Key words: “Sadoi Fargona”, genres, Jadid literature, literary materials, manzuma, fel'eton.
“G‘azetaning nashridan maqsadimiz, albatta, tijorat emas, balki xalqimizg‘a
qoʻlimizdan kelgan qadar xizmat etmakdir... Dardimiz bir, kasalimiz ham bir. Davo
Til va adabiyot:
ilmiy va amaliy izlanishlar yoʻlidagi ilk odimlar
2020-yil 30-aprel
474
va darmonimiz ham birdir. Bas, ondog‘ boʻlsa, ey himmatlik birodarlar! Chiqinglar
maydong‘a, yozayluk, oʻquyluk. Chunki dardlarimizning davoi shifosi yolg‘iz
oʻqumoq va yozmoqdur. Takror deymanki, birodarlar! Yozayluk! Oʻquyluk!” – bu
soʻzlarni “Sadoi Farg‘ona” gazetasining ta’sischisi Obidjon Mahmudov gazetaning
ilk sonida vatandoshlariga qarata aytgan edi.[1. 1-bet]
Milliy adabiy merosni ilk manbalar asosida har tomonlama chuqur
oʻrganish, undan jamiyat ma’naviyatini yuksaltirish yoʻlida foydalanish bugun
matnshunoslik uchun har qachongidan ham dolzarb vazifalardan biriga aylandi.
Matnlarni tanqidiy oʻrganish, ularni tiklash, izohlash va sharhlash, tabdil va tahrir
qilish – matnshunoslikning muhim masalalaridandir.
“Sadoi Farg‘ona” – oʻzbek madaniyati tarixida yorqin iz qoldirgan
gazetalardan biridir. Gazeta idorasi iste’dodli va yosh qalamkashlar ijodiga
hamisha katta e’tibor bilan qaragan, balki shu narsa tufaylidir gazeta barcha
yoshdagi adiblarning sevimli minbari sifatida shuhrat qozongan. Nafaqat
Farg‘ona, balki umuman Turkiston xalqi ham aynan shu nashr orqali turkistonlik
taniqli adiblarning ijod namunalari bilan tanishib borgan. Ularning ilmu
ma’rifatga chorlovchi she’r, hikoya, maqola va fel’etonlari gazetaning xalq orasida
katta shuhrat qozonishiga sabab boʻlgan.
“Sadoi Farg‘ona” gazetasida “Matbuot”, ”Yangi asarlar” rukni ostida
Istambul, Qozon, Astraxan va boshqa joylarda chop etilgan davriy matbuotga va
turli asar va darsliklarga taqrizlar berilgan hamda gazeta mushtariylariga
tanishtirib borilgan. Gazeta sahifalarida adabiyotshunoslikning turli janrlariga
mansub ijod namunalari muntazam yoritib borilgan.
“Sadoi Farg‘ona” gazetasining 1914-yil 10-aprel(26 jumodil avval
1332)dagi 2-sonida idoradan “Ochiq maktub” (Ulamoi karam hazratlarina) e’lon
qilingan va maqola soʻngida ushbu misralar keltirilgan. Bu abyot orqali ularning
maqsad va maslaklari bayon qilingan:
Jahong‘a muntashar oʻlsun hoyi Farg‘ona,
Zamon qulog‘i eshitsun nidoi Farg‘ona…
Shikasta xotir-u majruh oʻlan koʻngullarg‘a,
475
Eshitgan ahli desunlar davoi Farg‘ona...
Bilig‘ sa‘y ila ilmu hunar taraddud etib,
Qilurda ma‘rifat hosil rizoi Farg‘ona…
Jahon quloqig‘a zavq ila yetsun ovoza,
Xoʻqand gazetasi nomi “Sadoi Farg‘ona”.[2. 3-bet]
“Sadoi Farg‘ona” Farg‘ona oʻlkasidagi ilk milliy nashr boʻlganligi bois
ijodkorlarimiz, millatdoshlarimiz dilida cheksiz quvonch joʻsh urdi. Shu bois
gazeta idorasiga koʻp sonli tabriklar, minnatdorchilik maktublari kela boshladi.
Shoirlarimiz esa istak va tilaklarini she‘rlarida aks ettirgan. Gazetaning dastlabki
sonlarida Ibrat va boshqa ijodkorlarning tabrik mazmunidagi she’rlarini
uchratamiz. Jumladan, Hamza “Umid”, Is’hoqxon Toʻra Ibrat “Tabrik
Namangondin”, Tavallo Toshkandiy “Abyot”, Said Ahmad Vasliy esa “Shukrona va
tabrik” nomdagi she’rlari bilan ushbu nashrning 1-sonini samimiy qutlab, uning
Farg‘ona ahlini ma’rifat chashmalaridan bahramand etishiga katta umid
bildirgan. Choʻlpon gazetaning ilk soni chiqqan kunni “milliy bayram” deya
izohlaydi.
Tavallo “Sadoi Farg‘ona” va “Sadoi Turkiston” kabi gazetalarning
maydonga kelishini koʻpdan orziqib kutganligini bayon etadi:
Orifi budur, jami yorona,
Xoh oshno va xoh begona.
Yurur erdim yoʻliga koʻzni tikib,
Chiqdi ikki “Sado” bu maydona.
Shoir she’rning davomida shunday yozadi:
Oʻltururdim xayol koʻchasida,
Poʻchtadin berdilar ikki dona.
Biri nomi “Sadoi Turkiston”,
Biri budur: “Sadoi Farg‘ona”
Tavallo bu ikki gazetani goʻyoki oyu quyoshga qiyos qilib, “shakar guftor”,
“hazor doston”ga oʻxshatadi:
Bu ikini birisi chun xurshid,
476
Biri oʻxshab chu mohi tabona.
Yo biri toʻtiyu shakar guftor,
Biri oʻxshar hazor dostona.
Shoir g‘aflatda yurgan kishilarga qarata, bu ikki gazetalarni oʻqib, g‘aflat
botqog‘ini tark etishlariga umid qiladi. Gazetaning ilk soni haftaning juma kuni
chiqqaniga ham e’tibor qaratib, Turonga “obi rahmat” yog‘ilganligini bayon etadi:
G‘aflat jahl ketsalar shoyad,
Solsalar koʻzni ahli Farg‘ona.
Qildi serob juma kun hammani:
“Obi rahmat yog‘ib bu Turona”.
Tavalloning quyidagi satrlarini oʻqib, butun Turon ahli bu ikki gazetaga
katta qiziqish bilan qaraganligini koʻramiz. Kishilarning toʻplanishib, gazetani
qoʻlma-qoʻl qilib oʻqishganini tasvirlab ularni parvonaga qiyos qiladi:
Deb oʻqub shod oʻlub hamma ahboba,
Yugurib rastalarda har yona.
Toʻflashib oʻrtag‘a g‘azetni qoʻyub,
Aylanurdi misoli parvona.
Men bularni koʻrub sevingandin,
Hamd aytdim janob Subhon(g‘)a.
Tavallo bu gazetga darhol obuna boʻlganligini, gazeta tahririyatiga
salomnoma ham yozganligini ta’kidlab, she’rning davomida shunday satrlarni
bitadi:
Xatni yozdim blanka orqasiga,
Ham salom koʻndurub muhibona.
Adresim: Toʻlagan Xoʻjamyorov,
Koʻp Tavallo qilib bu e’lona.[5. 1-bet]
“Sadoi Farg‘ona”ning nashr etilishi faqatgina vodiy ahlini emas, butun
turkistonliklarning quvonchiga sabab boʻldi. Shulardan biri – Said Ahmad Vasliy
forsiy tilda bitilgan“Shukrona va tabrik” degan she’ri orqali yangi gazetani
muborakbod qildi:
477
Ey Xudo, deh baqoi Farg‘ona,
Ravnaqi kun atoyi Farg‘ona.
Baske, Farg‘ona ma’dane ilmast,
Dile man mubtaloi Farg‘ona.[3. 2-bet]
Tarjimasi:
Ey Xudo, boqiylik ber Farg‘onaga,
Har kuniga kamolot ber Farg‘onaga.
Farg‘onadir ilm-fan ma’dani,
Mening dilim mubtalo Farg‘onaga.
“Sadoi Farg‘ona” gazetasining nashr etila boshlashiga bag‘ishlangan bu
she’rlarning har birida gazetaning ilm va ma’rifat ravnaqi, halqning ma’naviy
kamoloti yoʻlida samarali ishlar qilajagiga ishonch tuyg‘usi balqib turadi.
Yuqorida keltirilgan she’rning tili, oʻsha davr nuqtai nazaridan qaraganimizda,
g‘oyat sodda, ravon va tushunarli. Shuning uchun ham bu she’rlarni oʻsha yillarda
kitobxonlar katta qiziqish, ishtiyoq va tashnalik bilan oʻqishgan.
“Sadoi Farg‘ona” sahifalarida yoshlarni ilmu-ma‘rifatga chorlovchi
adabiyot materiallari ham talaygina. Masalan shoir Tavallo “Yoshlardan bir iltijo”
she‘rida shunday yozadi:
Yoshlar bu kun bilingiz, himmat, g‘ayrat qilingiz,
Maktab sori yuringiz, oʻtmasun oy yilingiz.
Koʻchada yurib bekor-ki, bedona, kaklik boqarki,
Chiqishib samovarga, oʻtmasun oy yilingiz
Yuqoridagi satrlardan koʻrinib turibdi-ki, ijodkorning ifoda uslibi sodda,
xalqona tilda yozilgan. Gazeta auditoriyasi asosan, oddiy ishchilardan iborat xalq
ekanligi inobatga olinib, ijodkorlar ana shunday sodda uslublardan foydalanib,
xalqona tilda yozgan boʻlsa ajabmas. She’rda yoshlarga murojaat, da’vat ruhi aks
etgan, ya’ni yoshlardan bu kun vaqtni samovarlarda yurib, bekorchi yumushlar
bilan zoye ketkazmasliklarini soʻraydi. Yoshlarni maktab sari chorlab, ilm olishga
undaydi.
478
Tavallo yoshlarga nasihat qila turib, Yevropadagi holat bilan taqosslab
shunday yozadi:
Sizlarni Yovrupoda yurgazmayur piyoda,
Koʻkrak ochiq yoqada, oʻtmasun oy yilingiz...
Tavallo xalqqa, ayniqsa yoshlarga kelajakka intilib yashash, bu uchun koʻp
harakat qilish lozimligini uqtiradi. Umrni arzimagan yumushlar bilan bekor
oʻtkazib yubormaslikka ishora qilib:
Qorovulchilik hunarmi, hech narsa yil unarmi,
Qulog‘inga soʻz kirarmi, oʻtmasun oy yilingiz..., deya nasihat qiladi.
Koʻzlarni endi yoshlang, pivo, aroqni tashlang,
Yoshlarni yoʻlga boshlang, oʻtmasun oy yilingiz.
Olamda sizmu tanho, koʻz bormu yoki a’mo,
Budur sizga “Tavallo”, oʻtmasun oy yilingiz.[6. 3-bet]
Yuqoridagi satrlardan ijodkorning mudroq qalblar uyg‘oning, yomon
illatlarni tark etib, boshqalarga ham oʻrnak boʻling, sizlarni boshqalardan ortiq
yeringiz yoʻq, deya nola chekayotganligini anglash qiyin emas.
Sayyoh Darvesh imzosi bilan berilgan “Maqolai manzuma”da ham ilm-
ma‘rifatni targ‘ib etish, usuli jadid maktablarini ochish haqida soʻz boradi. Xalqni
taraqqiyotga chorlab, kamchiligu nuqsonlarni ayovsiz fosh etadi:
Qachon biz uyg‘onurmiz vo darig‘o xobi g‘aflatdin,
Qachon bosh qutarurmiz bu jaholat, bu muzlatdin.
Makotabu madorisda ilmning vor faqat ismi,
Asarda qolmag‘on bunlarda fandin, ilmu hikmatdin.
Oʻqur tolib madorisda yigirma yoki oʻttuz yil,
Chiqarmas bir natija yo vujud bir buncha mehnatdin.[4. 1-bet]
Yuqoridagi satrlarda muallif eskicha usul (hijo usuli) maktablarining
samara bermasligidan, aksincha, ilmu toliblarning yigirma-oʻttiz yillab umri
befoyda ketayotganidan afsuslanadi. Muallifning ham boshqa jadidlar qatori
yangi maktab tarafdori ekanligini koʻrishimiz mumkin.
479
Gazetaning jami 123 ta soni chiqqan (1914 yil 3 aprel-1915 yil 6 iyun).
Ushbu gazeta 4 sahifadan iborat boʻlib, yuqorida ta’kidlaganimizdek Obidjon
Mahmudovning Qoʻqon shahridagi bosmaxonasida Ashurali Zohiriy
muharrirligida haftada 3 marotaba chop etilgan. Gazetada asosan quyidagi
ruknlarni koʻramiz: “Idora xabarlari”, “Idoraga maktub”, “Idoradan javoblar”,
“E’lonlar”, “Xoʻqand xabarlari”, “Telegraf xabarlari”, “Turkiston va Farg‘ona
xabarlari”, “Doxili xabarlar”, “Abyot”, “Xoriji xabarlar”...
Xullas, Ibrat, Hamza, Tavallo va Vasliy kabi shoirlar “Sadoi Farg‘ona”ning
vodiy aholisi ijtimoiy ongi va madaniy saviyasining oshishi, ilm-ma’rifatga
munosabatining keskin oʻzgarishida katta ahamiyatga ega ekanligini sezdilar va
oʻz asarlari bilan shu jarayonda faol ishtirok etdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |