9-modda. Ta’sis hujjatlari
Ommaviy axborot vositasining ta’sis hujjatlari ta’sis shartnomasi va ommaviy axborot
vositasi tahririyatining (bundan buyon matnda tahririyat deb yuritiladi) ustavidan (nizomidan) yoki
faqat tahririyatning ustavidan (nizomidan) iboratdir.
10-modda. Ta’sis shartnomasi
Ta’sis shartnomasi bir nechta muassis o‘rtasida tuziladi.
Ta’sis shartnomasida quyidagilar nazarda tutiladi:
muassislarning nomi (familiyasi, ismi, otasining ismi) va joylashgan yeri (pochta
manzili);
ta’sis etilayotgan ommaviy axborot vositasining turi, nomi, tili, maqsadi, ixtisoslashuvi
va davriyligi;
tahririyatning tashkiliy-huquqiy shakli;
tahririyatning ustav fondi miqdori va shakllantirish tartibi;
tahririyatni moliyalashtirish manbalari;
muassislarning tahririyat faoliyatida ishtirok etishga doir huquq va majburiyatlari;
tahririyatning boshqaruv organlarini shakllantirish tartibi;
foydani taqsimlash va zararlarning o‘rnini qoplash tartibi;
ommaviy axborot vositasi chiqarilishini to‘xtatib turish yoki tugatish tartibi;
qonun hujjatlariga muvofiq boshqa shartlar.
Do'stlaringiz bilan baham: |