42
Baxshilarning ta’kidlashicha, folbin-baxshilar tomonidan tutiladigan chilla
turlicha bo‘lib, ular orasida eng og‘iri va xavflisi baxshilar tomonidan tutiladigan
«qora chilla» hisoblanadi. «Qora chilla»da o‘tiradigan kishi 40 kun mobaynida bir
uydan tashqariga chiqmagan holda chimildiqning ichida o‘tirishi lozim bo‘lgan. U
bu davrda boshqa odamlar bilan gaplashmasligi va faqat o‘z uyida yaqin kishisi
tomonidan pishirib berilgan pok ovqatni eyishi lozim bo‘lgan. Bu davrda bo‘lg‘usi
baxshining qabristoniga borishi, o‘lik ko‘rishi, ariqda oqayotgan suvdan o‘tishi
qat’iy taqiqlangan. Bu jarayonda bo‘lg‘usi baxshi doimiy ravishda eng yaqin
kishisi yoki ustoz baxshi nazoratida bo‘lgan. Agar bo‘lg‘usi baxshi nazoratsiz
qolib, tashqariga
chiqib ketsa, ruhiy xastalikka chalinib esdan og‘ishi ta’qidlagan.
Vodiyda yashovchi ko‘plab o‘zbek va tojik folbin-baxshilari (azayimxonlari)
esa kasallik xuruj qilganida uqalash orqali tanani qizdirib, bemorni terlashga
majburlaganlar. Ayrim baxshilar ko‘kyo‘tal, bosh og‘rig‘i, bepusht ayollarni
davolagan bo‘lsalar, boshqalari shol, soqov bo‘lib qolgan, badaniga turli toshmalar
toshgan kishilarni, ruhiy kasallangan kishilarni davolar ekanlar. Baxshi oldiga
kelgan bemorning qaysi a’zosi og‘riyotganligini bemor tashrifi tufayli uning
o‘zining ham tanasidagi o‘sha a’zo og‘rishidan bilib olar ekan. Marosim davomida
baxshi bilan birga bemorning yonida o‘tirganlar ham ba’zida jazava holatiga
tushganlar. Shundan so‘ng baxshi bemorni ettita yoki to‘qqizta tol va jiyda
xivchinlari bilan o‘ng tomonidan boshlab urgan va jinlarni go‘yo chap tarafdan
haydab chiqargan. Odatda, tol xivchinlari yoki mevali daraxt shoxlari kasallik
holatiga qarab ishlatilgan. Bemor engilroq xasta bo‘lsa mevali daraxt, og‘irroq
kasal bo‘lsa mevasiz daraxt (tol) xivchinlaridan foydalanilgan. Tol yoxud mevali
daraxt xivchinlari ishlatilishiga qarab, go‘yoki yovuz ruhlarni kasal tanasidan
yakuniy haydash bo‘lgan. Ko‘chirma qunida baxshi bemor elkasi, qo‘llarini
silagan xolda uning tanglayini ko‘tarib qo‘ygan.
Markaziy Osiyo xalqlari hayotidan keltirilgan mazkur misollar shomonlik
an’analarining nafaqat qoloq dunyoqarash shakllari sharoitida, balki madaniy-
tarixiy rivojlangan jamiyatda ham yashovchanligini yaqqol namoyon etadi.
An’analar ko‘pincha o‘zgaradi, moslashadi, amaldagi rasmiy din talablarining u
yoki bu jihatlariga ma’lum darajada birikadi. Chunonchi, islom sharoitida
shomonlik harakatlari odatda musulmon an’analariga ko‘ra fotiha bilan
yakunlanadi, biroq ayrim folbinlar musulmonlikka to‘g‘ri kelmaydi deb fotiha
qilmaydigan hollar ham uchrab turadi.
Do'stlaringiz bilan baham: