Key words : devon, genre, ghazal, rubai, qita, muxammas, musaddas.
Til va adabiyot:
ilmiy va amaliy izlanishlar yoʻlidagi ilk odimlar
2020-yil 30-aprel
578
Alisher Navoiy – jahon miqyosidagi shaxs, yuksak ijodi bilan she’riyat
mulkining sultoni maqomiga koʻtarila olgan bebaho iste’dod egasi, inson
qalbining shodlig-u quvonchi, g‘am-g‘ussalari, hayot va ezgulik falsafasini
haddi a’losiga yetkazib tarannum etgan buyuk soʻz san’atkoridirki, bu yanglig‘,
ham ijod, ham fazilatda benazir zotlar dunyo madaniyati tarixida kamdan kam
uchraydi. Oʻz umri davomida koʻrgan koʻplab yaxshilik va yomonliklar,
zamondoshlaridan tortgan adovatlar faoliyatining koʻpi temuriylar saltanatida
tinchlik, farovonlik barqaror boʻlishi, madaniyat gullab yashnashiga
sarflanganiga qaramasdan, bu fidoyi zot har jihatdan hayratlanarli ulkan ijodiy
meros qoldirgan. Bu buyuk taraqqiyparvar inson oʻzi yashagan davrdanoq
“Xitodan Xuroson”gacha boʻlgan hududda istiqomat qilayotgan she’rsevar ellar,
xususan, ,,turk ulusi’’ qalbiga purma’no nazmiy yaratmalari, nasrda ijod etilgan
badiiy, ilohiy-irfoniy, tarixiy-ma’naviy va ilmiy asarlari bilan ma’rifat
shu’lalarini olib kirdi. Alisher Navoiy yirik soʻz san’atkori sifatida turkiy badiiy
ijodni ham ma’nolar va ham shakliy jilolar nuqtai nazaridan jahoniy mavqega
koʻtardi. Alisher Navoiyning merosi yuksak bir tog‘ga oʻxshaydi [1. 5-bet]. Ulug’
shoirning oʻz ijodidan faxrlangan holda bildirgan quyidagi fikrlari asrlar
davomida oʻz isbotini topib kelmoqda: “Umidim uldur va xayolimg‘a andoq
kelurkim, soʻzum martabasi avjdin quyi inmagay va bu tartibim kavkabasi a’lo
darajadan oʻzga yerni beganmagay”[2. 508-bet]. Alisher Navoiyning
ummondek teran, kamalakdek rang-barang asarlarida, uning nodir shaxsiyati
timsolida “Hayotning ma’nosi nima, komil inson qanday boʻlishi kerak?” degan
azaliy savolga keng miqyosdagi falsafiy javob oʻzining mujassam ifodasini
topgan. Alisher Navoiyning deyarli barcha asarlarida uning shaxsi, ijodkorligi,
ijtimoiy-irfoniy faoliyati haqida ma’lumat beriladi” [3.43-bet]. Bu jihatdan,
ayniqsa, Alisher Navoiy she’riyati-oʻzbek mumtoz adabiyoti xazinasiga
qoʻshilgan qiyossiz noyob durdonadir. Ulug‘ shoir she’riy merosida oʻziga
qadar yaratilgan Sharq mumtoz adabiyoti an’analarini davom ettiribgina
qolmay, yangi badiiy timsollarga murojaat etish orqali mutafakkirona
579
qarashlarini ifodalash bilan ularning mavzular koʻlamini boyitdi, inson
ruhiyatining murakkab qirralarini san’atkorona tasvirlashga erishdi.
Binobarin, Alisher Navoiy qalami hadya etgan barcha asarlar bugungi
kunda oʻtmishdan bir sado, ulkan va tabarruk tarbiya maktabi hisoblanadi.
Alisher Navoiy ilk devoni “Badoye ul-bidoya”ga yozgan “Debocha”sidayoq
adabiyot tarbiya vositasi ekanligiga urg‘u berar ekan, har qanday badiiy asar
ma’rifiy fikrlar va pand-nasihatdan ayro boʻlmasligini qayd etib, jumladan,
shunday yozadi: “Devon topilg‘aykim, anda ma’rifatomuz bir g‘azal topilmag‘ay
va g‘azal boʻlg‘aykim, anda ma’vizatangiz bir bayt boʻlmag‘ay. Mundoq devon
bitilsa, xud asru behuda zahmat va zoye mashaqqat tortilg‘on boʻlgay” [4.21-
bet].
Ulug‘ allomaning turkiy tildagi majmuasi boʻlmish “Xazoyin ul-maoniy”
mumtoz adabiyotimiz xazinasidagi jozibali she’riyatning eng yuksak choʻqqisi
sanaladi. Shoir uni toʻrt devon shaklida tuzadi. Shoir oʻzbek tilida yozgan
deyarli barcha she’rlarini toʻrt devonga ajratadi va ularning har birini inson
umrining muayyan fasliga mos keladigan bir nom bilan ataydi. Undan oʻrin
olgan g‘azallarda tarannum etilgan ezgu g‘oyalar, yuksak insoniy tuyg‘ular,
ilohiy-irfoniy mavzular ma’naviyatimiz, dunyoqarashimiz va kundalik
hayotimizda beqiyos ahamiyatga ega.
Olim H.Sulaymonovning izlanishlari shuni koʻrsatadiki, Navoiy ”Xazoyin
ul-maoniy” kulliyotini tuzish ustida bir necha yil tinimsiz mehnat qilgan va
1498- yildagina uni hozirgi holatda toʻliq yakunlagan [5.43-bet]. Navoiy
kulliyot devonlarini oʻzaro mustahkam bog‘liq holda va qat’iy mutanosiblikda
tuzadiki, ularga keyinchalik birorta g‘azal kiritish yoki devonlar tarkibidan
birorta g‘azalni tushirib qoldirish va hattoki ichki oʻrinni almashtirish ham
mumkin boʻlmagan.
“Xazoyin ul-maoniy’’ kulliyotining ichki tuzilishi jihatidan nihoyatda
mustahkam tarzda tartib berilganligini shundan tasavvur qilish mumkinki,
Alisher Navoiy undagi toʻrt devonning har biriga teng miqdorda 650 tadan
g‘azal joylashtirganligidagina emas, balki shu bilan birga, shu g‘azallarning
580
qofiyalanish tartibiga koʻra ham har bir devonda oʻzaro teng va qat’iy
mutanosib boʻlishiga e’tibor qaratilgan.
“Xazoyin ul-maoniy” kulliyoti turkiy she’riyatning gultoji boʻlib, jami 16
lirik janrni oʻz ichiga oladi. Bu she’riy janrlar har bir devonga muayyan tartib
bilan joylashtirilgan va bu janrlarga oid she’rlarning umumiy soni 3132 taga
teng. Ushbu kulliyot debocha, 2600 ta g‘azal, 210 ta qit’a,133 ta ruboiy, 86 ta
fard, 52 ta muammo, 10 ta lug‘z, 13 ta tuyuq, 10 ta muxammas, 5 ta musaddas,
4 ta tarjiband, 4 ta mustazod, 1 tadan musamman, tarkibband, masnaviy, qasida
va soqiynomadan iborat. Har bir devonga 650 tadan g‘azal kiritilgan [6.48-bet].
“Xazoyin ul-maoniy” lirik kulliyotining tarkibiga kirgan birinchi devon
“G‘aroyib us-sig‘ar”dir. Shoir bu devonining nomlanishi haqida shunday yozadi:
“…avvalg‘i devonnikim, tufuliyat bahori g‘unchasining ajib gullari va sig‘ar
gulzorining bog‘chasining g‘arib chechaklari bila orasta boʻlub erdi, “G‘aroyib
us-sig‘ar” deyildi. Shoirning oʻzi ta’kidlaganidek, bu devonga “Bolalik
ajoyibotlari”deb nom berildi. “G‘aroyib us-sig‘ar”ga yetti-sakkizdan yigirma
yoshgacha boʻlgan davr ichida yozgan she’rlari kiritilgan. Devonlarga she’rlar
taqsimlanishining nisbiy ekanligi inobatga olinsa, devonga shoir hayotining
keyingi davrlarida yaratilgan she’rlar ham kirganligi oydinlashadi.
Devonga “Xazoyin ul-maoniy”da ifoda etilgan lirik turning 16 janridan 8
janriga oid 840 ta she’r kiritilgan. Ular: 650 ta g‘azal, 133 ta ruboiy, 50 ta qit’a,
3 ta muxammas, 1 ta musaddas , 1 ta masnaviy, 1 ta tarji’band, 1ta mustazoddan
iboratdir [7.49-bet].
“G‘aroyib us-sig‘ar” dagi she’rlarning asosiy qismini g‘azallar tashkil
qiladi.
Navoiy ushbu devondagi g‘azallarni alif harfining ofatlarining ibtidosi, be
harfi balolarining bidoyati, pe harfi parivashlariniung parvozi, te harfi
torojgarlarining tamoshosi, se harfi samin gavharlarining samarasi, jim harfi
jamilalarining jilvasi, chim harfi chobuklarining chehragushoyligi, he harfi
haromiylari husnoroyligi, xe harfi xoʻblarining xiromi, dol harfi diloromlarining
davroni, zol harfining zaviyu hayotlarining zufununligi, re harfi ra’nolarining
581
rustoxezi, ze harfi zebolarining ziynati, sin harfi siyminbarlarining savdosi, shin
harfi shoʻxlarining shamoyili, sod harfi sanamlarining siyti, zod harfi
zamironboʻylarining ziyosi, te harfi tannozlarining tarovati, ze harfi
zariflarining zuhuri, ayn harfi iyorlarining alomati, g‘ayn harfi g‘izolarining
g‘avg‘osi, fe harfi fitnalarining fusuni, qof harfi qiyomatlarining qironi, kof harfi
kofirlarining kamoli, lom harfi lubatlarining latoyifi, mim harfi mahbublarining
malohati, nun harfi nozaninlarining nozi, vov harfining valohiyatafzolarining
vaqoyiu, he harfi humoyunvashlarining halokangizlig‘lari, lom alif
lolaruxlarining lobasi, yo harfi yag‘moyilarining yuz koʻrinishlari nomlari
ostida birlashtirdi.
Devondagi g‘azallarning baytlar soni ham turlicha, ya’ni, 2 ta 5 baytli, 1
ta 6 baytli, 434 ta 7 baytli, 30 ta 8 baytli, 163 ta 9 baytli, 8 ta 10 baytli, 11 ta 11
baytli,
1 ta 13 baytli g‘azallardan iborat.
G‘azallar ichida 5 ta “Aro” radifli g‘azal
Ey alifdek qomating mayli buzilg‘an jon aro,
Ganji husnung javhari bu xotiri vayron aro [3.39-bet].
Kimki koʻrsamushki nob ul sunbuli serob aro,
Bir qaro tufrog‘degaykim tushti mushki nob aro [3.41-bet].
Zavraq ichra ul quyosh sayr aylamas Jayhun aro,
Axtari sa’de hilol ichra kezar gardun aro [3.42-bet].
Ming zaxm urdi xanjari ishqing bu tan aro,
Bu tanni hajr tashladiyuz ming tikan aro [3.42-bet].
Ikki barmog‘ birla tuttum ta’lin ul ruxsor aro,
Oʻylakim bulbul tutar gul yafrog‘in minqor aro [3.43-bet].
Bundan tashqari, 4 ta “Manga” radifli g‘azal
582
Vahki, ishqing zohir etsam vahm erur oʻlmak manga,
Goh nihon tutsam dag‘ijon xavfidur beshak manga [3.32-bet].
Garchi hajringdin erur yuz g‘am-u ozor manga,
G‘am emas vaslingga ummid agar bor manga [3.33-bet].
Ul malohat ganji hajrida buzug‘ maskan manga,
Oʻyladurkim, jondin ayru yuz yaralig‘ tan manga [3.34-bet].
Shahr biro y furqatidin bayt ul-ahzondur manga,
Bir guli ra’no g‘amidin bog‘ zindondur manga [3.35-bet].
Xuddi shunday, devonda 3 ta “Ango” radifli g‘azal mavjud. Ushbu devon
tahlili davomida bu silsilani uzoq davom ettirish mumkin, albatta. Shoirning
asosiy katta qism g‘azallari yaxlit tuyg‘u ohangiga qurilgan. Shuning uchun
ularda fikriy izchillik bor. Shuni aytib oʻtish kerakki, 7-8 yoshdan 20 yoshgacha
boʻlgan davr, ya’ni umrning navbahori qismida shoir faqatgina shu yoshgacha
boʻlgan she’rlarini emas, balki umrining boshqa fasllariga oid boʻlgan
she’rlardan ham ushbu devoniga kiritadi. Bunday holat “Xazoyin ul-maoniy”
majmuasining boshqa devonlarida ham uchraydi.
“G‘aroyib us-sig‘ar” devonida ruboiylar ham alohida oʻrin tutadi. Ruboiy–
arabcha “toʻrtlik”–ikki baytdan iborat mustaqil she’r hisoblanadi.
Navoiygacha turkiy adabiyotda ruboiyning ilk namunalarini koʻproq
toʻrtliklar koʻrinishida (maxsus ruboiy vaznida emas) yaratilgan boʻlsa, shoir
turkiy tildagi ana shu xalq og‘zaki ijodi va yozma adabiyot hamda fors
ruboiynavislari tajribalariga tayanib, mukammal ruboiylar yaratdi.
Shoir devon debochasining oʻzidayoq 30 ta ruboiydan foydalangan.
Devonga jami 133 ta ruboiy muayyan turkum holida kiritilgan. Tartiblangan
ruboiylar mazmunida ham muayyan izchillik kuzatiladi. Dastlab hamd
583
ruboiylar, keyin munojat ruhidagi, undan keyin na’t mazmunidagi ruboiylar
keladi. “G‘aroyib us-sig‘ar” devonining 266 baytini ruboiy tashkil qiladi.
Noʻsh aylar emish qadahni jonona toʻla,
Soqiy, manga tut jomi harifona toʻla.
Quy, gar xud erur sipehr paymona toʻla,
Har nechaki, xoli etsam, et yona toʻla [3.725-bet].
Devonda qit’aning ham oʻziga xos oʻrni bor. Devonda son jihatidan
ruboiydan keyingi oʻrinni qit’a egallaydi. “Xazoyin ul-maoniy’’ kulliyotining 210
ta qit’asidan 50 tasi shu devonga kiritilgan. Qit’a-arabcha “parcha’, “boʻlak’’,
“qism’’-2 baytdan bir necha baytgacha hajmda boʻlgan, faqat juft misralari
qofiyalanadigan she’r shaklidir. Navoiyga qadar turkiy adabiyotda bu janrga
oid namunalar juda kam uchraydi. Navoiyning qit’alari ushbu janr taraqqiyoti
uchun muhim ahamiyat kasb etdi.
Shaho, el javhari jonin chiqarding, Javohir hirsidin bedod etib fosh.
Chu oʻlgungdur ne osig‘ toʻkmak oni Mazoring uzra andoqkim,ushoq
tosh [3.717-bet].
Alisher Navoiy qit’alarining aksariyati axloq masalalari bilan bog‘langan.
Shoir qit’alarida didaktik g‘oyalar ochiq-oydin emas, balki chuqur badiiy
ehtiros bilan, haqqoniy obrazlar orqali ifoda etiladi. Bunday pand-nasihat
ruhidagi baytlarni “G‘aroyib us-sig‘ar” devonidagi 10-qit’ada kuzatishimiz
mumkin:
Kamol et kasbkim olam uyidin,
Sanga farz oʻlmag‘ay g‘amnok chiqmoq.
Jahondin notamon oʻtmoq biaynih,
Erur hammomdin nopok chiqmoq [3.710-bet].
Shoirning devonidan oʻrin olgan “Ul bobdakim, husn qushi ashk donasi
bila sayd boʻlmasu jon rishtasi bila giriftori qayd” nomli 37-qit’asidagi lirik
qahramon esa bir malomatiy qiyofasida koʻzga tashlanadi va fosiqlikning
ildizini “oʻzini yaxshi koʻrgazmoq” da deb biladi:
Oʻzni buki yaxshi koʻrguzurmen,
584
Billahki, menga kaliso hayf.
Lekin gar inju sochsa kishi dona oʻrnig‘a,
Tovusni qachon qilur oʻrgamchi domi sayd [3.718-bet].
Alisher Navoiy boshqa janrlar bilan bir qatorda qit’a yozishga ham
alohida e’tibor berib, ularda oʻzining shoirlik mahoratini namoyish etgan. Bu
qit’alarning koʻpi tarixiy voqea-hodisa va shaxslarga, shoir hasbi holi va ijodi
bilan bog‘liqligi jihatidan ham tarixiy hamda badiiy qimmatga egadirlar.
“G‘aroyib us-sig‘ar”dagi she’rlar Alisher Navoiyning janrlardan
foydalanish imkoniyatining baland boʻlganligini namoyish qiladi. Jumladan,
shoir lirik asarlarda juda kam qoʻllaniladigan masnaviy shakliga ham murojaat
qiladi. Masnaviy-arabcha “ikkilik” ma’nosini bildirib, har bandi ikki misradan
tarkib topuvchi she’r tizimidir. Devondagi masnaviy “Xazoyin ul-maoniy”da
yagona sanalgan. 148 baytdan iborat Hasan Ardasherga bitilgan maktubdir.
Ushbu masnaviy an’anaviy kirish boblari-hamd, na’t, maktub qaratilgan shaxs
vasfi hamda hasbi hol vositasida shoirning ijtimoiy hayot voqealari tasviriga
izchil va tadrijiy ravishda oʻtishi bilan davom etadi.
Devonga “Xazoyin ul-maoniy” kulliyotining toʻrtta tarjibandidan biri
kiritilgan. Tarjiband janrning turkiy tildagi dastlabki mukammal namunasi
Alisher Navoiy nomi bilan bog‘liq. Har bandi 10 baytdan tashkil topgan:
Xarobat aro kirdim oshufta hol,
May istarga ilgimda sing’an safol.
bayti bilan yakunlanuvchi, falsafiy mazmundagi oʻn bandlik she’rda shoir olam
va odam, tiriklikning mazmun-mohiyati bilan aloqador fikr-mulohazalarini
tarjiband talablari doirasida ifodalagan.
“G‘aroyib us-sig‘ar”ga 3 ta muxammas kiritilgan. Ana shu 3
muxammasning “Halqai zulfungda koʻnglum boʻlg‘ali g‘am mahrami…” deb
boshlanuvchisi Lutfiyga taxmis hisoblanadi. Ma’lumki, g‘azalga muxammas
bog‘lash Sharq mumtoz adabiyotida keng odat tusiga kirgan. Chunonchi,
Navoiy ham oʻzining mashur “Oqibat” radifli g‘azaliga “G‘aroyib us-sig‘ar”
585
devonida “Ohkim, tarki muhabbat qildi jonon oqibat…” deb boshlangan
muxammasini bog‘lagan:
Ohkim, tarki muhabbat qildi jonon oqibat,
Boʻldum ushbu g‘ussadin rasvoi davron oqibat,
Qolmadi maxfiy g‘amim el ichra pinhon oqibat,
Yoshurun dardimni zohir qildi afg‘on oqibat,
Asrag‘an sirrimni yoydi seli mujgon oqibat.
Mazkur muxammas toʻqqiz baytdan iborat boʻlib, radifdagi “oqibat” soʻzi
muxammasning faqat shakliy jihatdan yaxlitligini ta’minlab qolmaydi. Chunki
ana shu “oqibat” turli savollar va ularga javoblarni ham yuzaga keltiradi.
“G‘aroyib us-sig‘ar” devoniga kiritilgan janrlardan yana biri
musaddasdir. Navoiyning quyidagi musaddasida olti misra oʻzaro qofiyalanib,
keyingi bandlarning oxirgi bir misrasi ham ularga ohangdosh boʻlib kelgan:
Subhidam maxmurluqtin tortibon dared sare,
Azmi dayr ettimki, ichgayman sabuhiy sog‘are,
Chiqti soʻgar toʻldurub kofirvashe mahpaykare,
Naqdi din olib ichimga maydin ozare,
Vahki bdinim kishvarin tarosh qildi kofare,
Kufr eliga homi-yu din ahlig‘a yag‘mogare.
Qolaversa, ,,Xazoyin ul-maoniy’’dagi toʻrtta mustazodning biri “G‘aroyib
us-sig‘ar”dan oʻrin olgan. Devondagi Olloh hamdiga bag‘ishlangan mashhur
orifona mustazod shunday boshlanadi:
Ey husnunga zarroti jahon ichar tajallo, mazhar sanga ashyo,
Sen lutf bila kavn-u makon ichra muvalli, olam sanga mavlo [3.57-bet].
Dastlabki misralardan sezilib turibdiki, bu mustazodda Navoiyning
irfoniy fikrlari ifodalangan. Xalq she’riyati zamirida yuzaga kelgan bu janr
haqida Navoiy “Mezon ul-avzon”asarida turkiy xalqlar she’riyatiga xos she’riy
shakllardan ekanligini va maxsus vaznda bitilishi hamda oʻziga xos tuzilishga
ega ekanligi ta’kidlangan. Bu devonga ,,Xazoyin ul-maoniy’’dagi toʻrtta
tarji’bandning biri kiritilgan.
586
“Ketur soqiy, ul mayki subhi alast”
misrasi bilan boshlanuvchi ushbu tarji’band tasavvufiy-falsafiy mavzuda. Unda
oʻzligini va shu orqali Ollohni izlayotgan, dunyo tartibotini, undagi sir-u
sinoatlarni anglashga intilayotgan solikning ruhiyati aks ettirilgan.
Xarobat aro kirdim oshuftahol,
May istarga ilgimda sing‘an safol.
Shunday qilib, “G‘aroyib us-sig‘ar” devoni nafaqat Alisher Navoiyning
devon tartiblashdagi mahoratini koʻrsatadigan manba, balki turkiy she’riyatda
devon tuzishning goʻzal namunasi ekanligi bilan ham ahamiyatlidir. Ayni
shunday jihatlari tufayli Navoiyning lirik merosini tubida mislsiz javohirlar,
dur-u marvaridlar yashiringan ummonga qiyoslashimiz mumkin. Zero, Navoiy
asarlari faxrimiz, g‘ururimiz, tinimsiz oʻrganishimiz kerak boʻlgan ma’naviyat
xazinasidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |