54
Moniy izdoshlarining ba’zilari qiynoqlarga mahkum etilgan, ayrimlari
mamlakatdan badarg‘a qilingan. Aksariyat qismi esa g‘arbda Rim imperiyasi,
sharqda esa Sharqiy Turkiston, Uyg‘uriston hamda ularning atrofidagi davlatlarda
panoh topib, moniylik ta’limotini rivojlantirganlar.
Moniyning ta’limotida Nur va Zulmat o‘rtasidagi azaliy kurash asosiy
o‘rinni egallaydi. Uning mazmun-mohiyati esa, Nurning Zulmat ustidan g‘alaba
qozonishiga ishonishdir. Moniylik mahalliy dinlar – zardushtiylik, buddaviylik va
xristianlik xususiyatlarini o‘zida mujassamlashtirgan. Moniy o‘zini avvalgi
dinlarning «to‘g‘rilovchi payg‘ambari» deb e’lon qilgan. U xristianlikdan
messionizm va «Masih» e’tiqodini o‘zlashtirgan.
Borliqning 2 mohiyati asosi – yorug‘lik, yaxshilik va ruh olami bilan zulmat,
yovuzlik va moddiyat olamining o‘zaro kurashini e’tirof etuvchi zardushtiylik
dualizmi moniylikning asosini tashkil etadi. Ularning e’tiqodicha, birinchi olamda
Nur (Xudo), ikkinchisida – Zulmat (SHayton) hukmronlik qiladi. Inson ikki
unsurdan - Nur farzandi bo‘lgan ruh va Zulmat farzandi hisoblanmish jismdan
iborat mavjudotdir. SHuning uchun inson Zulmat kuchlariga qarshi kurashda Nur
kuchlariga yordam berishi lozim deb qaraladi. Ushbu ikki olam o‘rtasidagi kurash
falokat bilan tugaydi, natijada
moddiyat halokatga uchrab, ruh g‘alaba qozonadi.
Moniylik ta’limotiga ko‘ra, bu dunyo yovuzlik dunyosi deb qaralgan va
patsifizm (urushmaslik) hamda mol-dunyo yig‘maslik muhim o‘rin tutgan.
Moniylik o‘z e’tiqod qiluvchilaridan mol-mulklaridan 1/10 hissa xayri-
sadaqa berishni, bir kecha kunduzda to‘rt mahal ibodat qilishni, yolg‘onchilik,
qotillik, o‘g‘irlik, zino, baxillik, sehrgarlik va unga ishonishni, butparastlik kabi
amallardan uzoq yurish talab qilgan.
Moniylik o‘z davrida aholining quyi tabaqa vakillari orasida keng tarqalgan.
Bunga sabab ular Zulmat olamini zodagonlarning zulmlari qiyofasida tasavvur
qilganlar va bundan xalos bo‘lish uchun Nurga ibodat qilganlar. Bu bilan Nurning
g‘alabasiga har kim o‘z hissasini qo‘shmoqda deb ishonganlar.
Moniylik 763-840 yillar davomida Uyg‘ur xoqonlining rasmiy dini bo‘lgan.
O‘z yurtlaridan quvilgan moniylar, Kichik Osiyoning chekka hududlariga
yashirinishga majbur bo‘lishgan. Moniylik umumiylashtiruvchi din bo‘lgani
sababli to‘g‘ridan to‘g‘ri «payg‘ambar»ning yozma buyruqlariga asoslanadi. Uning
asarlari ko‘plab tillarga tarjima qilingan.
Moniylik ta’limoti u tomonidan tuzilgan «Shopurkan», «Tirik
Hushxabarchi» (Moniy va uning ta’limoti haqidA), «Pragmataya» (sirlar kitobi),
«Kefalaya» (Boblar) kabi kitoblarda asoslab berilgan va ayrimlari rus tiliga tarjima
qilingan.
55
Moniylikdan bugungi kunga qadar birgina Xitoyning Futszyan viloyati
Syuanchjou tumanida joylashgan moniylik ibodatxonasigina saqlanib qolgan. Bu
din qanchalik engillikka va oddiylikka asoslangan bo‘lsada, tarixning murakkab
sinovlariga bardosh bera olmadi. Natijada u din sifatida unutildi. Undan yirik
tadqiqotlar uchun ma’lumotlargina qolgan xolos.
Do'stlaringiz bilan baham: