www.ziyouz.com kutubxonasi
27
bilan yerdagi madaniyatni ham olib kelishgan-da.
— Shuncha yillar shu yerda yashagan deb o‘ylaysizmi? — deb so‘radi komandir.
— Xuddi shunday, tinch va ahil yashashgan. Ehtimol, ular yerga bir necha marta borib ham
kelganlar. Keragicha odamlarni olib ham kelganlar, deylik mana bunaqa shaharchalarga joylashtirish
uchun, keyin esa ularni bilib qolmasliklari uchun parvozlarni to‘xtatishgan. Shaharning eski
uslubdaligining siri shunda. Shaxsan men hozircha 1972 yildan keyin yasalgan bironta buyumni hali
ko‘rganim yo‘q. Xo‘sh, siz-chi, kapitan? Darvoqe, samoviy sayohatlar, umuman, biz o‘ylagandan ham
oldinroq bo‘lishi mumkin. Yerning qaysidir uzoq burchagida, yuz yillar muqaddam. Odamlar Marsga
allaqachonlar kelib olganlar-u, bu haqda hech kim bilmagan bo‘lsa, ne ajab? Ularning o‘zlari esa
ahyon-ahyonda yerga borib-kelib turishgan.
— Shunday gapirayapsizki, xuddi haqiqatga o‘xshaydi.
— Haqiqat bo‘lganda qandoq!
— Isboti ko‘z oldimizda turibdi-ku. Endi odamlarni topsak bas, taxminimiz tasdig‘ini topadi-qo‘yadi.
Qalin ko‘m-ko‘k o‘tlar ularning qadam tovushlarini yutib yubormoqda edi. Yangi o‘rilgan pichan hidi
dimoqqa urardi. Kapitan Jon Blek ularning irodasiga qarshi o‘laroq, vujudlarini sokin bir farog‘at
chulg‘ab olganini his etdi. U mana bu mo‘‘jaz shaharchada so‘nggi marta bo‘lganiga ham oz emas,
ko‘p emas, rosa o‘ttiz yil bo‘libdi; bahorgi asalarilarning g‘o‘ng‘illashlari uning ruhiga taskin berar va
allalar edi, uyg‘onib kelayotgan tabiat tarovati qalbiga orom bag‘ishlar edi.
Ular to‘r tortilgan eshik tomon yo‘nalgancha ayvonga chiqdilar va polga urilgan odimlari bo‘g‘iq aks
sado berar edi. To‘r orasidan ular yo‘lakni to‘sib turgan jimjimador pardani, billur qandilni va
devordagi Marksfil Parrish qalamiga mansub suvratni ko‘rdilar. Uyda eski buyumlar, chortoq va yana
nimaningdir hidi dimoqqa yoqimli urilar edi. Limonadli ko‘zaga muzning mayin urilib tushgan ovozi
quloqqa chalindi. Uyning narigi burchagidagi oshxonada jazirama kun munosabati bilan kimdir yaxna
tushlik tayyorlar edi. Baland ayol ovozi qaysidir kuyni bosiq va yoqimli xirgoyi qilardi.
Kapitan Jon Blek qo‘ng‘iroq dastachasini tortdi.
Yo‘lak bo‘ylab yengil qadamlar ship-ship qildi, to‘rning nariyog‘idan qirq yoshlardagi, xushro‘ygina
ayol ko‘rindi, egnidagi kiyim ehtimol 1909 yildagi liboslardan edi.
— Buyursinlar, ne xizmat? — so‘radi u.
— Kechiring, — jur’atsizgina gap boshladi kapitan Blek, — bizlar bilasizmi... ya’ni, ehtimol, siz...
U duduqlanib qoldi. Ayol unga tim qora ko‘zlari bilan hayron qarab turardi.
— Biron narsa sotmoqchi bo‘lsalaringiz... — gap boshladi ayol.
— Yo‘q, yo‘q, shoshmang! — qichqirdi kapitan. — Bu qaysi shahar?
Ayol unga sinchkov nazar soldi.
— Nima demoqchisiz bu bilan: qaysi shahar deysizmi? Shaharning o‘zida bo‘la turib, uning nomini
bilmaslik mumkinmi?
Kapitanning yuzidan uning tezroq biron olma daraxti tagiga borib o‘tirsa-yu, soyasida orom olsa —
shuni anglash mumkin edi.
— Bizlar bu yerlik emasmiz. Qaysi shaharga kelib qolganimizni va qanday kelib qolganimizni
bilishimiz kerak edi.
— Sizlar aholini ro‘yxatga olish byurosidanmisizlar?
— Yo‘q.
— Barchaga ma’lumki, — davom etdi ayol, — shahar 1868 yilda qurilgan. Shoshmang-shoshmang,
tag‘in meni laqillatayotgan bo‘lmanglar.
— Yo‘g‘-e, nima deyapsiz! — shoshib dedi kapitan, — biz Yerdanmiz.
— Yerning tagidan demoqchimisiz? — hayron bo‘ldi ayol.
— He, yo‘q, biz Uchinchi sayyora — Yerdan uchib kelganmiz. Samoviy kemada. Biz bu yerga —
To‘rtinchi sayyora — Marsga uchib kelganmiz...
— Bilasizmi, qaerdasizlar? — xuddi bolaga gapirgan ohangda tushuntira ketdi ayol, —
Grinblavdasiz. Illinoys shtati, Amerika deb ataladigan ikkita okean, Atlantika va Tinch okeanlari yuvib
Marsga hujum (roman). Rey Bredberi
Do'stlaringiz bilan baham: |