www.ziyouz.com kutubxonasi
79
1994
KUZ
Uch kunda kuz keldi.
Dunyo qaridi.
Teraklar bosh chayqab qoldilar ma’yus.
Toshlar o‘rmalaydi anhor qa’rida,
Anhor qaylargadir shoshadi hanuz.
Ko‘pirib boradi qo‘ng‘ir bulutlar,
Hademay yomg‘irzor bo‘ladi paydo.
Yerga quloq bosib yotadi o‘tlar,
Yerdanmi keladi bu mungli navo?
Mana, ustunlarga o‘ralar shamol,
Mana, suv yuziga toshadi sepkil.
Zerikkan, asabiy qariqiz misol
Ko‘ylaklarin yirtib tashlar atirgul.
Peshayvonda namli patlarin tarab,
Zag‘chalar o‘ziga beradi oro.
Bulut kelayotgan tomonga qarab
Dunyo suzib borar ohista, dunyo...
1994
Do'stlaringiz bilan baham: |