushdi. U eshakdan
ag‘darildi, ammo darrov turdi, bo‘yniga musht tushdi –
munkib ketdi.
Churr...
– Mirshab!
Qayerdandir Usta kulolning kampiri paydo bo‘lib, ofitser-
ning oyog‘iga yiqildi. Ikki mirshab Usta kulol bilan Ham-
roqulni bog‘dan olib chiqdi va butxonaning narigi tomonidagi
mirshabxona tomon olib ketdi. Kampir
dodlaganicha ergashib
bordi.
Olomon to‘plandi.
– Yig‘lama! – dedi Usta kulol mirshabxonaning eshigi
oldida kampiriga qarab: – Men bir turmadan ikkinchi turmaga
o‘tayotibman, nega yig‘laysan!
Mirshabxona eshigi ochilib ikki oshnani yutdi. Butxona
qo‘ng‘irog‘i kechki ibodatga chaqirib, og‘ir va uzun darang-
ladi. Bu tovush hali kun botmasdan mudrab yotgan shahar
ustida to‘lqinlanib uzoqlarga ketdi. To‘plangan xaloyiq nima
gap bo‘lganini bir haftadan keyin «Turkiston o‘lkasi» gazetasini
o‘qib bildi:
«... O‘tgan 23-sentabrda mazkur shaharda rusiya dahasidagi
Romanovskiy bog‘ida ham shu qabila beadablik sodir bo‘lgan.
Chunonchi, sartiyalardan biri o‘zlariga sohiblik qilib turgan
rusiya to‘ralarining istirohatgohlariga kirgan, ya’ni nihoyatda
beadablik qilgan...»
Do'stlaringiz bilan baham: