ham Jomiyni alohida taʼrifu tavsif etadi.
Ammo, qaysidir maʼnoda, ustozi haqida bir butun tasavvur uygʻotadigan yaxlit bir asar yozib,
uning xotirasini abadiylashtirishga ehtiyoj bor edi. Shu maqsadda Navoiy Jomiy vafotidan ikki
yil oʻtganidan keyin, yaʼni 1494 yili maxsus “Xamsat ul–mutahayyirin” (“Hayratlanarli
beshlik”) asarini yaratdi. Asar boshdan-oxir Jomiy taʼrifu tavsifiga bagʻishlangan. Jomiy
vafotidan keyin yozilgani uchun ham u qaysidir maʼnoda, ikki buyuk ijodkor
munosabatlarining oʻziga xos xotimasi, deyish mumkin.
“Xamsat ul–mutahayyirin”ning kompozitsiyasi ham juda oʻziga xos. Asar asosan,
“Muqaddima”, uch maqolat va “Xotima”dan – jami besh qismdan iborat. Biroq uning
“Bismillo…” deb boshlanuvchi alohida kirish qismi ham bor. Unda Navoiy hamd va naʼt,
Jomiy taʼrifidan keyin asarning har bir qismida aynan nimalar haqida toʻxtalishini oʻzi
batafsil hikoya qiladi.
“Muqaddima” – Jomiyning tugʻilishi, nasabi, bolalik va yigitlik davri, ustozlari va piri, zohiriy
va botiniy ilmda erishgan darajasi, Navoiyning bu zot bilan ilk uchrashuvi.
“Avvalgi maqolat” – ikki ijodkor oʻrtasidagi nozik ustoz-shogirdlik va pir-muridlik
munosabatlarini aks ettiruvchi hikoyatlar.
“Ikkinchi maqolat” – Jomiy va Navoiy oʻrtasidagi turli yozishmalar va ular bilan bogʻliq
voqealarni qamrab olgan hikoyatlar.
“Uchinchi maqolat” – Jomiy asarlari roʻyxati, shuningdek, ikki buyuk ijodkorning bir-biriga
adabiy taʼsir etishi natijasida dunyoga kelgan asarlar haqida.
“Xotima” – Navoiy Jomiy huzurida oʻqigan va taʼlim olgan kitob va risolalar roʻyxati,
Jomiyning karomatlari bilan bogʻliq hikoyatlar, Jomiy vafotining tafsilotlari, Navoiyning ustozi
va piriga atab yozgan marsiyasi.
Alisher Navoiy buyukligining oʻziga xosligi shundaki, bu qalam sohibiga nazmda ham, nasrda
ham tengsiz asarlar yaratish qobiliyati ato etilgan edi. Ammo “Xamsat_ul'>Xamsat ul–mutahayyirin”da
Navoiyni tamoman boshqa ijodkor sifatida koʻramiz. Farhod va Shirin, Layli va Majnun kabi
toʻqima timsollarni haddi aʼlosiga yetkazib yaratgan shoir oʻzi bilan hamnafas yashagan real
shaxs − Jomiy siymosini aks ettirishda butunlay oʻzgacha yoʻldan boradi. Ustozi va pirini
taʼriflashda turli jimjimador, mubolagʻaga boy soʻzlar, ifodalardan maksimal darajada
qochadi. Hayotda oʻzi koʻrgan, bilgan voqealarni oʻta aniq ifodalaydi. Eng muhimi, hech
yerda kitobxonni chalgʻitmaydi. Hayotiy haqiqatni borligicha aks ettiradi.
“Xamsat ul-
mutahayyirin”da Jomiy va Navoiy munosabatlarining turli tomonlari aks etgan
boʻlsa ham, avvalo, ular oʻrtasidagi haqiqiy ustoz-shogirdlik rishtalari koʻrsatiladi.
Jumladan, asarda muallif erinmasdan ustozi huzurida taʼlim olish va foydalanish yuzasidan
oʻqigan kitoblari roʻyxatini keltirib oʻtadi. Bundan tashqari, Navoiy Jomiy “Xamsa” bilan
“Haft avrang”ni qiyoslash yoʻli bilan ovoz chiqarib oʻqiganida tinglaganini, shuningdek, baʼzi
risolalar Jomiy oldida oʻqilmagan boʻlsa ham, ulardagi ayrim murakkab joylarni ustozdan
soʻrab turganini yozadi. Ana shu maʼlumotlar Jomiyning, haqiqatan ham, Navoiyga
toʻgʻridan-
toʻgʻri muallim, mudarris, yoʻlboshchi, chinakam ustoz ekanini yana bir karra
isbotlaydi.